background
logotype
image1 image2 image3

Xotib ibn Abu Balto

Xotib ibn Abu Balto yoshligida Yamandan Makkai mukarramaga kelib qolgan o‘sha davrning taniqli shoirlaridan biri bo‘lib, mohir suvoriy ham edi. Hijratdan avval musulmon bo‘lish sharafiga noil bo‘lgach, Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)dan avvalroq Madinaga hijrat qildi. Madinada ansorlardan biri Munzir ibn Muhammadning uyida yashadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uni Holid ibn Rohila bilan birodar tutintirgan edilar.

Xotib ibn Abu Baltoning imoni quvvatli bo‘lib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbati va samimiyati cheksiz edi. Badr, Uhud, Handaq g‘azotlarida, shuningdek, Bay’ati Ridvon va Hudaybiyada ishtirok etgan.

Badr mo‘minlar va mushriklar o‘rtasidagi ilk jang edi. Unda qatnashgan sahobai kiromlarning ko‘rsatgan jasorati, sabru fidokorliklari va Rasuli akram (alayhissalom)ga bo‘lgan sadoqatlari uchun Alloh taolo ushbu 313 sahobaga jannat bashoratini berdi.

Hotib ibn Abu Balto ham ana shu mujdaga erishganlar qatorida bor edi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bilan haj qilish niyatida yo‘lga chiqqan 1400 sahoba orasida Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu) ham bo‘lgan. Makkaliklar ularni Ka’baga kiritmaydilar.

Shunda Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) elchi sifatida jo‘natildi. U zotdan ancha vaqt xabar kelavermaganidan keyin urush boshlanadi, degan xavf tug‘ildi. Barcha musulmonlar Rasuli akram (alayhissalom)ni o‘z jonlarini berib bo‘lsa ham himoya qilishga ont ichishdi. Bay’ati Ridvon nomi berilgan bu hodisa Qur’oni karimning Fath surasi 18-oyatida bunday bayon qilinadi: (Ey Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh mo‘minlardan – ular daraxt ostida Sizga bay’at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi bo‘ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Haybar jangidagi) yaqin g‘alaba bilan mukofotladi”.

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Daraxt osti (Baytur-rizvon)da men bilan va’dalashganlarning hech biri jahannamga kirmaydi”.

Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu) hijratning 7-sanasida Haybar g‘azotida jasorat bilan jang qilgan, qal’alarni egallagan suvoriylardan biri edi.

Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu) so‘zlari ta’sirli, uni tinglagan insonni mahliyo qila oladigan kuchli notiqdik qobiliyatiga ega. Orasta yuzidan doimo muloyim tabassum balqib turardi.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) hijratning oltinchi yilida makkaliklar bilan ahdlashganlaridan so‘ng 6 nafar hukmdorga maktub yo‘llab, ularni Islom diniga chaqirdilar. Muborak maktublardan biri Misr podshohi Muqavqisga atalgan edi. Unda bunday so‘zlar bitilgandi: «Bismillohir rahmonir rohiym. Allohning bandasi va Rasuli Muhammaddan Qibtning ulug‘i Muqavqisga. Hidoyatga ergashganga salomlar bo‘lsin. Ammo ba’d: Men seni Islom chaqirig‘iga da’vat qilurman. Musulmon bo‘l, salomat bo‘lasan. Alloh sening ajringni ikki marta berur. Agar yuz o‘girib ketsang, ahli qibtning gunohi senga bo‘lur. “Ey ahli kitoblar! Biz bilan sizning o‘rtamizda barobar so‘zga keling: Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo‘yib, bir-birimizni Rabb qilib olmaylik”, degin. Bas, agar yuz o‘girsalar: “Guvoh bo‘linglar, biz, albatta, musulmonlarmiz”, – deb aytinglar».

Har bir maktubni olib borish uchun sahobalarning tashqi ko‘rinishi go‘zal, so‘zi mazmunli bo‘lganlari tanlandi. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu)ni Misr podshohi Muqavqis huzuriga jo‘natdilar.

Xotib (roziyallohu anhu) muborak omonatni olib yo‘lga tushdi. Maktubni Muqavqisga topshirdi. Podshoh bu buyuk omonatni hurmat-la oldi. Elchiga izzat-ikrom ko‘rsatdi. Huzuriga nasoro poplarini ham yig‘ib, ularning oldida Xotib (roziyallohu anhu)ga murojaat qildi:

– Menga birodaring haqida ma’lumot ber, haqiqatdan payg‘ambarmi? – deb so‘radi.

– Ha, u zot (alayhissalom) Allohning rasulidir.

– Xo‘p. Qavmi unga ko‘p aziyatlar yetkazdi, hatto o‘z yurtidan chiqarib yubordi. Nega u qavmini duoi bad qilmadi?

– Maryam o‘g‘li Iso (alayhissalom) ham payg‘ambar emasmidi, ey malik?

– Ha, payg‘ambar edi.

– Unda ayting-chi, qavmi uni ushlab, osmoqchi bo‘lganida, Alloh taolo qutqarib osmonga olib chiqib ketarkan, nega u “Alloh ularni yo‘q qilsin!..” deb duoibad qilmadi?!

– Tushundim, ey Xotib. Sen hikmatli bir insonning huzuridan kelgan hikmat sohibi ekansan, – dedi Muqavqis uni taqdirlab.

Xotib (roziyallohu anhu) Fir’avnni nazarda tutib dedi:

– Sendan avval bu yerlarda bir hukmdor o‘tgandi. U xalqiga: “Eng buyuk iloh menman” deb Xudolik da’vosini qildi. Alloh taolo uni eng yomon azoblar bilan jazoladi. Sen boshqalardan ibrat ol, boshqalarga ibrat bo‘lib qolma!

– Bir dinimiz bor. A’lorog‘i kelmaguncha undan voz kecholmaymiz.

– Sen qattiq bog‘langan dindan a’lorog‘i Islomdir. Biz seni Alloh taoloning eng so‘nggi dini Islomga chorlamoqdamiz.

Xotib (roziyallohu anhu)ning yangi dinga da’vat qilganiga javoban Muqavqis:

– Men bu Payg‘ambar bilan tanishdim. Uning amrlari va qaytariqlarida aqlga uyg‘un bo‘lmagan biror narsa ko‘rmadim. Bu kishi sehrgar emasligini tushunib yetdim. Kohin yoki yolg‘onchi ham emas. Ba’zi payg‘ambarlik alomatlarini ham u zotdan topdim. Yashirin sirlarning oshkor etilishi ham ana shu alomatlardan biri. Insoniyatga ma’lum bo‘lmagan ba’zi narsalar bu kishi tomonidan bildirildi. Bir oz o‘ylab ko‘ray…

Xotib (roziyallohu anhu)ni Muqavqis besh kecha mehmon qildi, hurmat, e’tibor ko‘rsatdi. Bir kuni tunda Xotib (roziyallohu anhu)ga xabar yuborib, huzuriga chorladi. Yana Payg‘ambarimiz (alayhissalom) haqlarida bir qancha savollar berdi. Ularning yonida tarjimondan boshqa hech kim yo‘q edi. Oralarida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:

– Savollarimga to‘g‘ri javob berasanmi? Sendan uchta narsani so‘ramoqchiman.

– Istagan narsangizni so‘rang, sizga faqat to‘g‘ri gapni aytaman.

– Muhammad insonlarni nimaga da’vat qilyapti?

– Yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga, bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qishga, Ramazon ro‘zasini tutishga, Haj qilishga, va’daga vafo qilishga amr etmoqdalar. Shuningdek, qon va o‘limtikni harom, deb e’lon qildilar.

– U zotning tashqi ko‘rinishini ta’riflab bera olasanmi?

Xotib ibn Abu Balto Rasululloh (alayhissalom)ni qisqacha ta’rifladi. Bir qancha sifatlarini aytmagandi. Shunda Muqavqis dedi:

– Ba’zi bir narsalarni aytmading: ko‘zlarida bir oz qizillik, yelkalarida payg‘ambarlik muhri bor. Uloviga o‘zi minadi, rido kiyib yuradi. Xurmo yoki oz go‘shtli taomlar bilan kun kechiradi. Amakilari, amakivachchalari tomonidan qo‘riqlanadi.

So‘ngra Muqavqis arabcha yoza oladigan kotibiga bunday maktub bittirdi: “Abdullohning o‘g‘li Muhammadga, Qibtiylarning buyugi Muqavqisdan. Senga salomlar bo‘lsin! Jo‘natgan maktubingizni o‘qidim. U yerda zikr etgan narsangizni, qilayotgan da’vatlaringizni tushundim. Bir payg‘ambar kelishini bilardim. Biroq uni Shomdan chiqadi, deb o‘ylagandim. Elchingizni izzat-ikrom bilan kutib oldim. Qibtiylar nazdida qimmatli bo‘lgan ikki joriya va kiyim-kechaklar hamda minib yurishingiz uchun ikki hayvon hadya qildim”.

Elchi yo‘lda xatarga yo‘liqmasin, deya odamlarini unga hamroh qildi. Misr podshohi Islom dinini qabul qilmadi. Biroq, nazokatini ham qo‘ldan boy bermadi.

Xotib (roziyallohu anhu) biron kor-holsiz, eson-omon Madinaga yetib keldi. Nihoyatda holdan toygandi. Ammo ko‘ngli huzurli edi. Chunki vazifasini a’lo darajada bajarib, Muqavqisning savollariga hikmat bilan javoblar bera olgandi.

Keltirilgan sovg‘a-salomlar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga taqdim etildi. Hadyalar orasida ikki opa-singil cho‘ri bor edi. Nabiy (alayhissalom) ulardan Moriya ismlisini o‘zlariga oldilar, Sirin ismlisini Xasson ibn Sobitga berdilar. Kelajakda Moriya Payg‘ambar janobimizning oxirgi farzandlari bo‘lmish Ibrohimning onasi bo‘ladi. Tobeinlar davrining mashhur olimlaridan, xossatan, tush ta’biri masalasida favqulodda bir qobiliyatli Muhammad ibn Sirin esa, ikkinchi cho‘rining farzandi sifatida dunyoga keldi.

Muqavqis yuborgan “Duldul” laqabli oq hachir Ali ibn Tolib (roziyallohu anhu)ga berildi. Oxirida bir juft saxtiyon maxsi qolgan edi. Uni Rasululloh (alayhissalom) o‘zlariga kiyishga ayirdilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Muqavqis haqida:

– Qanday yomon odam?! Toju taxtdan voz kecha olmadi. Holbuki, imon keltirishiga monelik qilgan saltanati unga vafo qilmaydi!

Muqavqis Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning maktubini ko‘z qorachig‘idek asradi. Uni fil suyagidan yasalgan bir qutiga solib, bir joriyasiga berdi. Ushbu maktub 1850 yili Misrning Ahmin degan yeridagi eski ibodatxonadagi Qibt kitoblari orasidan topildi. Usmonli podshoh Sulton Abdulmajidxon ushbu muborak maktubni sotib olib, Istambulga To‘pqoqi saroyidagi Muqaddas omonatlar bo‘limiga qo‘ydi. Maktub hali hamon o‘sha yerda saqlanadi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) vafotlaridan so‘ng Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) xalifaligi davrida Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu) yana elchi sifatida Misrga yuborildi. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) davrlarida ham Misrga elchilikni a’lo darajada bajarib, Muqavqis bilan bir shartnoma imzoladi. Shartnoma Misrni Amr Ibnul Os fath etgunicha o‘z kuchini yo‘qotmadi.

Xotib ibn Abu Balto (roziyallohu anhu) 650 yili Madinada vafot etdi. Uning janozasini Usmon Zinnurayn (roziyallohu anhu) o‘qidi va Baqi qabristoniga dafn etildi.

Nigora Mirzayeva | “Islom nuri” gazetasidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.