background
logotype
image1 image2 image3

Dushman hujumidan qochish

Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, kofirlarning lashkariga duch kelganingizda (sanoqlari ko‘pligini ko‘rib) ularga orqa o‘girmanglar (ya'ni, qo‘rqib qochmanglar). Kimki o‘sha (urush) kunida jang yo‘sinini o‘zgartirish yoki boshqa bir guruh (musulmonlarga) qo‘shilishdan tashqari holatda, ularga(kofirlarga) orqa o‘girib qochsa, bas, u Alloh tarafidan bo‘lan g‘azab bilan ketibdi va uning joyi jahannamdir. Naqadar yomon oqibat-a!» (Anfol surasi, 15-16)

Ya'ni, ey iymon keltirganlar, sizlar kofirlar bilan jangga kirishganingizda, jang maydonini tashlab qochmanglar. Balki sabot bilan sabr-matonat ko‘rsatinglar. Faqat boshqa kofir toifaga hujum qilish yoki dushmanni aldash uchun hiyla ishlatib, qochganday ko‘rinib qayta hujum qilish, saflarni tartibga keltirish maqsadida yo bo‘lmasa, boshqa bir musulmon guruhga qo‘shilib, kuchlarni birlashtirish niyatida chekinsangiz, mayli. Kimki shu kabi maqsadlarsiz dushmandan qo‘rqib qochsa, u Allohning g‘azabiga duchor bo‘ladi va boradigan joyi jahannamdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar», dedilar. «Yo Rasululloh, ular qaysilar?» deb so‘rashgan edi, «Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, yetim molini yeyish, dushman bostirib kelgan kunda (jangdan) qochish va pokdomon mo‘mina ayollarni badnom qilish», deya javob berdilar» (Mutaffaqun alayh).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Agar sizlardan yigirmata sabr-toqatli kishi bo‘lsa, ikki yuzta (dushmanni) yengar!» (Anfol surasi, 65) oyati nozil bo‘lgach, Alloh yigirmata musulmonga ikki yuzta dushmandan qochmaslikni farz qildi. So‘ng: «Endi Alloh sizlarning (yukingizni) yengil qildi...»(Anfol surasi, 65) oyati nozil bo‘ldi va yuzta musulmonga ikki yuzta dushmandan qochmaslik farz bo‘ldi» (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.