background
logotype
image1 image2 image3

Zino

Alloh taolo bandalarini zinoga yaqinlashishdan va zinoga sabab bo‘ladigan ishlardan qaytarib shunday deydi:

«Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki bu buzuqlikdir va eng yomon yo‘ldir» (Al-Isro surasi, 32).

«Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga duo-iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan)biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini)qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur» (Furqon, 68-69).

«Zinokor ayol va zinokor erkak - ulardan har birini yuz darradan uringlar...»

Bundan tashqari ular bir yilga shaharlaridan badarg‘a qilinadilar. Bu haqda sahih hadis vorid bo‘lgan.

«Agar sizlar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning (bu) hukmida(ya'ni, zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm-shafqat (tuyg‘ulari) tutmasin!»

Agar sizlarning Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan iymoningiz haqiqiy bo‘lsa, u holda sekinroq yoki kamroq urish bilan Allohning zinokorlarga belgilagan jazosini bekor qilmanglar. Ularga rahmingiz kelmasin. Chunki zinokor rahm-shafqat ko‘rsatishga arzimaydigan yaramas, tuban jinoyatchidir.

«Ularning azoblanishiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar!» (Nur surasi, 2).

Shunda jinoyatchilar ham jisman, ham ruhan qiynaladilar. Boshqalar ham odamlar orasida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, bu qabih ishdan o‘zlarini tiyadilar. Chunki ayrimlarga jazolanishdan ko‘ra, sharmanda bo‘lish kuchliroq ta'sir qilishi mumkin.

Ulamolar aytadilar: «Mazkur jazo bo‘ydoq - oila qurmagan zinokorlarga taalluqlidir. Agar zinokorlar oilali yoki ilgari oila qurgan bo‘lishsa, ular toshbo‘ron qilib o‘ldiriladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida bu hukm o‘z ifodasini topgan. Mabodo zinokorlar bu dunyoda jazolarini olmasalar va tavba qilmay o‘lsalar, u dunyoda do‘zaxda olov-qamchilar bilan azoblanadilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘rilik qiladi. (Ichuvchi) xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olgandek, Alloh undan iymonni yechib oladi» (Hokim rivoyati, sahih hadis).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh gapirmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, ularga qaramaydi va ularga alamli azob bo‘lur. (Ular) zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘al» (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Samura ibn Jundab roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tush ko‘rdilar. U zotning oldilariga Jabroil va Mikoil alayhissalomlar kelishdi. Nabiy aytadilar: «Yo‘lga tushdik va tandirga o‘xshagan narsa oldiga keldik. Undan shovqin-suron eshitilib turardi. Qarasak, uning ichida yalong‘och erkak va ayollar bor ekan. Ularga taglaridan olov kelib turarkan. Olov kelganda, qichqirar edilar... Tandirga o‘xshagan bino ichidagi yalong‘och erkak-ayollar zinokor erkak-ayollardir» (Buxoriy rivoyati).

Zinokorlar qiyomatga qadar mazkur azobga giriftor bo‘lurlar.

Allohdan afv va ofiyat tilaymiz.

Ato (rahimahulloh) jahannam haqidagi: «Uning yettita darvozasi bo‘lur» (Hijr surasi, 44), oyatining tafsirida shunday deydilar: «Bu darvozalarning eng g‘am-tashvishlisi, qayg‘ulisi, eng issig‘i va eng badbo‘yi - bilaturib zino qilgan zinokorlar kiradigan darvozadir».

Makhul Dimashqiy (rahimahulloh) aytadilar: «Do‘zax ahliga juda ham badbo‘y hid keladi. Shunda ular: «Biz bu hiddan ko‘ra sassiqroq, badbo‘yroq hidni hidlamagan edik», deyishadi. Ularga: «Bu zinokorlar farjlarining hididir», deyiladi.

Tafsir imomlaridan biri Ibn Zayd (rahimahulloh) aytganlar: «Aniqki, zinokorlar farjlarining hidi do‘zax ahliga ozor beradi».

Rivoyat qilishlaricha, shayton qo‘shinlarini yer yuziga yubora turib: «Qaysi biringiz bir musulmonni yo‘ldan ozdirsangiz, uning boshiga toj kiydiraman», deydi. Ularning eng fitnakorrog‘i shaytonga eng yaqini bo‘ladi va uning oldiga kelib: «Falonchini vasvasa qilavergan edim, oxiri xotinini taloq qildi», deydi. Shayton: «Hech ish qilmabsan, u yaqinda boshqasiga uylanib oladi», deydi. So‘ng boshqasi kelib: «Falonchini vasvasa qilavergan edim, oxiri uni birodari bilan urishtirib qo‘ydim», deganida, u: «Hech ish qilmabsan, yaqinda qaytadan yarashib oladi», deydi. So‘ngra boshqasi kelib: «Falonchini tinmay vasvasa qilgan edim, oxiri u zino qildi», deydi. Shayton: «Juda zo‘r ish qilibsan», deb uni yoniga chorlaydi va boshiga toj kiydiradi. Shayton va qo‘shinlarining yomonligidan Alloh saqlasin.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Iymon bir libosdirki, Alloh uni xohlagan kimsasiga kiydiradi. Agar banda zino qilsa, undan libos yechib olinadi. Bordi-yu tavba qilsa, unga (iymon libosi) qaytariladi» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim ichkilikka mukkasidan ketgan holda vafot etsa, Alloh azza va jalla uni «Guvta» daryosidan sug‘oradi», dedilar. «Guvta» daryosi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «U fohishalarning farjlaridan oqadigan daryo bo‘lib, uning badbo‘yi do‘zax ahliga ozor beradi», dedilar» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Ya'ni, do‘zaxda fohishalarning farjlaridan qon, yiring oqadi. So‘ng mast qiluvchi ichimlikni ichishga odatlanib qolgan kimsalar shu jirkanch ichimlik bilan «siylanadilar».

Rivoyat qilishlaricha, jahannamdagi bir vodiyda ilonlar bo‘ladi. Har bir ilonning yo‘g‘onligi tuyaning bo‘ynidek bo‘lib, ular namozni tark qiluvchilarni chaqadilar. Ularning zahari inson jismida yetmish yil o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. So‘ng uning go‘shtlari shalvirab tushadi. Jahannamda «Jubbul huzn» (qayg‘u o‘rasi) deb nomlangan yana bir vodiy bo‘lib, u ilon va chayonlar makonidir. Har chayon xachirdek keladi. Uning yetmishta nishi bo‘lib, har bir nishi zaharga to‘la. U zinokorni chaqib zaharlaydi. Uning og‘rig‘i ming yil azob beradi. So‘ng zinokorning go‘shtlari titilib, farjidan qon, yiring oqadi. Rivoyatlarda kelganki, kim oilali ayol bilan zino qilsa, ularning har ikkisiga qabrda butun islom ummatiga beriladigan azobning yarmi beriladi. Qiyomatda esa Alloh taolo ayolning eri foydasiga hukm qiladi.

Mazkur holat er bu ishdan bexabar bo‘lgan taqdirda ro‘y beradi. Agar erning xabari bo‘lsa-yu, sukut saqlasa, e'tibor bermasa, Alloh unga jannatni harom qiladi. Chunki Alloh taolo jannat darvozasiga: «Sen dayusga haromsan», deb yozib qo‘ygan.

Ahli oilasining fahsh-buzuqlik qilishini bilaturib, sukut saqlaydigan va rashk-or qilmaydigan kimsa dayus hisoblanadi.

Rivoyat qilishlaricha, kimki o‘ziga halol bo‘lmagan ayolni shahvat bilan ushlasa, qiyomat kunida qo‘li bo‘yniga bog‘langan holda keladi. Agar o‘psa, lablari olovda qirqiladi. Bordi-yu zino qilsa, qiyomat kunida sonlari tilga kiradi-da, uning zarariga guvohlik beradi: «Men haromga mindim», deydi. Shunda Alloh taolo unga g‘azab ko‘zi bilan qaraydi. Bu qarashdan bandanidagi go‘shtlar erib tushadi. U sarkashlik qilib: «Men bu ishni qilmaganman», deydi. Unga qarshi tili guvohlik berib: «Men halol bo‘lmagan so‘zlarni so‘zlaganman», deydi. Qo‘llari: «Men haromni ushlaganman», desa, ko‘zlari: «Men haromga nazar tashlaganman», deydi. Oyoqlari: «Men halol bo‘lmagan ishga yurib borganman», deydi va farji: «Men qilganman», deydi. Yelkasidagi farishtalardan biri: «Men eshitganman», desa, ikkinchisi: «Men yozganman», deydi. Alloh taolo: «Men bilib, uni yashirganman», deydi. So‘ngra farishtalarga: «Uni ushlanglar va azobimdan tottiringlar. Darhaqiqat, behayo kimsaga g‘azabim kuchaydi», deb buyuradi. Quyidagi oyati karima bu fikrni tasdiqlaydi:

«U kunda - qiyomatda qilib o‘tgan (amallari) sababli ularning tillari ham, qo‘l va oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 24).

Ayrim zinolar boshqalaridan ulkandir: kishining onasi, opa-singlisi yoki boshqa mahrami bilan qilgan zinosi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki mahramiga yaqinlik qilsa, o‘ldiringlar» (Imom Ahmad rivoyati).

Barro roziyallohu anhu aytadilar: «Tugun ko‘tarib kelayotgan amakimni uchratib qoldim. U kishidan: «Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘ragan edim: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni otasining xotiniga (ya'ni, o‘gay onasiga) uylangan kimsaning oldiga yubordilar va uning bo‘ynini chopib, molini olishimni buyurdilar», deya javob berdilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Alloh taolodan fazlu marhamati ila gunohlarimizni mag‘firat etishini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.