background
logotype
image1 image2 image3

Rasululloh payg’ambar bo’lishlaridan avval odamlarning bu haqidagi fikr-mulohazalari

Muhammad alayhis-salom payg'ambar bo'lishlari arafasida po'p va rohiblarning olib borgan faoliyatlari tarixdan ma'lum. Yahudiylar dunyoga kelishi mumkin bo'lgan payg'ambardan o'z g'animlari madinalik arablarga qarshi kurashda yordam kutishardi. Osim ibn Amr ibn Qatodaga o'z qavmining odamlari bunday deyishgan: "Ollohning rahmati bilan yahudiy dushmanlarimizdan eshitganlarimiz musulmon bo'lishymizga sabab bo'ldi. Biz Ollohga shirk keltiradigan butrarast edik, yahudiylar esa ahli kitob, biz bilmaydigan narsalardan xabardor edi. Ular bilan o'rtamizda muttasil ko'ngilsizliklar

bo'lib turardi. Yahudiylarni ranjitgan paytlarmizda ular shu kunlarda dunyoga payg'ambar keladigan vaqt yetganini, u bilan birlashib, bizlarni xuddi Od va Eram xalqidek o'ldirajaklarini aytishardi. Biz bunday tahdidni ko'p eshitganimiz uchun Olloh o'z payg'ambari Muhammadni yuborganda uning da'vatlariga quloq solib, dinini qabul qildik. Yahudiylar aytgan gapning mag'zini chaqib, ulardan oldinroq musulmon bo'lishga shoshildik. Yahudiylar esa imon keltirishdan bosh tortishdi". Yahudiylarning biz payg'ambar bilan birlashib, sizlarni Od va Eram xalqidek qirib tashlaymiz, deyishining boisi, ularning kitobida Xudoning elchisi butparastlarni kuch bilan yo'qotadi, deyilgan. Ularning dili hasad va adolatsizlikka to'lib-toshgani uchun bu dunyo va oxirat azoblariga mubtalo bo'lishlarini o'ylamay imon keltirishmadi. Nasroniy dinini qabul qilgan arab Umayya ibn Abissolt yurtimizda dunyoga keladigan payg'ambarlarning sifatini kitoblarda ko'p o'qiganman, der edi. Eronlik Salmon Roziyallohu anhu bir kohin bilan suhbatlashganida u: "Ey Salmon, Olloh Ahmad ismli bir payg'ambar yuboradi, bu zot Tihoma* tog'laridan chiqadi. uning sifatlaridan biri sovg'ani olish, sadaqani rad etish bo'ladi", deganini hikoya qiladi. Kohinning bu gapi Salmonni imon keltirishga undadi. Payg'ambar alayhissalom ko'pgina podsholarni islom diniga da'vat etib, maktub yo'llaganlar. Faqat nasroniy va yahudiy dinlaridan xabarsiz Kisrogina u kishining nomasiga nopisandlik bilan qaragan. Habash podshosi Najoshiy, Misr podshosi Muqavqis, Rum podshosi Qaysar kabi nasroniy dinidagi hukmdorlar payg'ambarning elchilarini izzat-ikrom bilan kutishgan. Ularning orasida Najoshiydek iymon keltirganlari ham, Qaysardek chiroyli javob qaytargan, qalban imonga kelishiga oz qolgan, dunyoga podsholikka mukkasidan ketmagan insoflilari ham, Muqavqisdek ikkilanganlari ham bor. Rasulullohning podsholar qo'rqqudek kuch-qudratlari yo'q edi. Ular Isoyi masihning o'zidan keyin keladigan payg'ambar haqidagi bashoratlarini, Muhammad alayhis-salomning ta'riflari o'z kitoblarida bayon etilgan sifatlarga aynan mos kelishini bilganlari uchun rasulullohning elchilarini izzat-ikrom bilan kutishgan. Sarvari olam dunyoga kelishlari arafasida g'oyibdan u kishi haqida xabar beruvchi ovozlar eshitilib turgan. Kohinlar o'z kitoblaridagi vahiylarni odamlarga muttasil yetkazishgan. Ollohning rasulullohga muyassar etgan ishlari u zotning odamlarga yetkazgan so'zlari, da'vatlari to'g'riligini, o'zlarining chin payg'ambar ekanliklarini isbotlaydigan dalildir. Chuqur mulohaza qilgan kishi hidoyat topadi, Olloh hammamizni to'g'ri yo'lga boshlasin.

*Tihoma - Qizil dengizning sharqi bilan Yamanning shimoliga joylashgan, Makka, Yanbu, Jiddadek shaharlari bor yurt.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.