background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning Toifga hijratlari

Mushriklarning jabru sitami haddidan oshib ketgach, rasululloh Makkaning sharqi-janubida joylashgan Toifdagi saqif qabilasidagilardan yordam so'ramoqchi hamda shu bahonada ularni dinga da'vat etmoqchi bo'ldilar.

Saqif qabilasi orasida payg'ambar alayhis-salomning qarindoshlari ham bor edi. Sarvari olam ozodgardasi Zayid ibn Horisa bilan qabila oqsoqollari huzuriga bordilar. Amir ibn Umayr Soqifning o'g'illari Abdiyolil, Mas'ud, Habib qabila boshlig'i edilar. Rasululloh gapni dinga da'vatdan boshladilar va shu zahoti qattiq zarbaga uchradilar. Muhammad alayhis-salom bu yerga bekorga kelganlarini, urinishlari zoe ketishini anglab afsuslandi va bu yerga kelishlarini quraysh mushriklari noto'g'ri tushunishlaridan, bizga qarshi kuch to'playapsan degan xavotirda dushmanlikni battar avj oldirib yuborishlaridan xavfsirab kelganlarini sir tutishlarini o'tindilar, biroq oqsoqollar u kishining iltimosini rad etishdi. Bunisi ham yetmagandek ahmoq odamlar bilan bolalarni gij-gijlab, rasulullohning yo'lini to'sib tosh ottirishdi. Zayid ibn Horisa himoya qilishga harchand urinmasin rasulullohning oyoqlari yaralandi. U kishi qocha-qocha bir tup tok tagiga kelib dam olmoqchi bo'ldilar. Biroq, tok ashaddiy dushmanlari Utba bilan Shaybaga qarashli ekanini bilgan rasululloh bu yerda bir nafas turishni ham istamadilar. Payg'ambar alayhis-salom: "Ey parvardigorim, - deya haq taologa murojaat qildilar. - Tanimda madorim, el-yurt orasida hurmat-e'tiborim qolmagani uchun senga shikoyat qilyapman. Ey ulug' hurmatga sazovor zot, sen ojizlarga yordam berguvchisan, yaratgan robbimsan, meni kimlarga topshirib qo'yding? Agar g'azab qilmasang bu qiyinchiliklar menga pisand emas". Bu gaplarni eshitib turgan Utba bilan Shaybaning rahmi kelib rasulullohga quli Addosdan bir bosh uzum berib yuborishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Bismillahir rohmanir rohim" deb uzumni yeya boshladilar. Addos: "Bu yurtning odamlari bunday gaplarni aytishmasdi. Qayerliksan?" - deb so'radi "Sen o'zing qayerliksan? Qaysi dinga e'tiqod qilasan?" - deb so'radilar rasululloh. "Men Dajla daryosi bo'yiga joylashgan Ninavay shahridanman. Nasroniy diniga e'tiqod qilaman", dedi Addos. "Yunus ibn Matto degan yaxshi odamning yurtidan ekansan-da", dedilar sarvari olam. "Sen u kishini qaydan bilasan?" deya qiziqsindi Addos. Rasululloh Qur'ondagi Yunus qissasini o'qib berdilar. Bu hikoyatdan qattiq mutaassir bo'lgan Addos kalima keltirib, musulmon bo'ldi.

Jabroil alayhissalom kelib payg'ambar alayhis-salomga: "Olloh xalqning senga o'tkazgan jabr-zulmlari uchun nima qil desang men shuni bajo keltirishga Olloh tomonidan yuborilganman", deganda rasululloh: "Ey parvardigor, xalqimni hidoyat qil, chunki uning hech narsadan xabari yo'q, omi", deganlar. Shunda Jabroil: "Olloh taolo seni mehr-shafqatli, rahmdil deb rost aytgan ekan", deydi.

Payg'ambar alayhis-salom Naxla degan joyga kelganlarida bir guruh jinlar paydo bo'lishdi va Qur'on oyatlarini eshitib, imon keltirishdi. Ahqof surasining 29-32-oyatlari mana shu jinlar haqida nozil bo'lgan: "Vaqti kelib, bir guruh jinlarni Qur'on eshitishga yubordik. Ular yetib borishgach, bir-biriga jim turinglar deyishdi. Qur'on tilovati tugagach, ular ogoh etuvchilar bo'lib o'z qavmiga qaytib ketishdi. Ular: "Ey qavm, biz Musodan keyin nozil bo'lgan, avvalgi kitoblarga mos keladigan, haq dinga va to'g'ri yo'lga boshlaydigan kitobni eshitdik. Ey qavm, Ollohga da'vat etuvchining haq so'zlarini qabul etinglar va Ollohga ishoninglar, parvardigor ba'zi gunohlarni mag'firat qiladi. Sizlarni qattiq azobdan qutqaradi. Kimki Ollohga ishonishga chaqiruvchining da'vatidan bo'yin tovlasa, u yer yuzida azobdan qochib qutulolmaydi. Unga Ollohdan o'zga biron yordamchi yo'qdir. (Da'vatni rad etish) borib turgan gumrohlikdir". Jinlarning nomi bilan atalgan surada ularning qissasi batafsil bayon etilgan. Jin surasining 1-2-oyatlari mana bunday boshlanadi: "Bir necha nafar jinning mendan Qur'on eshitganligi, ularning biz to'g'ri yo'lga boshlaydigan ajoyib kitobni eshitib: "Imon keltirdik, robbimizga hech kimni sherik keltirmaymiz" deganligi menga vahiy qilindi, degin".

MUT'IM IBN ADINING RASULULLOHNI HIMOYASIGA OLISHI

Payg'ambar alayhis-salomning Toifdagilardan yordam so'rab borganlaridan Quraysh mushriklari xabar topishgani uchun u kishi Makkaga kirib borishga botinolmadilar. Shu bois Mutim ibn Adi ibn Navfal ibn Abdumonofga odam yuborib, uning himoyasida shaharga kirib olishga izn so'radilar. Mut'im bolalari bilan qurollanib keldi-da, rasulullohni Ka'bagacha kuzatib qo'ydi. Mushriklar undan: "Sen Muhammadga homiy bo'ldingmi yoki uning diniga kirdingmi?" deb so'rashdi. Mutim: "Men faqat uni himoyamga oldim", deya javob berdi. Mushriklar: "Unday bo'lsa sening homiyligingga hurmatan unga tegmaymiz", deyishdi.

DAVS QABILASINING ELCHISI

Rasululloh Makkaga qaytganlaridan keyin Davs qabilasidan Tufayl ibn Amr elchi bo'lib keldi. Bu mashhur sahoba Abu Xurayraning qabilasidan edi. O'z qabilasining mo'tabar kishisi, mashhur shoiri bo'lgan Tufayl Qur'on oyatlarini eshitgach, imon keltirib, musulmonchilikka o'tdi. Rasululloh unga: "Izingga qaytib, o'z qavmingni islomga da'vat qil", deb buyurdilar va Xudoga yolborib: "Yaratgan egam, Davs qavmini hidoyat qil!" deya duo qildilar. Tufayl yurtiga qaytib kelgach, rasullohning ko'rsatmasi bo'yicha ish tutdi, bir talay odam islomga kirdi. Bu odamdar keyinchalik payg'ambar alayhissalomga juda ko'p ko'maklashdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.