background
logotype
image1 image2 image3

Abu Sa’laba Xushaniy

Tafakkur – Allohning roziligi va muhabbatiga olib boruvchi yo‘l. Tafak­kur tufayli har bir ish hikmatli bo‘ladi. Ne’matlar haqida fikr yuri­tish – eng afzal ibodat.

Qahramonimiz biror kechani osmon­ni kuzat­masdan, uning mukammal yara­tilgani haqida ta­fakkur etmasdan o‘tkazmasdi. O‘sha lahzalarda uning qalbini: “Ey Rabbimiz! Bu (koinot)­ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azo­bidan saqlagin!” (Oli Imron surasi, 191) oyati chulg‘ab olardi.

“Abu Sa’laba” kunyasi bilan tanilgan sahobaning asl ismi haqida ixtiloflar ko‘p. Jur­sum ibn Noshib ismi mashhur. Xabarlarga ko‘ra, bu inson Abu Hurayra roziyallohu anhudan oldin musulmon bo‘lgan. Akasi Amr ham Payg‘ambarimiz alay­hissalom zamonlarida Is­lomga kirgan.

Mihjan ibn Vahb ri­voya­tida Abu Sa’laba roziyal­lohu anhu Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam Xaybarga tayyorgarlik ko‘­rayotganlarida kelgani, imon keltirib, so‘ng u zot alayhissalom bilan safar­ga chiqqani aytiladi. Xay­bar g‘azotidan keyin Pay­g‘ambarimiz alayhissalom o‘ljalardan unga ham ulush ajratganlar.

Abu Sa’laba roziyallohu anhu, shuningdek, Hudaybiya sulhi va Rizvon bay’ati ish­tirokchisi. Hunayn g‘azotida ham qatnashgan. Keyinroq Ra­sululloh sollallohu alayhi va sallam uni o‘z qavmiga, Is­lomga chaqirish uchun yubor­ganlar. Da’vati tufayli qavm­doshlari musulmon bo‘­lishdi. Noshira ibn Suma: “Abu Sa’labadan ko‘ra rost ga­piruvchi insonni ko‘rmadik”, degan.

Ato ibn Yazid Laysiy bun­day deydi: «(Bir kuni) Ra­sululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Sa’laba Xu­shaniyning qo‘lida tilla uzukni ko‘rdilar. So‘ng cho‘p­lari bilan uning qo‘liga ura boshladilar. Abu Sa’laba Nabiy alayhissalom uzukni yoqtirmaganlarini tushunib, qaramayotgan vaqtlarida qo‘­lidan yechdi va otib yubordi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Abu Sa’labada uzukni ko‘r­madilar. So‘ng: “Seni qiynab qo‘ydik”, dedilar.

Abu Sa’laba roziyallohu anhu nafaqat ixlosli, balki parhezkor ham edi. U shariat ahkomlarini hayotiga to‘­liq tatbiq etishga oshiqar­di. Nabiy alayhissalom bi­lan bo‘lgan uchrashuvlardan birida: “Yo Rasululloh, men ahli kitoblar yerida yashay­man. Idishlaridan taom yesam bo‘ladimi? Kamonim, o‘rga­tilgan va o‘rgatilmagan it­larim bilan ov qilaman. Qaysi ish men uchun to‘g‘ri bo‘ladi?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Kitob ahli borasidagi gapingga kel­sak, ularnikidan boshqa idish topsang, o‘shanda yegin. To­polmasang, ishlatishdan oldin uni yuvgin. Kamoning bilan ovlagan ovingni “Bis­millah”ni aytib yeyaver. O‘rga­tilgan iting bilan tut­gan o‘ljangni “Bismil­lah”­ni aytib yeyaver. O‘rgatil­ma­gan it bilan tutganingni, agar uni joni uzilmasidan oldin so‘yib ulgursang, yegin”, deb ta’­lim berdilar.

Ham dini, ham dunyosi bo­rasida o‘ta tadbirli Abu Sa’­laba roziyallohu anhu bir kuni Nabiy alayhissalom­ning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, Shomdagi fa­lon va falon yerlarni men­ga bering”, deb aytdi. (O‘sha vaqtda musulmonlar u ayt­gan yerlarni hali qo‘lga kiri­tishmagan edi.) Shu bois Nabiy alayhissalom: “Bu nima deyapti?” deganlarida, Abu Sa’laba: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u yer­larni, albatta, qo‘lga kirita­siz”, dedi qat’iyat bilan. Shun­dan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom unga o‘sha yerlarni xatlab berdilar.

Abu Sa’laba Xushaniy ro­ziyallohu anhu Alloh tao­loning: «Ayting (ey Mu­ham­mad): “Agar Allohni sev­sangiz, menga ergashingiz” (Oli Imron surasi, 31-oyat)» oyati karimasini hayotiy das­turiga aylantirdi. Nabiy alayhissalomga muhabbatini qalbiga ham, hayotiga ham jo etdi. Ta’limlariga amal qildi, sunnatlariga ergashdi. Nafaqat Payg‘ambarimiz alay­hissalom, balki u zotning boshqa sahobalari Muoz ibn Jabal va Abu Ubayda ro­ziyallohu anhumdan ham hadis rivoyat qildi. Abu Sa’labadan esa Abu Idris Havloniy, Ju­bayr ibn Nufayr, Abu Rajo Attoridiy, Abu Asmo Rahbiy va Said ibn Musayyab va Abu Zohiriya, Makhul Huzaliylar rivoyat qilishgan.

Nabiy alayhissalomdan ri­voyat qilgan hadislari­ning birida bunday keladi: U zot alayhissalom dedi­lar: “Alloh taolo farzlarga buyur­di, birorta­sini zoe qil­manglar. Chega­ralar­ni belgiladi, ular­ni oshib o‘t­manglar. Harom­lar­ni taqiqladi, ular­ni buz­mang­lar. Ba’zi narsalar­ni sir tutdi. Ularni ax­tarishga urinmanglar” (“Usdul g‘oba”).

Abu Sa’laba Xushaniy Na­biy alayhissalomdan keyin ham umr kechirdi. Siffin jan­gida ikki tarafdan hech bi­riga qo‘shilmadi. U ko‘pincha Ka’b ibn Ahbor rahimahulloh bilan birga suhbat qurardi. Shunday suhbatlardan bi­ri­ni Ibn Jobir Ismoil ibn Ubaydullohdan rivoyat qila­di: «Abu Sa’laba Xusha­niy oramizda ekanida Ka’b ibn Ahbor ham birga edi. Shun­da Abu Sa’laba: “Ey Ishoq­ning otasi, biror banda Alloh­ning ibodati uchun vaqtini ajrat­sa, Alloh taolo uni dunyo mashaqqatlaridan ozod qi­ladi”, deb aytdi. Shun­da Ka’b: “Alloh taolo­ning ki­to­bida bunday deyil­gan: “Kim­­ki butun g‘am-tashvishlar­ni bitta tashvish deb bilsa va o‘sha tashvishni Alloh taoloning toati yo‘lida qilsa, Parvar­digor u bandaning dunyo ishla­riga kifoya qiladi. Osmon va yerlar bunga kafil bo‘lishadi. Uning rizqi Al­lohga, amali esa o‘zi uchun bo‘­ladi. Agar u har narsaga g‘am-tashvish chekaversa, qay bir tashvishida halok bo‘lgani­ga Alloh e’tibor qil­maydi”, dedi» (“Siyarul a’lam an-nubalo”).

Mana shunday kechalarning birida Abu Sa’laba Nabiy alayhissalom zamonlarida vafot etgan akasiga murojaat etib: “Ey Abdurahmon, mana ular – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam!” dedi. Ke­yin namoz uchun ajratilgan xonasiga kirdi va tahajjudni o‘qib, sajdada jon berdi. Bu vaqtda qizi tushida otasining vafot etganini ko‘rdi. So‘ng uyg‘onib: “Otam qaerda?” deb so‘radi. Onasi: “Namozxonada”, deb javob berdi. Qizi otasini chaqirdi. U javob bermadi. Uni qimirlatib ko‘rgandi, yon tarafiga yiqildi. U jon taslim etib bo‘lgandi…

Rivoyatlarga ko‘ra, Sa’­la­ba roziyallohu anhu Muo­viya ibn Abu Sufyon xalifa­ligi davrida vafot etgan, deyiladi. Lekin man­balarda vafoti Abdulma­lik ibn Marvon davrida bo‘l­gan degan qavllar ham yo‘q emas.

Poshshaxon Eshonxon qizi tayyorladi | “Hidoyat” jurnali


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.