background
logotype
image1 image2 image3

Ayollarning bay’at qilishi

Payg'ambar alayhis-salomga erkaklar bay'at qilib bo'lgach, navbat ayollarga keldi. Ular Ollohga hech narsani sherik keltirmaslikka, o'g'rilik va zino qilmaslikka, bolalarini o'ldirmaslikka, birovlardan topgan bolasini erlaridan deb turib olmaslikka, yaxshi ishlarda payg'ambar alayhis-salomga ergashishga bay'at qilishdi. Shundan keyin rasululloh Bilolga Ka'baning ustiga chiqib azon aytishni buyurdilar. Bu Baytullohda islom dinining birinchi marta oshkora e'tirof etilishi edi. Bu kunni Olloh bergan katta ne'mati va ulug' g'alabasi uchun musulmonlar hayit bayramidek ulug'lab nishonlasalar arziydi. Makka fath etilgach, rasululloh bu yerda o'n to'qqiz kun turdilar, bu vaqt ichida namoz qasr* qilib o'qildi. Payg'ambar alayhis-salom Makkaga Attob ibn Usaydni hokim qilib, kuniga bir dirham maosh tayinladilar. "Kuniga bir dirhamga to'ymagan qorinni Olloh sira ham to'yg'azmasin", derdi Attob.

*Qasr - uch kunlik safarga chiqqan kishi to'rt rakaat farz namozini ikki rakaat qilib o'qilishi. Hozirgi zamon ulamolari 80 kilometr masofaga safar qilgan odamni musofir hisoblashadi.

UZZO, SUVO', MANOT BUTLARINING YO'QOTILISHI

Payg'ambar alayhis-salom Makkaga kelganlarining beshinchi kuni Xolid ibn Valid boshchiligidagi o'ttiz nafar suvoriyni Uzzo degan butni sindirib kelishga yubordilar. Uzzo qurayshlar cho'qinadigan eng katta but bo'lib, Nahla degan joyga o'rnatilgan edi. Musulmonlar uni qulatib, maydalab tashlashdi.

Rasululloh Amr ibn Osni Suvo' butini yo'q qilishga yubordilar. Huzayl qabilasining bu eng katta buti Makkadan uch mil olisdagi bir joyga o'rnatilgan edi. Amr ibn Os uni yer bilan yakson qilib qaytdi.

Sarvari olam Sa'd ibn Zayd Ashhaliy boshchiligida yigirma nafar odamni Manot degan butni yo'qotib kelishga jo'natdilar. Bu Kalb va Xuzoa qabilasining buti bo'lib dengiz yoqasidagi Mushallal degan toqqa o'rnatilgan edi. Musulmonlar borib uni qulatib tashlashdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.