background
logotype
image1 image2 image3

Abu Usayd Molik ibn Robia

Abu Usayd Molik ibn Robia Saidiy Ansoriy. Ba’zilar uni Hilol ibn Robia desa, aksar ulamolar Molik ibn Robia ibn Badan, deyishadi. Xazrajning Bani Sa’d urug‘idan. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan hadislar rivoyat qilgan. Nabiy alayhissalom bilan barcha janglarda ishtirok etgan. Makka fathi kuni Bani Sa’d qabilasining bayroqdorlaridan biri bo‘lgan.

Ushbu sahobai kirom Abu Usayd kunyasi bi­lan mashhur. Onasi: Amro bin­ti Horisa. Abu Usayd ro­ziyallohu anhu­ning bir necha farzandla­ri bo‘lgan: Usayd Akbar, Munzir, G‘oliz, Usayd Asg‘ar, Maymuna, Hab­bona, Hafsa, Fotima, Hamza.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anhoga nikohlanganlari­­dan so‘ng Abu Usaydni Bani Omir ibn Sa’sa’a qabila­siga mansub ayolning huzu­riga o‘zlaridan vakil etib yuborganlar.

Abu Usayd Molik ibn Ro­bia rivoyat qiladi: “Bir ku­ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Baqi’ qab­ristoniga chiqdilar. Shu mahal bir bo‘ri o‘sha yerda yotar edi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Bu bo‘ri och ­qolibdi, yemish so‘ramoqda”, dedilar. Sahobai kiromlar: “Yo Rasululloh, sizning fikringiz qanday?” deb so‘rashdi. U zot alayhissa­lom: “Har bir yaylovda boqi­ladigan hayvondan o‘nta”, dedilar. Shunda sahobalar: “Yo Rasululloh, bu juda ko‘p-ku?” dedilar. Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam bo‘riga qo‘llari bilan ishora qilib: “Yo ular rozi bo‘lib berishadi yoki sen bu ishni o‘g‘rincha qilasan”, dedi­lar (Ushbu hadis “Sihohi sit­ta”ga kirmagan).

Qatoda roziyallohu anhu aytadi: “Anas ibn Molik Abu Usayddan rivoyat qilayot­ganini eshitdim. Aytadi: “Nabiy alayhissalom dedi­lar: “Ansorlarning uylarining eng yaxshisi Bani Najjor, so‘ngra Bani Ab­dul Ashhal, so‘ngra Bani Horis ibn Xazraj, so‘ngra Bani Sa’d. Hamma ansorlarning xonadonlarida yaxshilik bordir”.

Hilol (ya’ni Abu Usayd) Robia aytadi: “Badr kuni Bani Oiz Maxzumiy qabila­sining qilichini qo‘lga kiritdim. Nabiy alayhissa­lom askarlardan qo‘llarida mavjud narsalarni topshirishga buyruq berganlarida, uni olib borib, o‘ljalarga qo‘shdim. Uni Arqam ibn Abu Arqam Maxzumiy tanib, Na­biy alayhissalomdan uni olishni so‘radi. Qilichni unga berdilar”.

Ushbu sahoba Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadislar rivoyat qildi. Undan farzandlari: Humayd, Zubayr, Munzir; mavlosi Ali ibn Ubayd, mavlosi Abu Said; sahobalardan Anas ibn Molik, Sahl ibn Sa’d; tobeinlardan Abbos ibn Sahl, Abdul Molik ibn Said, Abu Salama va boshqalar rivoyat qilishdi.

Usmon ibn Ubaydulloh bunday eslaydi: “Biz masjidda ekanimizda oldimizdan Abu Usayd, Abu Hurayra, Abu Qatoda va Ibn Umarlar o‘tishdi. Ulardan muattar hid taralib turardi”.

Umrining so‘nggi yillarida ko‘zlari ko‘rmay qoldi. Ubay ibn Abbos otasidan rivoyat qiladi: “Men Abu Usaydni ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganidan keyin ko‘rdim, u past bo‘yli, soch-soqoli oq, sochi qalin kishi edi”.

Abu Usayd Sa’diy hij­ratning oltmishinchi yili Madinada olamdan o‘tdi. U Badrda qatnashgan sahoba­larning eng so‘nggisi bo‘lib olamdan ko‘z yumgan. Madi­naliklarning xabar beri­shicha, Abu Usayd Madinada Muoviya va Qays ibn Sa’d roziyallohu anhumo vafot et­gan yili olamdan o‘tgan.

Qosimjon Ataullaev tayyorladi | “Hidoyat” jurnalidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.