background
logotype
image1 image2 image3

Tabuk g’azotiga chiqmagan uch kishi haqida hikoya

Ka'b ibn Molik Xazrajiy, Murora ibn Robi' Asiy hamda Hilol ibn Umayya Avsiylar payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib qilgan ayblari uchun uzr so'rashdi. Ka'b kirib kelganda rasululloh zaxarxandalik bilan: "Nega ko'pchilikdan ajrab qolding?" deya xushlaymaygina so'radilar. Ka'b: "Ey rasululloh, sendan boshqa odamning huzurida bo'lsam so'zamollik san'atimni ishga solib uzr aytardim, uni gapimga ishontirib gazabidan qutilib qolardim. Lekin bugun yolg'on gapirib sening roziligingga erishganim bilan Ollohning g'azabiga uchrashim mumkin. Xudo haqqi, rostini aytsam, mendan xafa bo'lasan, biroq haq gapni aytmay ilojim yo'q. Ollohning karami kengligiga va uzrimni qabul qilishiga umid bog'lab to'g'risini aytaman. G'azotga chiqmasligimga hech qanday sabab yo'q edi", dedi.

Payg'ambar alayhis-salom "Rostini aytding, bor, Ollohning hukmini kut", dedilar. Ka'bning ikki sherigi ham rostini aytib uzr so'rashdi. Rasululloh ularga ham yuqoridagi javobni berdilar va musulmonlarga aralashib, muomala qilishni ta'qiqladilar, hatto xotinlari bilan yaqin munosabatda bo'lishni ham man etdilar. Hilol ibn Umayyaning xotini o'rtaga tushib, erining qariligi va og'irini yengillashtiradigan xizmatkori yo'qligini aytib, shafqat so'radi. Rasululloh uning uzrini e'tiborga olib, erining xizmatida bo'lishga ijozat berdilar. Garchand payg'ambar alayhis-salom marhamat ko'rsatgan bo'lsalar-da, berilgan jazo ularga keng olamni tor qildi, biron kimsa bilan gaplasholmay yuraklari zardobga to'ldi, yolgiz Ollohdan o'zga najotkorlari yo'qligini anglab, unga sig'inib, yolborishdi. Karami keng parvardigor ularning tavbasini qabul qildi.

Payg'ambar alayhis-salom ularga odam yuborib, Olloh taoloning bu katta ne'matidan bashorat berdilar. To'da-to'da odamlar uylariga borib uchovlonni Olloh taolo gunohidan o'tgani bilan qutladilar. Ka'b masjidga kirgan paytida payg'ambar alayhis-salom uni ochiq chehra bilan qarshilab: "Ey Ka'b, senga hayotingdagi eng yaxshi kun kelgani bilan bashorat beraman", dedilar. Ka'b: "Bu bashorat sen tomondan kelganmi yoki Olloh tomonidanmi?" deb so'radi. "Olloh tomonidan", deya javob berdilar rasululloh. Quvonchi ichiga sig'may ketgan Ka'b: "Ey rasululloh, mening tavbamni qabul etgani uchun bor mol-mulkimni Ollohga va uning rasuliga sadaqa qildim", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Mol-mulkingning bir qismini olib qol, o'zingga ham kerak bo'lib qoladi", dedilar va shundan keyin uchovlonning tavbasi qabul qilinganligi haqidagi Tavba surasining 118-oyatini o'qib bsrdilar: "Olloh g'azotdan qolib ketgan uch kishining tavba qilishiga ham ijozat berdi. Chunki keng olam ularga tangu tor bo'lgan, yuraklari siqilgan, ular Ollohdan o'zga sig'inadigan hech kim yo'qligini anglab yetishgan edi. Tavba qilishgani uchun Olloh ularning tavbasini qabul ayladi. Olloh tavbani albatta qabul etguvchi, benihoya mehribon(zot)dir".

SAQIF QABILASINING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Saqif qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Bu tashrifning o'z tarixi bor edi; Musulmonlar qo'shini Saqif qabilasini muhosara qilib, qaytishayotganda Urva ibn Mas'ud yashirincha kelib payg'ambar alayhis-salomga uchrashgan va imon keltirganidan keyin o'z qabilasini Islom diniga da'vat etajagini aytgan edi. Rasululloh uning hayotidan xavfsirab: "Qabiladoshlaring o'ldirib yuborishlari mumkin-ku", degan edilar. "Mendan sira tashvishlanma, rasululloh, qabiladoshlarim meni o'z qizlaridan ham yaxshi ko'rishadi", deya sarvari olamni xotirjam qilishga urindi Urva. U qabiladoshlari orasidagi nufuziga va yuqori martabasiga ishonib, odamlar menga ergashishadi deb o'ylardi. Chindan ham qabiladoshlari uni haddan tashqari yaxshi ko'rishar va astoydil hurmat qilishardi. Urva Toifga kelib maqsadini aytishi bilanoq hech qanday gap-so'zsiz uni shartta nayza otib o'ldirishdi.

Oradan bir oy o'tgach, Saqif qabilasining oqsoqollari maslahatlashib o'zlarining atrofdagi arab qabilalalari bilan urushishga qodir emasligini tan olishdi va bundan buyon qanday yo'l tutishlari lozimligi haqida yo'l-yo'riq olgani payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga biron kishini yuborishga qaror qilishdi. Ko'pchilik Abd Yelayl ibn Amr borsin, degan fikrga kelgan, biroq u: "Besh-olti kishini qo'shib bermasanglar bormayman", deya oyoq tirab turib oldi. Oqsoqollar hurmatga sazovor kishilardan beshovlonni unga hamroh qilib Madinaga jo'natishdi. Elchilar kelib payg'ambar alayhis-salomga maqsadlarini aytishdi. Rasululloh elchilar Qurtyun eshitishlari va musulmonlarning namoz o'qishini ko'rib turishlari uchun masjidning bir chetiga maxsus chodir tikdirdilar. Elchilar oralaridagi eng yoshi kichik Usmon ibn Abu Osni narsalariga qorovul qilib, o'zlari payg'ambar alayhis-salomning yonlariga borib turishardi. Ular qaytib kelgach, Usmon borib rasulullohdan Qur'on o'rganar, u kishi dam olganlarida Abu Bakrdan ta'lim olardi, Usmon tirishqoqlik bilan Qur'onning ko'pgina suralarini yod oldi, biroq bu narsani hamrohlaridan pinhon tutdi. Elchilar Islom dinini qabul qilib, birovni o'zlariga boshliq etib tayinlashlarini so'rashdi. Usmon ibn Abu Osning Islom diniga Qur'on o'qishga va diniy ahkomlarni bilishga ishtiyoqi kuchli ekanini bilgan payg'ambar alayhis-salom uni elchilarga rahbar etib tayinladilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.