background
logotype
image1 image2 image3

Qurbonlik haqida. Iydi Qurbon muborak!

 Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bu kunlar har kungidan ham go'zal, har doimgidan-da faraxli kunlar! Chunki bu kunlar bizning bayramimiz. Musulmonlar hayit kunida dunyodagi eng baxtiyor insonlardir.
Birodarim, sizni ham ushbu ulug' kun, hayit ayyomi bilan chin qalbdan tabriklayman.
Ayni paytda, undan oldin va keyin qilgan ibodatlaringizni Allohim o'z dargohida qabul qilsin!
Yuzingizdan bu kungidek tabbassum hech qachon arimasin!

Qurbon hayitingiz muborak bo'lsin!

Ziyo Uz tahririyati

Hanafiy mazhabining olimi Xasip Asutayning ushbu risolasi ilmiy manbalarga asoslanganligi bilan birga, sodda, ommabop va savol-javob tarzida yozilgan. Shu bois, ushbu risolani kitobxonlarimiz uchun juda zarur va foydali, deb o‘ylaymiz.

Tarjimon: Sayfiddin Sayfulloh

Muqaddima
Qurbonlikning ta’rifi
Qurbonlikning shar’iyligi
Qurbonlikning tarixi
Qurbonlikning hukmi
Qurbonlikning vojibligi
Qurbonlikning xillari
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar
Qurbonlikda yoshni hisobga olish
Qurbonlikda sherikchilik qilish
Sherikchilikda talab qilinadigan shartlar
Afzal bo’lgan qurbonlik qurbonlikning ruknlari
Qurbonlik sahih bo‘lishining shartlari
Qurbonlikka mone’ bo‘ladigan qusurlar
Qurbonlik qilishning vaqti
Vaqtida so‘yilmagan qurbonlik
Qurbonlikning so’yilishi
Qurbonlikning go‘shti
Yeyish mumkin bo‘lmagan qismlar
Sherikchilik bilan qilingan qurbonlik go‘shtining taqsimi
Qurbonlikning terisi
Qurbonlikning mustahablari
Qurbonlikning makruhlari
Qurbonlik bilan bog’liq turli masalalar
Qurbonlikning boshqa turlari
Atalgan (nazr) qurbonlik
Atalgan qurbonlik bilan bog‘liq turli masalalar
Shukr qurbonligi
O’lik (marhum nomidan) qurbonlik
Aqiqa qurbonligi
Hady (hajdagi) qurbonlik
Hayvon (jonliq)ning so’yilishi
So‘yishdagi asosiy shartlar
So‘yishdagi mustahablar
So‘yishdagi makruhlar
Hayit va hayitning jamiyat hayotidagi o’rni
Tashriq takbirlar
Hayit namozi
Bayramda mustahab bo‘lgan amallar
Manbalar 

Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan

• Iydi qurbon muborak!
• Qurbonlik haqida
• Qurbonlikning vojibligiga dalillar
• Qurbonlik amallari
• Qurbonlikka tanlangan hayvon 

*****************

QURBONLIK HAQIDA

Qurbonlik qurbon hayiti kunlari so‘yiladigan hayvondir.
Fuqaholar istilohida qurbonlik «Maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir».
Qurbonlik shariatga ikkinchi hijriy sanada kiritilgan.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir.
Qurbonlik qilish hur, oqil, muqim va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha musofirga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

QURBONLIK VOJIBLIGIGA DALILLAR

Alloh taolo «Kavsar» surasida:
«Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y», degan.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi «namoz»dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Mixnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men u zotning: «Ey, odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik va atiyra lozimdir», deganlarini eshitdim».
Sunan egalari rivoyat qilgan.

Endi, «Muxtasari Viqoya»da kelgan matnlarni o‘rganishga kirishaylik. 
Bir kishidan bitta qo‘y va o‘sha bir kishidan yetti kishigacha bir mol yoki tuya (so‘yilishi)ga aytiladi.
Bu hukmga dalillar quyidagicha: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda qurbon namoziga hozir bo‘ldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qo‘chqor ketirildi. Bas, u zot uni o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar va:
«Bismillahi va Allohu Akbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilmagan ummatimdan», dedilar".

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

Mol va tuyani yetti kishidan so‘yilishiga dalil: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik».
Abu Dovud, Muslim va Termiziylar rivoyat qilgan.

Mol va tuya qurbonlik qiluvchilar yetti kishidan kam bo‘lsalar joiz, ko‘p bo‘lsalar, joiz emas.
Bir kishiga yettidan bir ulushdan kam bo‘lmasligi sharti bilan.
Ya’ni, mol yoki tuya qurbonlik qilinganda uni taqsimlaganda biror kishiga yettidan birdan oz ulush tegmaydigan bo‘lishi shart. Bu juda ham nodir masala. Bir kishi o‘lgandan keyin ortidan o‘g‘li va xotini hamda merosga bitta tuya qoldi. O’sha tuyani ona-bola qubonlik qilishlari mumkin emas. Chunki, xotinga merosning sakkizdan biri tegadi. Sakkizdan bir yettidan birdan oz bo‘lgani uchun uni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

Yetti kishi sherik bo‘lib qurbonlik qilganda:
- Go‘sht oralarida chamalab emas, tortib taqsimlanadi. Illo kalla-poycha yoki terisi qo‘shib yuborilgan bo‘lsa bundan mustasno. Chunki, kalla-poycha va terini tortib taqsimlash mumkin emas.
- Qurbonlik uchun sotib olingan molga olti kishi sherik bo‘lsa to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo sotib olishdan avval sherik bo‘lish afzaldir.
- Birov o‘zim qurbonlik qilaman deb bir mol sotib olgan bo‘lsa, olti kishi kelib sherik bo‘lsalar joiz.
- Boy bolaning molidan otasi yoki vasiysi qurbonlik qiladi. Bola undan yesa bo‘ladi. Qolganini o‘zidan foydalanadigan narsaga almashtiriladi.
- Ya’ni, go‘shtning qolganini kiyimga o‘xshagan o‘zi foydalanadigan narsaga almashtiriladi. Pulga yoki taomga almashtirib bo‘lmaydi.
- Bu gaplar Abu Hanifa va Abu Yusuflarga oiddir. Boshqalar bolaning molidan qurbonlik qilishni aytmaganlar.

«Muxtasari Viqoya»ning sharhchilaridan Mullo Ali qori va shayx Ilyoslar bolaning molidan qurbonlik qilmaslik to‘g‘ri, deganlar.
Qurbonlikning vaqti – shaharda so‘ysa iyd namozidan, boshqa joyda bo‘lsa iyd kuni tongi otganidan so‘ngdir. Uning oxirgi vaqti uchinchi kunning quyoshi botishidan sal oldin.

Qurbonlikning vaqti iyd namozidan so‘ng ekaniga dalil:
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ushbu kunimizda eng avval boshlaydigan narsamiz, namoz o‘qimoqligimizdir. So‘ngra, qaytamiz va so‘yish so‘yamiz. Bas, kim o‘shandoq qilsa, bizning sunnatimizni topibdi. Kim undan oldin so‘ysa, o‘z ahliga go‘sht taqdim qilibdi, xolos. Ibodatdan hech narsa yo‘qdir», dedilar. Abu Burda so‘yib bo‘lgan edi. Bas, u:
«Mening musinnadan yaxshiroq ja-za’am bor?» dedi.
«Uni so‘y! Ammo sendan keyin biror kishidan kifoya qilmas», dedilar u zot».

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizlarga so‘yish kuni, namozdan keyin xutba qilib:
«Kim namozimizni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa va qurbonligimizni qilsa, namoz o‘qilmasidan oldin so‘ymasin!» dedilar».

To‘rtovlari rivoyat qilgan.

Qurbonlikning oxirgi vaqtiga dalil: Imom Molik Nofe’dan qilgan rivoyatda «Ibn Umar qurbonlik iyd kunidan keyin ikki kundir der edi», deyilgan.
Faqirlik, boylik va tug‘ilish, o‘limda oxirgi vaqt e’tiborga olinadi.

QURBONLIK AMALLARI

- Agar iydi Qurbonning avvalgi kunlari boy bo‘lib, oxirida faqirga aylangan odamga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi. 
- Iydi Qurbonning avvalgi kunlari kambag‘al bo‘lib, oxirida boyga aylangan odamga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. 
- Iydi Qurbonning oxirida tug‘ilgan odamga (boy bola qurbonlik qiladi degan qavlga binoan) qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
- Iydi Qurbonning oxirida vafot etgan odamga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
- Kechasi so‘yish makruhdir.
- Qorong‘ida turli xatolar sodir bo‘lishi mumkin.
- Qurbonlikni nazr qiluvchi va uni sotib olgan kambag‘al, tirikligicha sadaqa qilish ila qazo qiladilar.
- Alloh taoloning yo‘lida qurbonlik qilaman deb nazr atagan va o‘ziga vojib bo‘lmasa ham, qurbonlik qilaman deb hayvon sotib olgan odamlar vaqtida uni qila olmay vaqtini o‘tkazib yuborsalar, hayvonni tirikligicha sadaqa qiladilar. Chunki ular o‘zlariga o‘zlari bu ishni vojib qilib olganlar.
- Boy, sotib olgan bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham qiymatini sadaqa qiladi.
- Endi qurbonlik qilinadigan hayvonlarning sifatlari haqida ma’lumot beriladi.
- Qo‘ydan jaza’ – olti oylik – va undan boshqadan saniy va undan kattasi qurbonlikka yaraydi. Saniy deb bir yoshli qo‘y – echkiga va ikki yoshli molga va besh yoshli tuyaga aytiladi.
Bu hukmlar hadisi shariflardan olingan.

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga qo‘ylarni o‘z sahobalariga qurbonlik qilishlariga taqsimlab berish uchun berdilar. Bas, bir yoshli uloqcha ortib qoluvdi, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. U zot:
«Uni sen qurbonlik qil», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilgan.

Bir yoshli uloqchani qurbonlik qilish mumkinligi ushbu hadisdan bilinadi.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhu sahobai kiromlarga taqsimlab bo‘lganlaridan keyin bir yoshli uloqcha ortib qolganining xabarini berganlarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Uni sen qurbonlik qil» deyishlari shuning dalolati.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musinnadan boshqani so‘ymanglar. Faqat sizga qiyin bo‘lib qolgandagina qo‘yning jaza’asini so‘ysangiz bo‘lur», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.

- «Musinna» tuyadan bo‘lsa–besh yoshli, qoramoldan bo‘lsa–ikki yoshli, qo‘y-echkidan bo‘lsa–bir yoshli bo‘lganidir. 
- «Jaza’a» Abu Hanifa rahmatullohi alayhining aytishlaricha, qo‘y-echkidan bo‘lsa, olti oyligi bo‘ladi.
- Demak, imkoni bor odam kamida bir yoshli qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi kerak. Agar kambag‘alligi tufayli, qo‘li qisqalik qilib, bir yoshli qo‘y-echkining ilojini qila olmasa, olti oylik bo‘lsa ham kifoya qilaveradi.
- Qurbonlikka aylanbosh, shoxsiz, bichilgan va qo‘tir hayvonlarni so‘ysa bo‘ladi. Ammo o‘ta ozg‘in va so‘yar joyga yurib bora olmaydigan cho‘log‘i bo‘lmaydi. Shuningdek, qulog‘i, ko‘zi, dumbasi va dumining uchdan biri ketgani ham bo‘lmaydi.
Bu hukmlarning dalili hadislarda kelgan.

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimizda turib, barmoqlarim u zotning barmoqlaridan qisqa, barmoq uchlarim U zotning barmoq uchlaridan kichkina: «To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas; g‘ilayligi ochiq-oydin hayvon, bemorligi ochiq-oydin hayvon, cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon va miyasi chatoq hayvon», dedilar».
Sunan egalari rivoyat qilgan.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ko‘z va qulog‘ini yaxshilab ko‘rib olishimizga; g‘ilayni, muqobalani, mudobarani, xarqoni va sharqoni qurbonlik qilmasligimizga amr qildilar. Men: «Muqobala nima?», dedim.
«Qulog‘ining bir tomoni kesilgan», dedilar.
«Mudobara nima?», dedim.
«Qulog‘ining uchi kesilgan», dedilar.
«Sharqo nima?», dedim.
«Qulog‘i yorilgan», dedilar.
«Xarqo nima?», dedim.
«Qulog‘i belgi uchun yirtilgan», dedilar».
Sunan egalari rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qulog‘i kesik va shoxi siniqlarni qurbonlik qilishdan qaytardilar».

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

QURBONLIKKA TANLANGAN HAYVON

Qurbonlikka tanlangan hayvonning barkamol bo‘lishi lozimligi haqidagi hadisi shariflardan ikkita hikmatni mulohaza qilamiz.

Birinchi hikmat:
- Musulmonlarning Allohga nisbatan yuksak odoblari.
- Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga urinish Alloh taologa nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. 
- Qurbonlikning go‘shti ham, qoni ham Alloh taologa kerak emasligi va yetmasligi aniq. U zotga faqat taqvo yetadi, xolos. Go‘shti va qoni yetmasa ham, qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir.

Ikkinchi hikmat:
- Kambag‘allarning ko‘ngillarini ko‘tarish. Ularga yaroqsiz bo‘lib qolgan, nuqsonli hayvonlar go‘shtini emas, eng afzal hayvonlar go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ish. Bunda kambag‘allarning ko‘ngillari ko‘tariladi. O’zlarini muhtaram kishilar sifatida his etadilar.
- Agar yetti kishidan biri o‘lib qolsa va uning merosxo‘rlari qurbonlikni uning va o‘zingizning nomingizdan so‘yaveringlar, desalar, qurbonlik xuddi tamattu’ va qiron uchun so‘yilgan molga o‘xshab, joiz bo‘ladi. 
Chunki, taraflar har xil bo‘lsa ham maqsad bir–qurbat hosil qilishdir.
- Agar ulardan biri kofir yoki go‘shtni iroda qiluvchi bo‘lsa, joiz emas.
Chunki kofir qurbatga ahl emas. Go‘sht istash esa, qurbatga xilofdir. Ba’zisi qurbat bo‘lmagan narsaning barchasi ham qurbat bo‘lmaydi.
- Qurbonlik qiluvchi undan o‘zi yeydi va kimga xohlasa yegizadi yoki hiba qiladi. Uning uchdan birini sadaqa qilish mandubdir.

Bu hukm hadisi sharifdan olingan: Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:"Kim qurbonlik qilsa, uchinchi kundan keyin uyida undan biror narsa bo‘lgan holda tong otdirmasin», dedilar. Kelasi yili bo‘lganda: «Ey Allohning Rasuli, o‘tgan yili qilganimizdek qilaylikmi?» deyildi. U zot: «Yenglar! Taomlantiringlar! Saqlab qo‘yinglar! U yili odamlar qiyinchilikda edilar. Ularga yordam berishingizni xohlagan edim», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifga binoan ulamolarimiz oddiy holatlarda qurbonlikning go‘shtini uchga bo‘lib, bir qismini yegani, ikkinchi qismini kambag‘allarga bergani, uchinchi qismini saqlab qo‘ygani yaxshi, deydilar.
- Muhtojlar ko‘payganda esa, ularning rioyasini qilish zarurdir.
- Ahli ayolli kishi ularga kengchilik bo‘lishi uchun sadaqa qilishni tark qilmog‘i mandubdir.
- Bu hukmlarning hammasi vojib va sunnat qurbonliklarga xosdir. Ammo nazr qilingan bo‘lsa, egasi o‘zi ham yeyishi va boylarga ham yedirishi mumkin emas.
- So‘yishni yaxshi bilsa, o‘z qo‘li bilan so‘ymog‘i mandubdir. Bo‘lmasa, boshqaga so‘ydiradi. Kitobiyga so‘ydirish makruhdir. 
- Ammo boshqaga so‘ydirganda ham o‘zi hozir bo‘lishi lozimdir. Kitobiy qurbat ahli bo‘lmagani uchun unga qurbonlikni so‘ydirish makruh bo‘ladi. Lekin qurbonlik joiz bo‘laveradi.

Imom Al-Hokim «Mustadrak»da Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga: «Borib qurbonligingga shohid bo‘l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinur», dedilar. 
«Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?», dedi Fotima.
«Yo‘q. Musulmonlarga umumiy», dedilar».

Uning terisini sadaqa qilinadi yoki doimiy manfaatlanadigan anjom qilib olinadi.
Po‘stakmi, meshkobmi, xurjunmi yoki shunga o‘xshash uyda doimiy foydalanib turadigan narsa qilib olish durust. 
Agar terini boshqa narsaga almashtirilsa yoki sotilsa qiymati sadaqa qilinadi.

Go‘sht ham bu masalada teriga o‘xshashdir.
- Ikki kishi adashib bir-birining qurbonligini so‘yib qo‘ysa, bo‘laveradi. To‘lab berish yo‘q.
Chunki qo‘y shundoq ham qurbonlikka tayyorlab qo‘yilgan. Qurbonlik so‘yishda boshqaning yordamidan foydalanishga ruxsat bor. Ikkisi so‘yib bo‘lishi bilan o‘zinikini qaytarib oladi. Agar go‘shtni yeb qo‘ygan bo‘lsalar, bir-birlarining haqlarini halol qilishadi.
- G’asb qilingan qo‘yni qurbonlik qilsa o‘tadi. Vadiy’aga qo‘yilganni qilsa o‘tmaydi. Ikkisi ham egasiga to‘lab beradi.
Imom Zufar va qolgan uch mazhabning imomlari g‘asb qilingan qo‘yning qabul bo‘lmasligini aytganlar.
- Agar qurbonlikka atalgan hayvon qochib ketib o‘rniga boshqasi olingan bo‘lsa, keyin avvalgisi ham topilib qolsa, ikkisini ham so‘yiladi.
- Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, qo‘tos, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. 
Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa bo‘laveradi. 
Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.