Zaydul Xoyr
Zayd o‘zida shijoat va peshqadamlik, saxovat hamda halimlikni jamladi. Jazolashga qodir bo‘lsa-da, afvni afzal ko‘rdi. Islomni qabul qilgach, gunoh va ma’siyat ishlarga yo‘lamadi. U haqda Nabiy alayhissalom: “Ey Zayd, sen qandoq yaxshi insonsan-a?!” deb marhamat qilganlar.
Zayd ibn Muhayhil ibn Zayd Toiy, Nabhaniy. Ya’ni, Zaydul Xoyr yoki Zaydul Xoyl. Kunyasi: Abu Mukannaf. Johiliyatda Zaydul Xoyl ismi bilan tanilgan. So‘ngra Nabiy alayhissalom uni Zaydul Xoyr, deb ataganlar. Ushbu sahoba johiliyat zamonidagi aslzodalardan, erkaklarning ko‘rkami, xilqati eng mukammali, qomati eng uzuni, buyuk chavandoz hamda tengi yo‘q mergan edi. Ot minganida oyoqlari yerga sudralib turardi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida xabar topishi bilan markabini hozirlab, Zir ibn Sadus, Molik ibn Jabir, Omir ibn Juvayn kabi qavmining buyuklarini to‘pladi va ularga Yasribga borish, Nabiy alayhissalom bilan uchrashish taklifini aytdi. Qavmining sayyidi va buyuk chavandozi bo‘lgani bois, Islomni qabul qilsa, u bilan birga qavmining ulug‘lari va ularning oila a’zolari ham dinga kirishadi, deb hisoblardi.
Zaydul Xoyl Toyi qabilasining bir necha ulug‘larini to‘plab, Yasribga yo‘l oldi. Shaharga kiriboq, to‘g‘ri Payg‘ambarimiz alayhissalom masjidlariga keldi. Markablarni eshik og‘ziga bog‘ladi.
Ularning bu tashriflari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning minbarda turib, sahobalarga juma xutbasini o‘qiyotganlariga to‘g‘ri keldi. Ularni Nabiy alayhissalomning so‘zlari va sahobalarning u zotga qattiq bog‘langanlari hayratga soldi. Nabiy alayhissalom ushbu qavmning masjidga birinchi bor kelganini bilib, gaplarini ular tomon burdilar va: “Men sizga Allohni qo‘yib, ibodat qiladigan Uzzodan hamda har bir ibodat qiladigan narsangizdan yaxshiman. Shuningdek, qora tuyadan afzalman” (Har asrning eng qimmatbaho narsasi bo‘ladi. O‘sha vaqtda qora tuya eng qimmatboho narsa hisoblangan).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning gaplari Zaydul Xoylning va u bilan birga kelgan kishilarga turlicha ta’sir etdi. Shuning uchun ulardan ba’zilari haqqa javob qilishsa, ayrimlari yuz o‘girib, qaytishdi. Zir ibn Sadus ortga qaytganlardan bo‘ldi. Uning qalbiga hasad oraladi. Sheriklariga: “Arablar ustidan hukmronlikni qo‘lga kiritadigan kishini ko‘rmoqdaman. Allohga qasam, hech qachon o‘zimni unga topshirib qo‘ymayman”, deya yurti Shomga qaytib ketdi. O‘sha yerda sochini olib, nasroniylikka kirdi.
Ammo Zayd bilan qabiladoshlarining holati aksincha kechdi. Hali Payg‘ambarimiz alayhissalom kalomlarini tugatib ulgurmaslaridan burun Zayd musulmonlar jamoasi orasiga kirdi va: “Ey Muhammad, Allohdan O‘zga iloh yo‘q ekaniga va Siz Uning rasuli ekaningizga guvohlik beraman”, deb baralla shahodat keltirdi.
Nabiy alayhissalom Zaydga yuzlanib: “Sen kimsan?” deb so‘radilar. U: “Zaydul Xoyl ibn Muhayhilman”, deb javob qildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Balki sen Zaydul Xoyl emas, Zaydul Xoyrsan. Yashab turgan tog‘u toshingdan bu yerga keltirgan va qalbingni Islomga moyil etgan Zotga hamd bo‘lsin”, deb marhamat qildilar.
Zayd roziyallohu anhu Islomga kirgach, qavmdoshlari ham dinni qabul qilishdi. Keyin Nabiy alayhissalom uni uylariga boshlab bordilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham birga edi. Hujrai saodatga kirishganda Payg‘ambarimiz alayhissalom Zaydga bolish uzatdilar. Zayd Nabiy alayhissalom huzurlarida suyanib o‘tirishga hayo qildi. Dinga kirganiga yarim soat yoki undan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, odob saqladi va: “Yo Rasululloh, huzuringizda yonboshlab o‘tirolmayman”, deb bolishni qaytardi. U zot alayhissalom unga qaytaraverdilar. Oxiri tinchlanib olishgach, oralarida suhbat boshlandi.
Zayd roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, siz sabab cho‘lu adirlarni bosib o‘tdim. Kechalarni tonglarga, tonglarni kechalarga uladim. Alloh taolo yaxshi ko‘radigan va yomon ko‘radigan kishilarning alomatlari haqida so‘rash uchun keldim”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Qanday tong orttirding, ey Zayd?”, deb so‘radilar. Zayd: “Yaxshilikni yaxshi ko‘rib, unga amal qiluvchini ham yaxshi ko‘rib, biron yaxshilik qilsam, ajr olishni istab tong ottirdim. Yaxshilik qilolmaslik meni xafa qiladi”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Mana shu Alloh taolo yaxshi ko‘rishining va yaxshi ko‘rmasligining belgilaridir”, deya javob berdilar.
Nabiy alayhissalom: “Ey Zayd, biron kishini sifatlashgan bo‘lsa, ko‘rganimda o‘zgacha bo‘lib chiqqan. Faqat sen sifatlashgani kabi bo‘lding”, deb maqtadilar. So‘ng yana so‘zlarida davom etib: “Ey Zayd, senda Alloh va Rasuli yaxshi ko‘radigan ikki xislat bor”, dedilar. Zayd: “Ular qaysilar”, deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Bardoshlilik va halimlik”, dedilar. Bu so‘zlarni eshitib Zayd: “Meni Alloh va rasuliga sevimli qilgan Zotga hamdu sano bo‘lsin”, dedi. So‘ng Nabiy alayhissalomga yuzlanib: “Yo Rasululloh, menga uch yuzta otliq askar bering. Rumga g‘azot uyushtirib, ularni tor-mor etaman”, dedi.
Nabiy alayhissalom uning bu himmatini yuqori baholab: “Ey Zayd, Sen qandoq yaxshi insonsan-a? ” deb maqtadilar.
Zayd yurti Najdga qaytishni niyat qilgach, Nabiy alayhissalom u bilan vidolashganlar. So‘ng: “Bu qanday odam bo‘ldi-ya? Agar unga Madina vabosi yetmasa, ko‘pdan-ko‘p ishlarni amalga oshirarmidi?!” dedilar.
O‘sha vaqtda Madinada bezgak vabosi tarqagan edi. Hali uzoqqa ketib ulgurmasidan burun Zayd vaboga chalindi. U oila-ahliga yetib olishni, Alloh taolo yaqinlarini uning qo‘li bilan Islomga kiritishini xohlardi. Lekin nasib bo‘lmadi. Yo‘lining bir qismida so‘nggi nafasini oldi. Islomi bilan o‘limi orasida gunoh qilishga yetarli fursat bo‘lmadi.
Munibaxon Jaloliddin qizi tarjimasi | “Islom nuri” gazetasi
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.