background
logotype
image1 image2 image3

Nusayba binti Kaʼb

Nusayba ertangi kunini o‘ylab, o‘zida yo‘q xursand va shirin xayollar og‘ushida o‘tirar edi. Ertaga Yasribning ko‘zga ko‘ringan yigitlaridan biri Zayd ibn Osim bilan nikoh to‘ylari bo‘ladi.

Bu tong butun xonadon ahli har kungidan ham ertaroq turdilar. Hamma to‘y harakati bilan ovora. Ayollar childirma chalib, o‘lanlar aytishar, erkaklar bo‘lsa, turli xil o‘yin-tomoshalar ko‘rsatishardi. Oqshom payti chiroyli kelinlik libosiga burkangan Nusaybani Zaydning xonadoniga kuzatib qo‘yishdi.

Er-xotin mas'ud va baxtiyor kun kechirardilar. Sevgi va xursandchilik buloqlaridan qonib-qonib ichardilar. Bu orada Abdulloh va Habib ismli ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Nusayba farzandlarini juda sevar, ularni ko‘z qorachigidek avaylab-asrar edi.

Musulmon oila

Bir kuni Zayd uyga juda xursand holda kirib keldi. Aytgan so‘zlari, uning qanchalar shod ekanini bildirib turardi. Xotinining yoniga o‘tirgach, quvonchining sababi bo‘lgan juda muhim xabarni aytish uchun asta so‘z boshladi:

- Nusayba, bu oqshom Yasrib zodagonlarining majlisida qatnashdim. Abdullohning o‘g‘li Muhammad Makkadan elchi qilib yuborgan Mus'ab ibn Umayrning suhbatida bo‘ldik. Uning aytishicha, Muhammad bugun insoniyatga Alloh tomonidan payg‘ambar etib yuborilibdi, insonlarni jaholat qorong‘uligidan qutqaribdi.

- Sen aytayotgan Muhammad Omina binti Vahbning o‘g‘li emas-mi? - deya so‘radi Nusayba.

- Ha, xuddi shunday, - javob berdi Zayd.

- U holda, Muhammad bilan oramizda qarindoshlik bor! Chunki nasabimiz Najor o‘g‘illariga borganida birlashadi. Zayd, nahotki, Quraysh qavmi sen aytgan ishlarga qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lsa?

- Arablar orasida obro‘-e'tiborining tushib ketishidan qo‘rqqan Quraysh Muhammadga qattiq qarshilik ko‘rsatibdi. Ayniqsa, but va tangrilarining Muhammad tomonidan tanqid qilinishi Qurayshni g‘azablantirgan. Ular turli yolg‘on, tuhmatlar bilan Muhammadga qarshi kurash boshlaganlar. Ammo Quraynshing butun bu harakatlari Muhammadni yo‘lidan voz kechtira olmabdi...

- Zayd, uning to‘g‘ri so‘zligi haqida nima deya olasan?

- Qurayshning Muhammadga ko‘p mol-dunyo va qabila boshliqligini taklif etishlariga qaramay, uning bu takliflarni rad etishi, kishi ko‘nglidagi shubhalarni tarqatib yuboradi. Agar bu odam davlat yoki kuch-qudrat orqasidan yugursa, nima uchun qo‘lini uzatsa yetgudek bu ikki ne'matdan yuz o‘giradi? Men uning da'vosi haq va samimiy ekaniga ishonchim komil.

- Zayd, - dedi Nusayba. - Gaplaringdan uning muxlisi bo‘lganing ko‘rinib turibdi.

- Nusayba! Vallohi, men unga muxlis bo‘lish bilan cheklanib qolmadim! Ayni damda imon keltirib, Allohdan boshqa haqiqiy iloh yo‘qligiga va Muhammad Allohiing elchisi ekaniga shahodat keltirib, uning ummati bo‘ldim. Mus'abnint Muhammad va Islom dini haqidagi so‘zlarini sen ham eshitganingda, aminmanki, imon keltirarding. So‘zlar uning og‘zidan salsabil kabi oqardi. Har bir kalimasi boldan ham totli. Insonga insonligini va qadrini his ettirgan ilohiy xushxabar bu.

Ko‘zlaridan marvarid donalaridek yoshlar oqayotgan Nusayba ham:

- Rabbim Alloh, payg‘ambarim Muhammaddir, -deya e'lon qildi.

Er-xotin cheksiz quvonch bilai bir-birini tabrikladi. Kelgusi haj mavsumida yasriblik musulmonlar karvoni bilan Makkaga borib, Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam) bay'at etishga qaror qildilar.

Ikkinchi Aqoba kengashi

Arab yarimorolining turli tomonidan, turli kabilalaridan kelgan kishilar Makka ko‘chalarida seldek oqardilar. Musulmonlarning ulug‘ ibodati bajo kelgariladigan haj mavsumi edi.

Mus'ab ham bir guruh yasriblik musulmonlarga bosh bo‘lib, Makkaga kirib keldi. Payg‘ambarimizning(sollallohu alayhi va sallam) huzuri saodatlariga kirib, salom berdi va xushxabar bilan kelganini aytdi. Yasrib xalqining Islom da'vatini ochiq yuz bilan qabul qilib, bay'at etish uchun kelganlari mujdasini eshitgan Payg‘ambarimizining (sollallohu alayhi va sallam) muborak dudoklarida tabassum ko‘rindi. Yasriblik musulmonlar bilan bo‘ladigan uchrashuv joyi va paytini tayin etdilar.

Makka shahri uzra sukunat hukmron. Biroq ana shu osudalik ichida ko‘zlari uyqusiz, ko‘ngillari buyuk bir muloqotning sog‘inchi bilan yonayotgan insonlar ham bor. Bu insonlar yasriblik musulmonlar edi. Ular tun qo‘ynida Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) kutyaptilar. Aqoba tuprog‘ining har bir zarrasi bu kecha insoniyat tarixida eng ulug‘ kelishuv va buyuk vafodorlikning shohidi bo‘ladi.

Kechaning teng yarmida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) amakilar Abbos bilan birgalikda Aqobaga keldilar. Yasribliklar Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) qilichlarining soyasida bay'at etib, moddiy va bashariy barcha imkoniyatlarini sarf etib, Islom dini va Payg‘ambarini mudofaa etishga so‘z berdilar. Nusayba va eri Zayd ham bay'at etganlar orasida edi.

Hamma qatori er-xotin ham Yasribga qaytdi. Biroq bu safar ularning qalblari quvvat va jasorat, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) qalblaridan ko‘chib o‘tgan kuchli imon bilan to‘la edi.

Islom nuri Nusaybaningbutun ruhini, vujudini qamrab oldi. U o‘zini Alloh va Rasuli yo‘lida fido qilishga tayyor edi.

Badr jangi

Qurayshning zulmiga uchragan va mol-mulkini Makkaga tashlab Madinaga hijrat etishga majbur bo‘lgan musulmonlarga Janobi Alloh jang qilish ruxsatnin berdi. Musulmonlarning son va ulov jihatidan oz bo‘lgan askarlari Quraysh qo‘shinlari bilan yuzlashdilar. Nusayba ham o‘g‘li Abdullohni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga yubordi. Abdulloh mo‘ylovi endi sabza urgan yigit edi. Yuragi imon va jasarot bilan to‘lib toshgan Abdulloh doimo onasining o‘gitlarini unutmay, mushriklar ustiga tashlanardi.

Shonli Badr zafarining xabarlari Madinai munavvaraga yetib borgach, musulmonlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va Badr g‘oziylarini takbir va tahlil ovozlari bilan kutib olishga chiqdilar. Nusayba ham Badr g‘oziysi bo‘lish sharafiga erishgan o‘g‘li Abdullohni cheksiz sevgi va shafqat bilan bag‘riga bosdi va porloq peshonasidan o‘pib tabrikladi.

Hayot har doim bir maromda ketmaydi, o‘ziga yarasha achchiq va shirin kunlari bo‘ladi. Sevimli eri Zayd ibn Osimning vafoti Nusaybaga qattiq ta'sir qildi. Ammo Nusayba tasallini kuchli imonidan topib, Janobi Allohning taqdiriga bo‘yin egdi. Sabr bilan Allohning rizosiga erishishiga harakat qildi. Keyinchalik G'oziyya ibn Amr taklifi bilan unga turmushga chiqdi.

Badrda yengilgan mushriklar intiqom olish uchun katta askariy qo‘shin bilan Madinaga yo‘l oldilar. Shahar yaqinidagi Uhud tog‘i atrofida qarorgohini tikladilar.

Musulmonlar va mushriklar o‘rtasida shiddatli jang boshlandi. Musulmonlarning kuchli hamlasiga qarshilik ko‘rsatolmagan mushriklar ko‘plab g‘animatlarni qoldirib, qocha boshladilar. Bu holatni Quraysh qo‘shinining yengilishi sifatida qabul qilgan musulmon o‘qchilar g‘animat to‘plashga kirishib ketdilar. Qulay fursatdan foydalanib, mushriklar yana musulmonlar ustiga hujum qildilar. Hazrati Hamza ibn Abdumuttalib, Mus'ab ibn Umayr kabi bir qancha ko‘zga ko‘ringan sahobalar shahid etildi. Bundan ruhlanib ketgan mushriklar Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam) mo‘ljalga olib, ilgarilay boshladilar.

Nusayba (roziyallohu anhu) Uhud jangida hamshiralik vazifasini zimmasiga olgan edi. Jangchilarga yordam berar, yaradorlarning jarohatini bog‘lardi. Ammo musulmonlar ichida paydo bo‘lgan parokandalikni ko‘rgach, qo‘lidagi meshni tashlab, qilichga yopishdi va Alloh yo‘lida jang qila boshladi.

Payg‘ambarmizni (sollallohu alayhi vasallam) qo‘riqlab turgan halqa tobora torayib borardi. Nusayba eri G'oziyya va o‘g‘li Abdulloh bilan birgalikda Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) mardonavor himoya qilib turardilar. Keyinchalik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Nusaybaning bu qahramonligi haqida shunday degan edilar:

- Kachon o‘ngimga yoki so‘limga qarasam, meni himoya etish uchun jang qilayotgan Nusaybani ko‘rardim.

Nusaybaning kalqonsiz, dushman qilichining zarbalariga qarshi himoyasiz jang qilayotganini ko‘rgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qochib ketayotgan bir musulmon askarga:

- Qalqoningni jang qilayotganlarga qoldir! - deb buyurdilar.

To‘xtovsiz uzilayotgan o‘qlar va dushman hamlalariga qarshi Alloh Rasulini mudofaa qilishda o‘rnak bo‘lgan kishilardan biri Nusayba edi.

Kuraysh suvoriylaridan biri Nusaybaga hujum qildi. Biroq Nusayba dushman qilichining zarbasini qalqon bilan qaytardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Nusaybaning o‘g‘li Abdullohga:

- Abdulloh, onangga yordam ber! - deya baqirdilar. Onasiga yordam berish uchun dushman ustiga tashlangan Abdulloh yaralandi. Nusayba darhol o‘g‘lining yoniga kelib, jarohatini bog‘ladi. So‘ng:

- Qani o‘g‘lim, dushmanga qarshi jang qilishda davom etaylik, - dedi.

Voqeaga guvoh bo‘lib turgan Rasuli Akram:

- Nusaybaning qilganini kim qila oladi? - deb marhamat qildilar.

Ha, Nusaybaning ko‘rsatgan qahramonligi har qanday er yigitning qo‘lidan kelmasdi! U suvsaganlarga suv tutar... Yaralanganlarning jarohatini bog‘lar... Mardonavor jang qilardi... Bu imonli ayolning buyuk jasoratiga loyiq mukofotni faqat Janobi Alloh ehson eta oladi!

Jang davom etardi va mushriklar Payg‘ambarimiz turgan mavzega tobora yakinlashib kelardi. Quraysh shamshirbozlaridan Ibn Kolsha oldinga chiqib:

- Menga Muhammadni ko‘rsating! Ikkimizdan birimiz, albatta, sog‘ qolmaymiz, - deb baqirdi. Unga qarshi Nusayba va Mus'ab ibn Umayr chiqdilar. Mus'abni shahid etgan Ibn Kolsha Nusaybaga tashlandi. Ikki qavat zirh kiygani uchun Nusayba ustma-ust urgan qilich zarbalari ta'sir etmadi.

Bu jangda Nusayba turli joylaridan o‘n uchta jarohat olgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Abdullohga:

- Onangning oldiga bor va yarasini bog‘la! - deb baqirdilar.

So‘ng:

- Ey Nusayba oilasi! Janobi Alloh sizni muborak qilsin. Sening onangning maqomi falon-falon kishilarning maqomidan ustunroqdir. Alloh bugun oilangizni panohida saqlasin! -dedilar.

Nusayba o‘zi va oilasi haqqiga Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) duo so‘radi.

- Yo Rasululloh! - dedi u. - Jannatda siz bilan birga bo‘lishimiz uchun Allohga duo eting.

Rasuli akram:

-Allohim! Jannatda ularni menga do‘st qil! - deya duo etdilar.

Shundan so‘ng Nusayba:

- Ortiq dunyoda har qanday alam cheksam ham ahamiyati yo‘q, - deb hayqirdi va yanada kuchli azmu iroda bilan mujodalani davom ettirdi.

Asta-sekinlik bilan dushman qo‘shinlari orqaga chekina boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mushriklarni Hamroul Asad vodiysigacha ta'qib etishga amr etdilar. Nusayba ham ta'qibchilar bilan birga bormoqchi bo‘ldi, ammo butun vujudini qamrab olgan shiddatli og‘riq bunga imkon bermadi, Madinaga qaytishga majbur bo‘ldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Hamroul Asaddan Madinaga qaytganlarida, saodat xonalariga kirishdan oldin Nusaybaning ahvolini bilish uchun odam yubordilar. Nusaybaning ahvoli yaxshi ekanini eshitib, juda sevindilar.

Nusayba o‘g‘illari Abdulloh va Habibni ko‘ngillarida Alloh yo‘lidagi fidokorlik sevgasi bilan o‘stirdi. Islom bayrog‘ining yuksalishida ixlos va sadoqat bilan xizmat qilishga o‘rgatdi.

Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng, Nusayba qolgan umrini Payg‘ambarimizni sog‘inib, jannatda u zot bilan uchrashadigan kunni kutib o‘tkazdi. Hayotining oxirida imoni bergan buyuk huzur ichida ruhini ulug‘ Rabbiga taslim etdi.

 «Qahramon moʻmina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.

Ummu Umoraning asl ismi Nasiba (Nusayba) binti Ka’b ibn Amr ibn Avf ibn Mabzul Najjoriyya Madaniyyadir. U hammaga ibrat ko‘rsatgan va yaxshilik qilish borasida namuna bo‘lgan ulug‘ sahobiya ayollarning biridir.

Imom Zahabiy rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Bugun Nusayba binti Ka’bning o‘rni falonchi va falonchining o‘rnidan yaxshidir”, deganlarini eshitdim”.

Nusayba binti Ka’b saxovati bilan tanilgan, islom va musulmonlar xizmatida ulkan ishlarni qilgan oilada ulg‘aydi. Akasi Abdulloh ibn Ka’b Moziniy Badr jangida qatnashgan sahobiylardan edi. Yana bir akasi Abdurahmon esa, Tabuk g‘azotidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yig‘lab kelgan yetti sahobiyning biri bo‘ldi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, jangga borish uchun birorta ulov topib berishlarini so‘ragan edilar. Rasululloh ularga ulov topib bera olmadilar. Noiloj orqalariga qaytar ekanlar, ko‘zlari yoshlandi. Odamlar ularni “Ko‘z yoshi to‘kuvchilar” deb atagan edi. Shunda ular haqida ushbu oyat nozil bo‘ldi: Shuningdek, sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo‘yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", – dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g‘amgin bo‘lib, ko‘zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta’na yo‘q) (Tavba, 92). 

Turmush o‘rtog‘i Zayd ibn Osim ibn Amr Moziniy Najjoriy Islomga birinchilardan bo‘lib kirgan, ikki o‘g‘li Habib va Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo‘lish baxtiga erishgan edi. Ummu Umora roziyallohu anho keyinchalik G‘oziyya ibn Amr ibn Atiyya Moziniy Najjoriyga turmushga chiqdi. Undan ikki farzand Tamim va Xavla dunyoga keldi. Alloh taolo har ikkisiga ham hidoyat va ixlos ne’matini berdi.

Uhud jangida Ummu Umora roziyallohu anho bir necha joyidan jarohatlandi. Bu jarohatlarning eng kattasi yelkasidagi Ibn Qomia jarohatlagan og‘ir jarohat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning jarohatini ko‘rib o‘g‘li Abdullohga onasining jarohatini bog‘lab qo‘yishni buyurdilar va: “Sizdek oilaga Alloh taoloning barakasi bo‘lsin! Onangning maqomi falonchi va falonchilarning maqomidan yaxshi, otangning (o‘gay ota) maqomi falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, sening maqoming falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, Alloh taolo sizdek oilaga rahm qilsin!” dedilar. Bu gaplarni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Alloh taolodan duo qilib so‘rasangiz, jannatda meni sizga hamroh qilsa!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, ularni jannatda menga hamroh qilgin!” deb duo qildilar. Bu duoni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Endi menga dunyoda nima yetsa ham parvo qilmayman” dedi.

Bu sahobiya ayol sabr qilish borasida ham ulug‘ martabalarga erishgan. O‘g‘li Habib o‘ldirilganida Alloh taolodan savob umidida sabr qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Yamomada payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama kazzobning oldiga yuborgan edilar. Musaylama undan: “Muhammadning (s.a.v.) rasul ekaniga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Ha” dedi. Musaylama: “Mening rasul ekanimga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Gapingni eshitmadim!” dedi. Bir necha bor so‘raganda ham shu javobni olgach, Musaylama uning a’zolarini birma-bir kesib tashladi.

Ummu Umora roziyallohu anho Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga kelib Musaylama kazzobga qarshi janga ketayotganlar bilan birga borishga izn so‘radi. U zot Xolid ibn Valid roziyallohu anhu bilan maslahatlashib, unga izn berdilar. O‘sha vaqtda oltmish yoshni qoralab qo‘ygan bo‘lsa ham uning qasdu irodasi kuchsizlanmagan edi. Ushbu kundagi jangda o‘n bir joyidan jarohatlansa ham g‘ayrati susaymadi. Ular zafar quchdilar. Ummu Umora roziyallohu anho xalifalar davrida o‘ziga loyiq martabada hayot kechirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu bu ayolning ziyoratiga kelar va ba’zi masalalarda maslahatlashib turardilar. Umar roziyallohu anhu ham bu ayolning hurmatini joyiga qo‘yar edilar. Sahobiya hijratning o‘n uchinchi yili Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida vafot etdi. Alloh undan rozi bo‘lsin!

Dilfuza Rahimova| Muslim.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.