background
logotype
image1 image2 image3

Xolid va uning ikki do’stining islomga kirishlari

Bu g'alabadan keyin musulmonlarga qarshi yurishlarga boshchilik qilgan uch nafar taniqli kishi Xolid ibn Valid Maxzumiy, Amr ibn Os Sahmiy, Usmon ibn Abi Tolha Abdariylar musulmon bo'ldilar. Payg'ambar alayhis-salom ularning Islom dinini qabul qilganidan benihoya quvondilar. "Seni hidoyat qilgan Ollohga shukr, - dedilar u kishi Xolidga. - Sening aqlli odamligingni bilardim, fahmu farosating seni hidoyatga yetaklashidan umidvor edim". Sarvari olamning samimiy muomalasidan mutaassir bo'lgan Xolid: "Ey rasululloh, senga qarshi ko'pgina janglarda qatnashdim, duo qilgin, zora Olloh Taolo gunohlarimni kechirsa", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Islom dinida musulmon bo'lishdan avvalgi gunohlar surishtirilmaydi", deya uni xursand qildilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning sha'bon oyida San'o bilan Makka oralig'idagi Turoba degan joyda yashovchi Havozin arablari musulmonlarga qarshi harakat qilishayotgani ma'lum bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom ularga qarshi Umar ibn Xattob boshchiligida o'ttiz nafar sahobani jo'natdilar. Bu xabarni eshitgan Havozin arablari qochib ketishdi. Musulmonlar bu yurtda biron kimsani uchratolmay qaytib kelishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning sha'bon oyida payg'ambar alayhis-salom Fadak tomondagi bani Murra arablariga qarshi Bashir ibn Sa'd Ansoriy boshchiligida qo'shin yubordilar. Bu qo'shin ham biron kimsani uchratmagach, dushmanning chorva mollarini haydab yo'lga tushdi. Jarlikda yashirinib yotgan bani Murra arablari bundan xabar topib yarim kechasi musulmonlarga hujum qildi, ikki o'rtada shiddatli jang boshlandi. Musulmonlar juda ko'p talafot ko'rishdi, qo'shinning boshlig'i Bashir qattiq yaralanib yotgani uchun o'ldi, degan o'yda unga tegishmadi. Tong otgach, Bashir qolgan-qutgan odamlarini yig'ib, rasulullohning huzurlariga qaytib keldi.

Shu yilning Ramazon oyida payg'ambar alayhis-salom Mayfag'a xalqiga qarshi G'olib ibn Abdulloh Daysiy boshchiligida bir yuz o'ttiz kishilik qo'shin jo'natdilar. Musulmonlar Mayfag'alar bilan to'qnashib, bir qismini o'ldirishdi, bir qismini asir olishdi. Jang paytida Usoma ibn Zayd bir mushrikning orqasidan quvladi. Garchand u kalimai shahodatni aytgan bo'lsa-da, Usoma baribir, chopib tashladi. Usoma mushrik o'limdan qo'rqqanidan kalima keltirdi, deb o'yladi. Madinaga qaytib borganlaridan keyin bu gapdan xabar topgan rasululloh Usomadan: "La ilaha illalloh desa ham o'ldirdingmi? Endi La ilaha illalloh degan kalima uchun qanday hisob berasan?" deb so'radilar. "U jonini saqlab qolish uchungina imon keltirdi", deya o'zini saqlashga urindi Usoma. "Sen uning yuragini yorib, gapining chin, yolg'onligini bilganmiding?" dedilar rasululloh. Bu haqli savoliga qanday savob berishni bilmay qolgan Usoma: "Ey rasululloh, men uchun istig'for aytgin", deya o'tindi.

Payg'ambar alayhis-salom esa hadeb: "U La ilaha illalloh degan bo'lsa, o'ldirishga qanday qo'ling bordi-a?" deb takrorlar edilar. Usoma o'z qilmishidan pushaymon bo'lib, ko'p afsus-nadomat chekdi. Hatto: "Qani edi shu kungacha musulmon bo'lmaganimda," dedi. Olloh Taolo Niso surasining 94-oyatida bu xususda shunday deydi: "Dunyo molini ko'zlab sizlarga musulmon bo'lganini bildirgan odamni sen mo'min emassan, demanglar. Ollohning dargohida juda ko'p g'animatlar bor". Usoma yanglishib bir musulmonni o'ldirib qo'ygani uchun payg'ambar alayhis-salom unga bir qulni ozod qilishni buyurdilar. Chunki u bilmay o'ldirgan edi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning shavool oyida payg'ambar alayhis-salomga Uyayna ibn Hisnning G'atafon qabilasidan bo'lmish Xaybar yaqinidagi Yumun, Jibor degan joylardagi jamoani yig'ib, Madinaga hujum qilishga tayyorgarlik ko'rayotgani haqidagi xabar yetib keldi. Ularga qarshi Bashir ibn Sa'd boshchiligida uch yuz kishilik qo'shin yuborildi. Musulmonlar kunduzi yashirinib, kechasi yo'l bosishdi. Ular dushmanning yurtiga yetib kelgach, dushmanning son-sanoqsiz chorva moldarini o'lja olishdi. Qochib ketgan podachilardan bu xabarni eshitgan arablar tog'larning baland cho'qqilariga chiqib olishdi. Musulmonlar ikki kishini asir olib orqaga qaytishdi. Keyinchalik bu ikki odam imon keltirib, musulmon bo'ldi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.