background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 13-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 13-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o‘rtasida haq hukm qilgaysan. O’zing hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan! (A’rof surasi, 89-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
O’n uchinchi hadis. 
Ibn Mas’uddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohdan boshqa iloh yo‘q va mening Allohning rasuli ekanimga guvohlik bergan musulmon kishining qoni halol emas, faqat uch narsaning birida haloldir (ya’ni, o‘ldirish joiz): ular oilali zinokor bo‘lsa. Nafs nafs bilan, ya’ni qasos. Jamoatdan ajrab, dinini tark qiluvchi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abu Zarr G'iforiy o'gitlari:
Sufyon as-Savriydan, roziyallohu anhu:
“Abu Zarr G'iforiy, roziyallohu anhu, Ka’ba yonida turib:
— Ey insonlar! Sizning foydangizni o‘ylagan bir birodaringiz sifatida bir-ikki og'iz gapirmoqchiman, — dedi.
Odamlar uning gaplarini eshitib atrofini o‘rab olishdi. Abu Zarr G'iforiy ulardan:
— Mobodo yo‘lga chiqmoqchi bo‘lsangiz safar uchun kerakli narsalar tayyorlaysizmi, yo‘qmi? — deya so‘radi.
Odamlar:
— Albatta, tayyorlaymiz, — deb javob berishdi.
— Qiyomat safari eng uzoq safardir. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ring.
— Qanday hozirlik ko‘rishimiz kerak?
— Katta tashvish-xavotirlardan xalos bo‘lish uchun haj farzini ado etingiz. Qiyomat kunida qattiq savol-javob bo‘lishini o‘ylab, issiq kunlarda ro‘za tuting. Qabrning dahshati va u yerdagi yolg‘izlikni o‘ylab, kechaning tim qoronHusida turib, namoz o‘qing. Qiyomat kunining mashaqqatlarini o‘ylab, doimo foydali gaplarni ayting. Agar buni uddalay olmasangiz, zararli biror so‘z aytib yubormaslik uchun jim turing. Molingiz bilan muhtojlarga yordam bering. Kuningizni ikkiga bo‘lib, bir qismini oxiratga tayyorgarlik ishlari, qolganini halol rizq-nasiba topish bilan o‘tkazing. Uchinchi bo‘limining esa sizga foydasi yo‘q, zarari bordir. Molingizni ham ikkiga bo‘ling. Bir qismini bola-chaqangiz uchun sarflab, qolganini oxiratingiz uchun ozuqa qiling. Uchinchi qismining esa sizga foyda emas, zarari borligi uchun, unga ehtiyojingiz yo‘qdir.
Abu Zarr G'iforiy, roziyallohu anhu, so‘zining oxirida baland ovozda:
— Ey insonlar! Azaldan bor bo‘lgan, oxiri ham ko‘rinmaydigan katta bir hirs-ehtiros sizlarni o‘ldirmasin, — deb hayqirdilar”.  
 
Saodat asri qissalari


Jonbaxsh duo yoxud tirilgan murda
Abdulloh ibn Avndan, roziyallohu anhu, Anas ibn Molik, roziyallohu anhu, rivoyat qiladilar: “Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, yonlarida, Suffada edik. Rasuli akramning huzurlariga hijrat qilgan bir ayol keldi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, uni ayollar yoniga, o‘g’lini esa bizning yonimizga yubordilar. Oradan ko‘p o‘tmay ayolning o‘g’li Madinada tarqalgan vabo xastaligiga chalinib, vafot etdi. Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, yigitning ko‘zlarini yumganlaridan so‘ng, jasadni ko‘tarishimizni buyurdilar. Uni yuvish uchun tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, menga: 
— Ey Anas! Bor, onasiga ayt, — dedilar.
Onasiga xabar berdim. Onasi kelib o‘lgan o‘g’lining oyoq uchi tomoniga o‘tirdi va oyoqlarini ushlab:
— Allohim! Men o‘z xohishim bilan musulmon bo‘ldim. Sening diningga kirdim. Butlarga sig’inishni tark etdim. O‘z xohishim bilan Senga yukindim va Payg‘ambaringni sevdim. 
Allohim! Meni balo-musibatlarga duchor qilib, butparastlarni sevintirma va toqatim yetmaydigan ushbu musibatni menga yuklama... — deb duo qildi.
Allohga qasamki, ayol duo qilib bo‘lar-bo‘lmas, o‘lik oyoqlarini qimirlatib, ko‘zini ochdi va o‘rnidan turib ketdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, vafot etgunlariga qadar o‘sha yigit ham tirik edi...».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.