background
logotype
image1 image2 image3

Abu Umoma Bohiliy

Bir odam Abu Umoma roziyallohu anhuning oldiga kelib bunday dedi: “Ey Abu Umoma, tushimda farishtalarni ko‘rdim. Ular kirganingda, chiqqaningda, turganingda va o‘tirganingda ham senga salavot aytishayotgan ekan”. Abu Umoma: “Istaganingizda edi, sizlarga ham farishtalar salavot aytishardi”, deb Ahzob surasining 41-, 42-, 43-oyatlarini tilovat qildi:  “Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qiling va ertayu kech Unga tasbih ayting! U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko‘rsatadigan Zotdir. Uning farishtalari ham (sizlarga mag‘firat tilaydilar). U mo‘minlarga mehribondir”.

Suday ibn Ijlon ibn Vahb Bohiliy. Kunyasi: Abu Umoma. Qays ijlonlik. Bohila qabilasiga mansub. Fozil, zohid sahoba.

Nabiy alayhissalom Abu Umoma roziyallohu anhuni qavmini Islomga da’vat etish uchun yubordilar. Qabiladoshlari uni yaxshi kutib olishdi va dasturxonga taklif etishdi. Abu Umoma gapni cho‘zib o‘tirmadi. Maqsadga o‘tib: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam meni sizga elchi qilib yubordilar. U zot alayhissalom imon keltirishingizga da’vat etmoqdalar”, deb aytdi. Qavmdoshlari uning gapidan talvasaga tushishdi. Yolg‘onchiga chiqarib, haqoratlab, hatto haydab ham yuborishdi. Abu Umoma och va chanqagan edi. Shu holda uyquga ketdi. Tushida unga sut keltirildi. Ichib, chanqog‘i bosildi. Qorni ham to‘ydi.

Bu orada qavmdoshlari o‘tgan ishdan afsuslanib, o‘zaro: “Ulug‘larimiz va boy kishilarimizdan biri huzurimizga kelsayu, uni haydab yuborsak. Yaxshisi, uni xohlaganicha yedirib ichiraylik”, deb mashvarat qilishdi. Abu Umomaning huzuriga kelishganida, ularga: “Taom va ichimligingizga ehtiyojim yo‘q. Alloh azza va jalla meni yedirib, ichirdi. Ishonmasangiz, holimga nazar soling”, dedi. Uning gaplariga ishonch hosil qilgan qabiladoshlari imon keltirishdi.

Abu Umoma roziyallohu anhu aytadi: «G‘azotlardan birida: “Yo Rasululloh, menga shahidlik so‘rab duo qilsangiz”, deya Payg‘ambarimiz alayhissalomga murojaat etdim. Nabiy alayhissalom: “Yo Alloh, ularni salomat ayla” (boshqa bir rivoyatda: “Ularni sobitqadam qil va o‘lja ber”), deya duo qildilar. Abu Umoma g‘azot qildi, omon qoldi va o‘ljaga ega bo‘ldi. So‘ngra ikkinchi g‘azotda qatnashdi. Bu galgi g‘azotda ham: “Ey Allohning rasuli. Menga shahidlik so‘rab Rabbingizga duo qilsangiz”, dedi. Nabiy alayhissalom bu safar ham: “Yo Alloh, ularni sobitqadam qil va ularga o‘lja ber”, deb duo qildilar. So‘ngra uchinchi g‘azot oldidan yana u zot alayhissalomga murojaat etdi: “Yo Rasululloh, oldingizga shahidlik so‘rab ikki marta keldim. Ikki safar ham: “Ularni salomat ayla, sobitqadam qil va o‘lja ber”, deb duo qildingiz. Ey Allohning rasuli, duo qiling, Alloh taolo menga shahidlik bersin”, deb aytdim. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu safar ham: “Yo Alloh, ularni salomat qil, sobitqadam qil va ularga o‘lja ber”, deb duo qildilar. Abu Umoma g‘azot qildi. Omon qoldi va o‘lja oldi. Shundan so‘ng kelib bunday dedi: “Yo Nabiyalloh, meni shunday bir ishga buyuringki, Alloh taolo u bilan meni manfaatlasin”. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ro‘za tut. Chunki uning misli yo‘qdir”, deb marhamat qildilar. Abu Umoma undan keyin Nabiy alayhissalom oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, meni shunday bir ishga buyurdingizki, u sabab Allohdan manfaatni umid qildim. Meni yana bir ishga buyuring, shoyad Alloh u bilan manfaat bersa. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bilginki, Alloh uchun bir sajda qilsang, u bilan darajangni ko‘taradi yoki xatolaringi o‘chiradi”, deb marhamat qildilar. Shundan so‘ng Nabiy alayhissalom qo‘limdan tutdilar va: “Ey Abu Umoma, mo‘minlardan shundaylari borki, qalbim ularga moyildir”, dedilar».

***

Abu Umoma Bohiliy Nabiy alayhissalom vafotlaridan keyin ham, u zot alayhissalomdan olgan ta’limlarini imkoni boricha odamlarga yetkazish bilan band bo‘ldi. Sulaym ibn Omir bunday hikoya qiladi: “Abu Umoma roziyallohu anhuning huzurida o‘tirgan edik. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida gapirib berdi. So‘ng bunday dedi: “Mulohazali bo‘linglar. Bizdan eshitganlaringizni yetkazing”.

Salmon ibn Habib Ximsdagi masjidga kirganida Makxul va Ibn Abu Zakariyo o‘tirardi, ular: “Agar Nabiy alayhissalom sahobalari Abu Umoma kelsa va biz o‘rnimizdan tursak, uning haqini ado etgan bo‘lamiz. Keyin undan biror narsa eshitamiz”, deyishdi. Barchalari turib uni oldiga kelib, salom berishdi. Abu Umoma alik qaytarar ekan: “Huzurimga kelishingiz sizlar uchun rahmat va hujjatdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlaridan qo‘rqqanlari yolg‘onchilik va ma’siyatdir. Bizga shu haqda yetkazishimizni buyurganlar. Biz uni bajardik. Sizlarga yetkazganimizni siz ham yetkazing”, dedi.

Abu Umoma Bohiliy bunday va’z o‘qidi: «“Yaxshi va yomon ko‘rgan narsalarinigz borasida sabrli bo‘ling. Sabrlilik xislati qanday ham yaxshi. Dunyo sizlarga yoqadi va ortidan ergashtirib ketadi. Sizlarni ziynatlaydi. Nabiy alayhissalomning ashoblari: “Biz dunyoga berilmadik, shuning uchun omon qoldik”, deb aytishardi». Abu Umoma yana bunday deydi: “Odamlarga Allohni sevdiring. Shunda Alloh sizlarni sevadi”.

Abu Umoma roziyallohu anhu Nabiy alayhissalom, Umar, Usmon, Ali, Abu Ubayda ibn Jarroh va Muoz ibn Jabal roziyallohu anhumdan hadislar rivoyat qildi.

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu uzun va mazmunli umr kechirdi. Hijratning sakson oltinchi yili, Abdulmalik ibn Marvon xalifalik davrida vafot etdi. U Shomda vafot etgan so‘nggi sahobadir.

Ma’mura Siddiqova tayyorladi | “Islom nuri” gazetasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.