background
logotype
image1 image2 image3

Alloh azza va jalla hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’niga yolg‘on gapirish

Alloh taolo aytadi:

«Qiyomat kunida Alloh sha'niga yolg‘on so‘zlagan kimsalarni yuzlari qora holda ko‘rursiz...»(Zumar surasi, 60).

Ya'ni, ular «Allohning bolasi, sherigi bor», deb U zot haqida mumkin bo‘lmagan har xil bo‘hton gaplarni gapirgan kimsalardir. Ular Alloh sha'niga yolg‘on so‘zlaganlari uchun shunday mashaqqat va qayg‘ularga duchor bo‘ladilarki, ranglari o‘zgarib yuzlari qorayib ketadi.

Ibn Javziy tafsirlarida aytishlaricha, bir toifa ulamolar Alloh va payg‘ambar sha'niga yolg‘on gapirish Islom millatidan chiqarib yuboradigan kufr ekanini tasdiqlaganlar. Haromni halol qilish va halolni harom qilish borasida Alloh va payg‘ambar sha'niga yolg‘on gapirish ochiqdan-ochiq kufr ekanida shubha yo‘q. Bu yerda gap boshqa narsalarda yolg‘on gapirish xususidadir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa, o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

(Bu hadis ko‘plab sahobalardan rivoyat qilingan, hattoki mutavotirlik darajasiga yetgan. Allohu a'lam.)

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki yolg‘onligini bilaturib, mening nomimdan hadis aytsa, u yolg‘onchilardan bittasidir» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Mug‘iyra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Mening nomimdan yolg‘on gapirish, boshqa birovning nomidan yolg‘on gapirish bilan bir xil emas. Bas, kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa, o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min odam yolg‘on va xiyonatdan boshqa har qanday xususiyatga tabiatan moyil bo‘lishi mumkin» (Bazzor, Abu Ya'lo rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.