background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 26-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 26-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ularni ham, ularning ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih-mo‘min bo‘lgan kishilarni ham O’zing ularga va’da qilgan mangu jannatlarga dohil qilgin. Albatta Sening O’zinggina qudrat va hikmat sohibidirsan. O’zing ularni barcha yomonliklardan asragin. Kimni o‘sha Kundagi (qiyomatdagi) yomonliklardan asrasang, bas haqiqatan unga rahm-shafqat qilibsan. Mana shu buyuk baxtdir. (G’ofir surasi, 8-9-oyatlar) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma oltinchi hadis. 
Jobirdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Agar farz namozlarini o‘qisam, ramazon ro‘zasini tutsam, halolni halol va haromni harom, desam, bularga biror narsani qo‘shmasam, jannatga kiramanmi?» deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», deb javob qildilar. Imom Muslim  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abu Bakr Siddiq o'gitlari
- To‘g‘ri harakat qilsam, menga ergashing. To‘g‘ri yo‘ldan chiqsam, meni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ying.
- Qabrga tayyorgarliksiz kirgan kishi kemasiz dengizga tushgan odamga o‘xshaydi.
- Dunyo - mo‘minlarning bozori, kecha va kunduz - sarmoyalari, go‘zal amallar - tijorat mollari, jannat - foydalari, jahannam esa zararlaridir.
- Ey insonlar! Siz qay zamon tugashi sizga noma’lum bir umr ichida kun va tunlaringizni o‘tkazmoqdasiz. Agar qo‘lingizdan kelsa, bu hayotingizni solih amallar bilan o‘tkazing. Buni ham faqat Alloh taoloning yordami bilan amalga oshira olasiz. Ajalingiz sizdan ishlash fursatini olib qo‘ymasdan turib, imkoniyatlaringizni ishga soling, xayrli amallarga shoshiling. Zero, ajallarini unutgan, amallarini boshqalarga tashlagan kimsalar ham bordir. Zinhor ular kabi bo‘lmang. Tezroq bo‘ling, g‘aflatda qolmang... Yashayotgan kishilarga emas, o‘lganidan so‘ng ular ortda qoldirayotgan go‘zal narsalarga havas qiling! 
 
Saodat asri qissalari


Eng sara ozuqa
Kumayl ibn Ziyod rivoyat qiladilar: 
«Hazrati Ali, roziyallohu anhu, bilan birga aylanib yurar edik. Jabbon qabristoni yonidan o‘tayotganimizda, qabristonga qarab: 
— Ey qabrlarda yotganlar, ey suyaklari chirib, tuproqqa qorishganlar, ey qoronHuliklarda yolg‘iz qolganlar, sizlarda nima gap? Bizdan so‘rasangiz, mollaringiz taqsimlandi, bolalaringiz o‘ksiz va yetim qoldi va xotinlaringiz boshqa turmush qurishdi. Bizda ana shunday xabarlar. Sizlarda qanday xabarlar bor? — deb so‘radilar. 
So‘ngra men tomonga burilib:
— Ey Kumayl, agar ularga javob qilish uchun izn berilganida: “Ozuqaning eng yaxshisi taqvodir”, deb aytishgan bo‘lar edi, — dedilar.
Birozdan keyin esa yig‘lab, bunday dedilar:
— Ey Kumayl, qabr amallar sandig’ir. Buni faqat o‘lganingdan so‘ng bilasan...»


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.