background
logotype
image1 image2 image3

Ka’b ibn Zuhayr

Ka’b ibn Zuhayr ibn Abu Sulma Maziniy Abul Muzarrab. Otasi Zuhayr ibn Abu Sulma islom kelgunicha arablarning taniqli shoirlaridan edi. Keyinchalik Ka’b ham shoirlikda otasidan ham o‘zib ketadi. Ka’bning otasi nasroniy va yahudiy olimlaridan oxirzamonda yuboriladigan payg‘ambar haqida eshitar va o‘sha vaqt kelishini intizorlik bilan kutardi. Bir kecha tushida osmondan bir arqon tushirilganini, u arqonni ushlashga intilib, qo‘lini uzatsa ham, yeta olmaganini ko‘rdi. Bu tushdan u oxirzamon payg‘ambari keladigan vaqtgacha yashay olmasligini angladi. So‘ngra o‘g‘illari Bujayr va Ka’bni chaqirib, oxirgi payg‘ambar yuborilgani haqidagi xabarni eshitishlari bilan uning oldiga borib, imon keltirishlarini vasiyat qildi. Katta o‘g‘li Bujayr vasiyatga amal qilib imon keltirdi, ammo ukasi Ka’b mutlaqo teskari yo‘ldan ketdi. U musulmon bo‘lmagani yetmaganidek, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga ashaddiy dushman bo‘lib, islomni va Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ni mazax qilib she’rlar yozdi. Bu hajviyalarida u hatto musulmon akasini ham masxaralardi. Ish shu darajaga borib yetdiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Ka’bni qaerda bo‘lmasin, ko‘ringan zahoti o‘ldirishga buyurdilar.

Johiliyat davrida arab qabilalari orasida shoirlar ko‘p bo‘lgan. Jumladan, Abu Daxbal Jumahiy, Axtal, Farazdaq, Jamil ibn Abdulloh ibn Muammar, Umar ibn Abu Robia va Xansa kabi shoirlar taniqli bo‘lganlar. Ka’betakchisifatida ular bilan atrofdagi qabila marosim va majlislarini o‘tkazardi.

Shunda akasi Bujayr Ka’bga holatdan xabar berib maktub yozdi. Unda, jumladan, bunday so‘zlar bitilgan edi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ni hajviya qilgan makkaliklardan ba’zilari o‘ldirildi. Sen ham o‘limga hukm etilding. Endi senga maslahatim, bu yo‘lingdan qayt, tavba qil va musulmon bo‘lib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning huzurlariga kel. Zero, u zot (alayhissalom) pushaymon bo‘lib, oldilariga kelgan kishiga yomonlik qilmaydilar. Agar bu taklifimga ko‘nmasang, yer yuzidan bosh olib ket!”

Ka’b ibn Zuhayr maktubni olgach, chuqur o‘yga toldi. Go‘yo yer yuzi unga torlik qilib qolgandek edi. Musulmonlar zabt etgan sarhadlar tobora kengayib borayotganidan, barcha shoirlar qatori Ka’b ham qilmishlaridan ta’sirlanib, tobora iztirobga tusha boshladi. Bu orada Makka ham fath etildi. U o‘z aybini yaxshi his etsa ham, shahodat keltirib musulmon bo‘lishi ancha cho‘zildi. Nihoyat, ko‘nglini asta-sekin hidoyat nuri yorita boshladi. Musulmon bo‘lishga qat’iy qaror qilib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga yo‘l oldi. Yo‘lda qilmishidan pushaymonligi, musulmon bo‘lgani bayon qilingan, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) madh etilgan qasidasini yozdi.

Madinaga borib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning oldilariga o‘tirdi. O‘zini tanitmasdan turib: “Yo Rasululloh, Ka’b ibn Zuhayr qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, musulmon holida huzuringizga omonlik tilab keldi. Men oldingizga olib kelsam, unga omonlik berib, musulmonligini qabul etasizmi?” dedi. U zot (alayhissalom)ning “Ha”, degan javoblarini olgach, “Yo Rasululloh, men guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Siz Uning rasulisiz! Men Ka’b ibn Zuhayrman”, dedi. Uning o‘sha shoir Ka’b ekanini bilgan sahobalardan biri o‘ldirish uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan izn so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) esa bunga qarshi bo‘ldilar va: “Uni o‘z holiga qo‘y. U pushaymon bo‘lib, Haqqa yuz burgan holda keldi!” dedilar. Bundan behad shod bo‘lgan Ka’b yo‘lda U zotga atab yozgan qasidasini o‘qiy boshladi.

“Shubha yo‘qki, ul Rasululloh to‘g‘ri yo‘lning yorqin nuridir,

Yomonlikni daf etmoq uchun Allohning bir qilichi keskir!”– mazmunidagi baytga kelganida Rasuli akram (sollallohu alayhi vasallam) ta’sirlanib, o‘z burda (chakmon, xirqa)larini unga in’om etdilar. Shundan kelib chiqib, ushbu qasida «Qasidai burda» nomi bilan el og‘zida mashhur bo‘lib ketdi. Ka’bning vafotidan so‘ng, Muoviya ibn Abu Sufyon mazkur xirqani Ka’bning o‘g‘lidan sotib oladi. Dastlab Muoviya, undan keyin barcha xalifalar bayram kunlari bu xirqani kiyishar edi. Ushbu an’ana abbosiylar davrida ham saqlanib qolgan. Ulardan keyin bu muborak xirqa usmoniylar qo‘liga o‘tadi. Hozirgi kunda ham u muqaddas omonat sifatida Istanbuldagi «To‘pqopi» muzeyida «Xirqai saodat» xonasida muhofaza etilmoqda.

Ka’b ibn Zuhayr (roziyallohu anhu) 645 yili Shomda vafot etdi. Ulug‘ sahoba Payg‘ambar (alayhissalom)ga atab yozgan qasidasi bilan U zotning xos shoiri va erka sahobasi sifatida tarixda qoldi. Bu qasida hozirgi kunda ham mashhurdir.

Salohiddin Siddiqov | Hidoyat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.