background
logotype
image1 image2 image3

Qur’onda «fir’avn» so’zi

Ibrohim Payg‘ambar (a.s.) va Yusuf Payg‘ambar (a.s.) zamonidagi Misr hukmdori Tavrotda «Fir'avn» deb ataladi. Holbuki, bu nom aslida mazkur ikki payg‘ambar yashab o‘tgan davrlardan ancha keyin qo‘llanila boshlangan.

Qur'onda Yusuf Payg‘ambar (a.s.) zamonidagi Misr hukmdori haqida so‘z ketar ekan, unda «hukmdor, shoh, qirol yoki sulton» ma'nolarini anglatuvchi «Al-Malik» kalimasi qo‘llanilgan:

Shoh, (bu javoblarni eshitib): «Uni huzurimga olib kelingiz!» -dedi ... («Yusuf» surasi, 50-oyat)

Muso Payg‘ambar (a.s.) davridagi Misr hukmdori Qur'onda «Fir'avn» deb yuritiladi. Qur'ondagi bu farq na Tavrot va Injilda va na yahudiy tarixchilari tomonidan e'tiborga olinadi. Bibliyada har safar Misr monarxi tilga olinganda «Fir'avn» so‘zi ishlatilgan. Qur'onda esa aksincha, ya'ni unda qo‘llanilgan terminologiya juda lo‘nda va aniqdir.

Misr tarixida «Fir'avn» so‘zining ishlatilishi faqat keyingi davrlarga xosdir. Bu muayyan bir unvon miloddan avvalgi XIV asrda, Amenhotep IV hukmdorligi davrida qo‘llanila boshlangan. Yusuf Payg‘ambar (a.s.) bu davrdan kamida 200 yil oldin yashab o‘tgan edi.230

(Ey, Muhammad!) Biz Sizga o‘tib ketgan (avlod)lar xabarlaridan shu tarzda so‘zlab berurmiz. Shuningdek, (Biz) Sizga o‘z dargohimizdan zikr (Qur'on) keltirdik. Kim undan yuz o‘girsa, bas, albatta, u qiyomat kunida yuk (gunoh)ni ko‘tarur. («Toho» surasi, 99-100-oyatlar)

The Britannica Encyclopedia da aytilishicha, «Fir'avn» so‘zi Yangi qirollikdan (18-suloladan boshlab - mil. avv. 1539-1292 y.y.) e'tiboran 22-sulola (mil. avv. 945-730 y.y.) gacha qo‘llanilgan bir ulug‘ unvon bo‘lib, ulardan so‘ng esa bu unvon hech qo‘llanilmagan. Bu mavzuga oid boshqa bir ma'lumot Academic American Encyclopedia da keltirilgan bo‘lib, unda «Fir'avn» nomi Yangi qirolliqda ishlatila boshlanganligi qayd etilgan.

Ko‘rib turganimizdek, «Fir'avn» so‘zining ishlatilishi tarixning ma'lum bir davridan boshlanadi. Shu sababdan, Qur'onda Misr hayotining turli davrlarida ishlatilgan turli unvonlar o‘rtasidagi farqning aniq qayd etilishi Qur'on Allohning so‘zi ekanligini isbotlovchi yana bir dalildir.

________________

230. Elias Karim, «Qur’anic Accuracy vs. Biblical Error: The Kings & Pharaohs of Egypt» (Bibliyadagi xatolar va Qur’ondagi aniqliklar: Misr Qirollari va Fir’avnlari);  www.islamic-awareness.org/Quran/Contrad/External/josephdetailhtml; Dr. Abu Ameenah Bilal Philips, «An Aspect of the Qur’aan’s Miraculous Nature»;  www.islaam.com/Article.asp?id=40


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.