Nabiy suygan mevalar
Har bir musulmon kishi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari haqida yanada ko‘proq bilishni, sunnatlariga mukammalroq amal qilishni xohlaydi. Aslida, bu yo‘l ummatga u zotning sahobalaridan merosdir.
Ashobi kiromlar har borada Nabiyga (s.a.v.) ergashishgan. Rasululloh qanday kiyim kiygan bo‘lsalar, ular ham shunday kiyinishga, qanday o‘tirib-turgan bo‘lsalar, shunday o‘tirib-turishga, yaxshi ko‘rganlarini yaxshi ko‘rishga, saqlanganlaridan saqlanishga harakat qilishgan. Umar ibn Xattobning (r.a.): «Ey, qora tosh, sen bir toshsan, Nabiy (s.a.v.) seni o‘pmaganlarida men ham o‘pmas edim», deganlari ma’lum va mashhurdir. Anas ibn Molik esa, o‘zlari qovoqni xushlamaganlari holda: «Ey qovoq, seni Rasululloh (s.a.v.) yeganlari uchungina yeyman», deydilar. Ibn Umar (r.a.) hatto safarda ekanlarida bir kishining: «Mana shu yerda Nabiy (s.a.v.) tahorat ushatganlar, mana bu yerda namoz o‘qiganlar», deganini eshitib, aynan o‘sha yerda tahorat ushatadilar va aynan o‘sha yerda namoz o‘qiydilar.
Bu xabarlar u zotlarning Nabiyga (s.a.v.) qanchalik ergashishganini, nechog‘lik muhabbatli bo‘lishganini ko‘rsatadi. Zero, nafs istamagani holda u zot uchun yaxshi ko‘rish, sunnatlarini tutish ayni mo‘minlikdir.
Nabiyning (s.a.v.):: «Men sizlarga hamma narsadan, hatto nafslaringizdan ham sevimli bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘lolmaysizlar», deganlari har doim quloqlarda jaranglab turmog‘i shart bo‘lgan bir shiordir.
Rasulullohni (s.a.v.), nafslarimizdan ortiqroq sevishga, sunnatlarini mahkam tutishga, yaxshi ko‘rganlarini yaxshi ko‘rishga shijoatlanmoq uchun u zotning siyratlarini ko‘proq bilishga bo‘lgan xohishni yuzaga chiqarmoq lozim. Quyida Rasululloh (s.a.v.) xush ko‘rgan mevalar haqida yozayotganimiz ham shu yo‘ldagi bir urinishdir.
Rivoyatlarda kelishicha, Nabiy (s.a.v.) tarvuz va uzumni yaxshi ko‘rganlar. Abu Dovud, Termiziy, Ibn Mojjalar rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, u zot (s.a.v.) tarvuzni xurmo bilan yer edilar va: «Buning issiqligi mana bunisining sovuqligini daf qiladi, mana buning sovuqligi unisining, issiqligini daf qiladi», der edilar. Shuningdek, ko‘pgina siyrat kitoblarida u zot (s.a.v.) qovoqni juda ham yoqtirganlari zikr etilgan. Imom Muslim Anas ibn Molikdan rivoyat qiladi: «Rasulullohni (s.a.v.) bir kishi mehmonga chaqirdi. U kishi bilan bordim, uy egasi bir idishda qovoq olib keldi.
Rasululloh (s.a.v.) qovoqni yeb ko‘rib, yoqtirib qoldilar. Keyin men oldimdagi qovoqni yemay, u kishining oldilariga surib qo‘ydim». Imomi Buxoriy Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilgan hadisda esa, Nabiy (s.a.v.) bodring bilan xurmoni qo‘shib yeganlari aytilgan.
Shularning qatorida Rasululloh (s.a.v.) zaytun va sedanani ham xush ko‘rganlar. Ma’lumki, zaytunning barakotli o‘simlik ekani va mevasida ham barakot borligi haqida Qur’onda zikr kelgan. Hadislarda esa, zaytun yog‘ini yeyish va surtish tavsiya qilingan. Shuningdek, buning hikmati ham aytilgankim, boshiga zaytun yog‘ini surtgan ayolga shayton yaqinlashmas ekan.
Sedana haqida Nabiy: «Sizlar qora donni iste’mol qilib yuringlar, chunki u o‘limdan boshqa hamma dardga davodir», deganlar.
Ummi Rafe’ rivoyat qilishicha, Rasulullohga (s.a.v.) kim boshi og‘riyotganidan shikoyat etsa, sochini xina bilan bo‘yashni tavsiya qilar edilar. Boshqa hadisda esa, biror yori shikastlansa yoki zirapcha kirsa, Rasululloh (s.a.v.) o‘sha yerga darhol xina bog‘laganlari aytiladi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v.) sochlarini xinaga bo‘yab yurar edilar. Va aytardilarki: «Oq sochlarni o‘zgatirishning yaxshi yo‘li xina bilan bo‘yash va yashirishlikdir».
Rasululloh (s.a.v.) gullar orasida rayhonning hidini suyganlar, aytganlarki: «Kimga rayhon tutqazilsa, uni qaytarmasin». Boshqa rivoyatda esa; «Birortangizga rayhon berilsa, uni qaytarmasin. Chunki u jannat o‘simligi», deganlar.
Albatta, bizga ham Rasululloh (s.a.v.) suygan meva va o‘simliklarni suymoq, u zotning tavsiyalariga amal qilmoq lozim. Buningsiz u zotga muhabbatimiz komil bo‘lolmaydi.
"Xadichai Kubro" Islom ayol-qizlar o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisasi
«Hidoyat» jurnalining 2000 yil 4-sonidan olindi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- 6 diniy kalima
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Tahorat kitobi
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.