background
logotype
image1 image2 image3

Budayl ibn Varqo

Budayl ibn Varqo Xuzoiy. Nabiy alayhissalom uni va o‘g‘li Nofe’ ibn Budaylni Islomga chaqirib, noma yubordilar. Nofe’ otasidan oldin Islom bilan sharaflandi.

Budaylning o‘g‘li Nofe’ keyinchalik Bi’ru Mouna jangida musulmonlar safida ishtirok etib, shahid bo‘ldi. Abdulloh ismli o‘g‘li esa Siffin jangida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bilan ishtirok etgan (“Tabaqotul Kabir”).

Arab qabilalari o‘rtasida arzimas sabablar bilan urush alanga olardi. Banu Bakr va Xuzoa urug‘lari orasidagi urush bunday boshlandi: «Xazramiylardan Molik ibn Abbod johiliyatda Asvad ibn Razn Bakriy bilan ittifoqdosh edi. Asvad ibn Razn bir gal tijorat uchun safarga chiqdi. Xuzoa qabilasidan o‘tayotganda o‘sha yerliklar uni o‘ldirib, molini talon-toroj qilishdi. Bu ishdan xabar topgan Bani Bakr qavmi xuzoalik kishiga tajovuz qilib, uni o‘ldirishdi. Keyin Bani Xuzoa ahli Bani Asvad ibn Razn bolalari bilan adovatlashdi va ularni Arafotda yer tishlatishdi. O‘ldirilganlarning bari Bani Bakrning sharafli kishilari edi.

Bani Bakr bilan Xuzoa o‘rta­sidagi o‘zaro jang Alloh taolo Muhammad alayhissalomni komil shariat bilan yuborgunicha davom etdi. Risolat kelganida Bani Bakr qabilasi Quraysh tomon, Xuzoa esa, garchi ota-bobolarining dinida bo‘lishsa-da, dushmanlariga qasdma-qasd, Nabiy alayhissalom tomon bo‘lishdi.

* * *

Hudaybiya sulhida Budayl ibn Varqo Payg‘ambarimiz alay­hissalom huzurlariga kelib: “Ey Muhammad, men Ka’b ibn Luay va Omir ibn Luayni tashlab keldim. Ular sizni Baytul Haromga kirgizmay, yo‘lingizni to‘sishmoqchi”, deb aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Biron kishini o‘l­dirish uchun kelmadik. Biz eh­romdamiz. Quraysh istasa, mud­datni cho‘zib beramiz (ya’ni, ular bilan o‘rtamizda bir muddat urush bo‘lmasligiga kelishib oldik). Quraysh ham men bilan odamlar orasiga daxl qilmay­di. Mabodo, bo‘ysunishmasa, jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, o‘lgunimga qadar ular bilan mana shu ish ustida ku­rashaman”, dedilar.

Shundan keyin Budayl Qu­raysh sayyidlarining oldiga bordi. Nabiy alayhissalom ayt­gan gaplarni yetkazdi.

Bu orada Bani Bakr Hudaybiya sulhini buzishni o‘ylab qoldi. Bani Asvadni o‘ldirgani uchun Xuzoadan o‘ch olishni diliga tugdi. O‘sha kunlarda Bani Bakrdan bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni masxaralab hajviy she’r aytdi. Xuzoalik odam she’r aytganning yoniga kelib, boshini yordi. Ikki qa­bila o‘rtasida yana adovat bosh­landi. Quraysh Bani Bakr bilan birlashib, xuzoaliklardan ko‘p insonlarni o‘ldirishdi.

Bani Bakr va Quraysh Huday­biya sulhini buzishganidan ke­yin Budayl ibn Varqo bir necha xuzoalik bilan Madina­ga – Nabiy alayhissalom huzurlariga keldi. U zot kelgan­larni ochiq yuz bilan qar­shi oldilar. Xuzoaliklar u zot alayhissalom bilan maslahat­lashib, so‘ng Makkaga qaytib ketishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘shin bilan Makka tomon yurdilar. Marruzahronda Bu­dayl va o‘g‘li Abdullohni uchratdilar. Abbos roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomga: “Ko‘rib turganingiz Budayl ibn Varqo”, dedi. Nabiy alay­hissalom uning sochlarini ko‘rib: “Yoshing nechada?” deb so‘radilar. Budayl: “To‘qson yet­tida”, deb javob qildi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Alloh jamolingni va qora sochlaringni ziyoda qilsin”, deb duo qildilar (“Al-Isoba fiy tamyizis sahoba”).

* * *

Abu Umar aytadi: “Budayl ibn Varqo o‘g‘li Abdulloh bilan Makka fathi, Hunayn g‘azo­tida ishtirok etdi. Nabiy alay­hissalom Budaylga Toifdan kelgunlariga qadar Hunaynda asir olingan bolalar, o‘lja tushgan mol va chorvalarni Ji’ronada qo‘riqlab turish­ni buyurdilar. U zot Toif qamalidan qaytganlarida Budayl top­shiriqlarini bajarib tur­ganiga guvoh bo‘ldilar. Keyin o‘ljalarni taqsimlab berdilar.

Budayl va o‘g‘li Abdulloh Nabiy alayhis­salom bilan Tabuk g‘azotiga borishdi. So‘ng u zot alayhissalom bilan Vidolashuv ha­jida ham birga bo‘lishdi. Budayl ibn Var­qo Avroq ismli tuyaga minib Minodagi hojilar yoniga keldi va ular atrofida aylanarkan: “Nabiy alayhissalom sizni mana shu kunlar, ya’ni tashriq kunlarida ro‘za tutishdan qay­tarmoqdalar. Chunki bu yeb-ichish va bayram kunlaridir”, der edi.

* * *

Budayl ibn Varqoning ajali yaqinlash­gach, o‘g‘li Abdullohga noma topshir­di va: “Ey o‘g‘lim, bu Payg‘ambarimiz alayhissa­lomning maktublari, buni avaylab-asrang. Shu xat sizda ekan, yaxshilikda bo‘­lasiz”, dedi.

Maktubda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning xati bilan bunday yozilgan edi:

“Bismillahir rohmanir rohim. Rasululloh sollal­lohu alayhi va sallamdan Budayl ibn Varqo va Bani Amr ulug‘lariga. Men O‘zi­dan boshqa iloh bo‘lmagan Alloh­ga hamd aytaman. Ammo ba’d: “Sizlarni xavotirga qo‘ymadim va yordamsiz ham qoldirmadim. Tihoma ahlining men uchun eng hurmatlisi sizlarsiz. Qa­rindoshlik jihatidan ham menga eng yaqini sizlar, yaxshilar bilan sizga ergashganlardir. Sizlardan hijrat qilganlardan o‘zim uchun (ansor­lardan olgan ahdimdek) ahd ol­gan­man. Modomiki, qodir ekan­man, sizlarni yordamsiz qoldirmay­man va siz bilan kelishuvni buz­mayman”. 

Budayl ibn Varqo roziyallohu anhu Nabiy alayhissalom zamonlarida olam­dan o‘tdi.

Mehmonali Jabborov tayyorladi | «Hidoyat» jurnalidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.