background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 20-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 20-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda ko‘p duolar bilan iltijo qilardilar-u, biz undan birortasini yodlab qola olmas edik. Shunda men: «Ey Rasululloh, ko‘p duolar bilan iltijo qilasiz-u biz undan birortasini yodlamaymiz», desam, u zot: «Ana shu duolarning barchasini o‘zida jamlaganiga dalolat qilaymi? U «Allohumma inniy as'aluka min xoyri ma sa'alaka minhu nabiyyuka Muhammadun sollallohu alayhi vasallam va na'uzu bika min sharri masta'ozaka minhu nabiyyuka Muhammadun sollallohu alayhi vasallam va antal musta'onu va ‘alaykal balag‘u vala havla vala quvvata illa billah»dir, dedilar. (Ma'nosi: Allohim, nabiyying Muhammad alayhissalom so‘ragan narsalarning yaxshisini Sendan so‘rayman. Va nabiyying Muhammad alayhissalom panoh so‘ragan narsalarning yomonidan panoh so‘rayman. Va Sen yordam so‘raluvchi zotsan. Yetuklik Sengadir. Allohdan boshqa o‘zgartiruvchi va quvvat yo‘qdir.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abdulloh ibn Amr ibn Oss aytdilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Musulmonlarning qaysi biri yaxshiroq?» deb so‘raganida, u zot: «Musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘luvchi kishi yaxshiroqdir», dedilar». (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdim. Tuyam juda imillab kelardi. Shu payt yonimdan Nabiy sallallohu alayhi va sallam utib qoldilar-da: «Bu kim?» - dedilar. Men: «Jobir ibn Abdullohman», - dedim. «Nega orqada qolding?» - dedilar. «Tuyam imillab qoldi», - dedim. «Tayog‘ing bormi?» - dedilar. Men: «Bor», - dedim. «Uni menga ber!» - dedilar. Men tayoqni bergandim, ul zot u birlan tuyani o‘rib: «Chu, jonivor!» - dedilar. Shunda tuyam ilgarilab ketib, qavmning oldiga o‘tib oldi. So‘ng, Janob Rasululloh: «Uni menga sot!» - dedilar. «U sizga, olaqoling, yo Rasulalloh!» - dedim. «Uni menga sot, to‘rt dinorga xarid qildim, ammo Madinagacha uni o‘zing minib borasan», - dedilar. Madinaga yaqinlashganimizda tuyamni tezlatdim. Shunda ul zot: «Namuncha shoshmasang!» - dedilar. «Yaqinda bir bevaga uylangandim», - dedim. «Sen birlan o‘ynab-kuladigan birorta yosh qiz yo‘qmidi?» - dedilar. «Otam vafot etganlaridan keyin, (to‘qqizta) singilga qarab turish mening zimmamga tushdi. Shuning uchun ularni yuvib-tarab, tarbiyalay oladirgan bevaga uylana qoldim», - dedim. Madinaga yetib kelganimizda Janob Rasululloh Bilol (raziyallohu anhu)ga: «Buning (tuyaning) haqini ortig‘i birlan to‘lagin!» - dedilar. Bilol menga turt dinor-u bir qiyrot berdilar. Janob Rasululloh ning o‘sha bir qiyrot siylovlarini umrbod cho‘ntagimda saqladim». (sahih, Buxoriy rivoyati). 

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir ipak hulla (ishton va kuylak) hadya qilishdi. Janob Rasulullohning sahobalari hullaning nafisligidan taajjub qilishib uni qo‘llari birlan ushlab ko‘rayotgan erdilar, ul zot ularga: «Buning nafisligidan taajjub qildingizlarmi? Sa'd ibn Muozning (jannatdagi) ro‘molchasi bundan yaxshiroqdur!» - dedilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati) 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.