Abon ibn Said
Otasi: Said ibn Os, ya’ni Abu Uhayha Fijor jangida vafot etgan. Onasi: Hind binti Mug‘iyra. Boshqa manbalarda Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning ammasi Sofiya binti Mug‘iyra deyilgan. Umr yo‘ldoshi: Fotima binti Safvon Kinoniya.
Risolat kelganida Abu Uhayhaning sakkiz o‘g‘il farzandidan besh nafari musulmonlikni qabul qildi. Ular: Xolid, Amr, Said, Abon va Hakam. Bulardan faqat Hakamning ismini Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abdulloh deb o‘zgartirdilar. Abdulloh ibn Amrning rivoyatiga ko‘ra, Xolid va Amr ibn Saidlar Habashistonga hijrat qilishgan.
* * *
Badr kuni Abu Uhayhaning o‘g‘illari Os ibn Said Ali roziyallohu anhuning, Ubayd ibn Said Zubayr roziyallohu anhuning qo‘lida mushrik holda jon berdi. Abon esa qutulib qoldi.
Xolid va Amr roziyallohu anhumo akalari Abonga: “Otang va akalaring vafot etgani kabi sening ham joning omonatligini eslatyapmiz”, mazmunidagi maktubni yozishdi. Abon xatni o‘qib, darg‘azab bo‘ldi: “Aslo ota-bobomning dinidan voz kechmayman!” deb, Makkada, o‘zining eski dinida qoldi.
Hudaybiya kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni Makkaga elchi qilib yubordilar. Abon ibn Said Usmonga: “Biznikiga kel. Hech kimdan qo‘rqma. Banu Said Haramning eng obro‘li urug‘idir”, deb Nabiy alayhissalomning maktublarini yetkazguniga qadar himoyasiga oldi. Bu orada Hudaybiya sulhi tuzildi.
Ushbu voqealardan so‘ng Xolid va Amr ibn Saidlar Habash o‘lkasidan qaytishdi. Bu vaqtda akalari Abonga yana bir bor maktub yuborishdi. Xatda Islom diniga chaqiriq bor edi. Bu gal ularning chorlovlari javobsiz qolmadi. Nihoyat, hijratning yettinchi yili Abon Madinada musulmon holida ular bilan uchrashdi. So‘ng hammalari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlariga Xaybarga kelishdi.
Abon Islom dini va musulmonlarga qarshi qattiq adovatda edi. Lekin Alloh taoloning inoyati ila unga ham imon nasib etdi. Bunga quyidagi voqea sabab bo‘ldi: «Abon Shomga tijorat maqsadida safar qildi. Yo‘lda rohib bilan uchrashdi. Undan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida surishtira boshladi: “Men qurayshlikman. Qabilamizdan bir kishi o‘zini payg‘ambar deb da’vo qilyapti. Unga ham xuddi Iso va Muso alayhimassalomga tushgan narsa nozil bo‘layotgan emish”, dedi. Rohib: “Uning ismi nima?” deb so‘radi. Abon: “Muhammad”, deb javob qaytardi. Rohib: “Men senga u haqda so‘zlab beraman”, dedi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kitoblarda yozilgan sifatlari, yoshlari va nasablarini aytib berdi. Abon: “Xuddi o‘sha”, dedi. Rohib: “Allohga qasamki, u arablar ustidan g‘alaba qozonadi. Uning dini butun yer yuzi bo‘ylab tarqaladi”, dedi va u zotga salom aytishini tayinladi».
Abon Makkaga qaytib, qavmini to‘pladi. Keyin ularga rohibning so‘zlarini yetkazdi. O‘zi Islomga kirib, Madinaga hijrat qildi. Ushbu voqea Hudaybiyadan biroz oldin ro‘y bergandi.
Abon Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlariga kelganda, unga: “Ey Abon, Makka ahlini qanday tark etding?” dedilar. U: “Ularni yomg‘irda, izxir daraxtlari mo‘l hosil berganida, ho‘l xurmo quruq xurmoga aylanganida”, deb javob berdi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘zlari yoshlandi. So‘ng: “Men sizlarning eng ko‘p yaxshilik qiluvchingizman. Mendan keyin Abon shunday”, dedilar.
Hijratning to‘qqizinchi yili odamlar hajdan qaytganlarida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Abonni Bahraynga zakot to‘plovchi etib yubordilar. Abon Payg‘ambarimizdan Abdulqays urug‘i bilan ittifoq tuzishga izn so‘radi. U zot alayhissalom ruxsat berdilar. Keyin Abon: “Ey Allohning Rasuli, menga ularning tijorat mollari, sadaqa va jizyalarini olishda bir miqdor belgilab bering”, dedi. Nabiy alayhissalom musulmonlarning tijorat mollaridan o‘ndan to‘rt, lekin yahudiy, nasroniy yoki majusiylarning har bir erkak va ayolidan bir dinordan olishga buyurdilar. Nabiy alayhissalom Abonga bir maktub berdilar. U maktubda majusiylar Islom diniga taklif qilingan, dindan yuz o‘girgudek bo‘lishsa, ularga jizya taklif etilishini, musulmonlarga esa ularning ayollariga uylanmaslik hamda so‘ygan hayvon go‘shtlaridan yemaslikni aytdilar. So‘ng agar Islomni qabul qilgudek bo‘lishsa, ularga tuya, sigir, qoramol va qo‘ylardan olinadigan zakotning farz va sunnatini belgilab, tagiga muhr ham bosib berdilar.
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan so‘ng ko‘p arablar dindan qayta boshladi. Hijr ahli ham Islomdan chiqdi. Abon Abdulqays urug‘iga: “Meni yurtimga olib boring”, dedi. Ular: “Biz bilan qoling. Birgalashib Allohning yo‘lida jihod qilaylik. Parvardigor O‘zi dinini aziz etadi. Abdulqays urug‘i Islomdan qaytmaydi”, deyishdi. Abon: “Meni yurtimga olib boring. Nabiy alayhissalom sahobalarini ko‘rishim kerak. Ulardan uzoqda yashay olmayman. Ulardek yashab, ular kabi o‘lim topay”, dedi.
Abon Madinaga qaytganida, Umar roziyallohu anhu: “Rahbar ruxsatisiz ishni tashlab kelish joiz emas. Lekin sen shunday qilding”, dedi. Abon: “Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan so‘ng hech kimga xizmat etolmayman. Agar shunday qilishga to‘g‘ri kelsa, Islomga birinchilardan kirgani bois Abu Bakrni tanlagan bo‘lardim”, dedi.
* * *
Abon ibn Saidning qachon vafot etgani borasida ixtilof bor. Ibn Ishoq rahimahulloh Yarmuk kuni o‘ldirilgan, deydi. Boshqa bir rivoyatda esa Usmon ibn Affon xalifaligi davrida deyiladi.
Muso ibn Uqba rahimahullohning hijratning 13 yili Ijnodiyn kunida o‘ldirilgan, degan rivoyati to‘g‘ridir.
Robiya Mannobjonova tayyorladi | “Hidoyat” jurnalidan
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.