background
logotype
image1 image2 image3

Makr va aldov

Alloh taolo aytadi:

«Yomon makr-hiyla esa faqat o‘z egalarini o‘rab halok qilur» (Fotir surasi, 43).

Ya'ni, yomon makr-hiylaning kasofati makr qilgan, uyushtirgan kimsalarning o‘ziga uradi.

Alloh taolo munofiqlar haqida shunday deydi: «Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. Holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir» (Niso surasi, 142).

Vohidiy aytganlarki, ular aldamoqchi bo‘lganlari uchun o‘zlariga yarasha muomala qilinadi. Ya'ni, xuddi mo‘minlarga berilgani singari ularga ham nur beriladi. Yo‘lga tushganlarida esa nurlari o‘chib qoladi-da, zulmatda qolib ketadilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zax ahli besh toifa», dedilar-da, ulardan biriga «tong otsa ham, kech kirsa ham seni ahli oilang va molu dunyoing borasida aldamoqchi bo‘ladigan kimsa», deb ta'rif berdilar (Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Mo‘min sodda, ulug‘ bo‘ladi, fojir esa makkor, xor bo‘ladi» (Termiziy, Abu Dovud rivoyati).

Ya'ni, mo‘min odam ochiqko‘ngil, sodda bo‘ladi. Birovga makr qilmaydi. Balki o‘zi ishonuvchan, ochiqko‘ngil bo‘lgani sababli aldanib qolishi mumkin. Fojir esa odamlar orasida fasod qo‘zg‘ab yuradigan aldoqchi bo‘ladi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aldoqchi, minnatchi va baxil jannatga kirmaydi», dedilar» (Termiziy rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.