background
logotype
image1 image2 image3

Eng yomon sakkiz toifa

Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sakkiz toifa kishi qiyomat kuni Alloh taolo maxluqlari ichida eng yomon hisoblanadi va azobga qoladi”, deganlar.
Birinchisi, yolg‘onchilar.
Bu toifadagi kishilar faqat jamiyatga, oilasiga zarar yetkazadi. Yolg‘onchi kimsa gunoh qilib, “Qilganim yo‘q”, deydi. Oilasiga xiyonat qiladi, ishxonada boshlig‘iga yolg‘on gapiradi, xullas, suvdan quruq chiqish uchun bebaho imonini yolg‘onga sotadi. Shuning uchun Sarvari olam (alayhissalom): “Yolg‘onchi jannatga kirmaydi”, deganlar. Yolg‘on so‘z imonga uradi va sohibining yuzidan nurni ketkazadi. Yolg‘onchilikning yomon oqibatlaridan yana biri — u jamiyatga fitna solib, odamlar orasini buzishidir. Codir bo‘lgan buzg‘unchilikning gunohi yolg‘on gapirganning bo‘ynida bo‘ladi. Faqat er-xotinni, qarindosh-urug‘larni, do‘stlarni bir-biriga yarashtirish maqsadida aytilgan yolg‘on so‘z uchun azob qilinmaydi. Chunki bunda niyat tamoman boshqachadir.

Ikkinchi toifa kishilar mutakabbirlardir. Ya’ni, manmansiragan, ozgina amal uchun “Men faloniyman”, deb o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan yoki ozgina boylik qo‘lga kirib qolsa, kechagi kunini unutib, katta gapiradiganlar. Har bir ishning o‘rtacha bo‘lgani yaxshi, har bir so‘zning tavoze, kamtarona aytilgani undan ham yaxshi. Mutakabbirlik farzandlar tarbiyasiga juda katta zarar yetkazadi. Borligida hamma narsa isrofi bilan sarflansa, bolalar bunday isrofga o‘rganib qolishadi. Ozgina qiyinchilikka chidayolmay “dod-voy” qiladi, qiz bo‘lsa, turmushidan ajrab, o‘g‘il bo‘lsa, jinoyat qilib, ota-ona boshiga turli kulfatlar keltirishi mumkin. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom) doimo kamtarlikka, har ishda o‘rtacha yo‘l tutishga chaqirganlar.

Uchinchi toifa qalblarida mo‘min birodarlariga nisbatan bug‘zu adovat saqlagan holda ularni ko‘rganlarida mulozamat qiluvchi kimsalar.
Bu toifadagi kishilar ko‘rganida yaxshi gapirib, sizni maqtab, yo‘g‘ingizda yomonlab, odamlar ko‘ziga sizni yomon ko‘rsatadi. Bundaylarni ikkiyuzlamachi, munofiq deb atash mumkin. Chunki sizga bir yuz, boshqaga bir yuz bilan qaraydi. Qalbi toza-pok emas, sizdagi ishchanlikni, tadbirkorlikni ko‘rolmaydi. G‘iybatingizni qilib, devor orqasidan tosh otadi. Sizni ko‘rib qolsa, toshni tashlab mulozamat qiladi. Ba’zilar odamlarning amaliga, mansabiga, boyligiga qarab muomala qilishadi. Kuni kelib, o‘sha odam mansabdan ketsa, teskari qarab ketaveradi. Bu ish islomiyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

To‘rtinchisi, Alloh va rasulining da’vatini sekin, shaytonning buyrug‘ini esa tez bajaruvchilardir.
Odamdan to Hazrati Muhammadgacha barcha payg‘ambarlar (alayhimussalom) insonlarni faqat hidoyatga chorlashgan. Zalolat, qon to‘kish, o‘g‘rilik, zinoni qattiq qoralashgan. Jumladan, Qur’on va hadis ta’limoti mo‘min-musulmonlarni tinchlikka, ahil bo‘lib yashashga, halol mehnat qilishga undab, birovning haqidan qo‘rqishga buyurib turadi. Shayton esa tamomila buning aksi, insoniyatni doimo yomonlikka chaqiradi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Mo‘min beshta kulfat orasida bo‘ladi. Bir mo‘min unga hasad qiladi. Munofiq uni yomon ko‘radi. Dushman u bilan urushadi. Shayton uni adashtiradi. Nafsi uni sargardon qiladi” (Anas ibn Molik rivoyati), deganlar.
Aroq ichib, zino qilib yuradigan odamning ko‘ziga shayton gunohni jilvalantirib, ziynatlab ko‘rsatib qo‘ygan. Shuning uchun Alloh va rasulining da’vatini sekin, shayton da’vatini tez bajaradi.

Beshinchi toifa nohaq bo‘lsin qasam ichib, dunyodan tama qiladigan kishilar.
Bunday kishilar qasam ichib mol o‘tkazadi yoki ozgina foyda puli uchun yolg‘on guvohlik beradi. “Men bu narsaning tozaligiga kafolat beraman”, deb qasam ichadi-da, foydani olib ketaveradi. Ertasi kuni uchratib: “Bergan molingda nuqson bor ekan”, desangiz, qasam ichib, men seni birinchi bor ko‘rib turibman, deb yana o‘zini oqlab turaveradi.
Bunday kimsalar jamiyat boshiga tushgan qurtning o‘zi, asta o‘rmalab asabingizga tegib, rohat qilishadi. Sarvari olam bir hadislarida bunday deganlar: “Qasam molni o‘tkazadi, ammo barakasini ketkazadi”.
Bozorlarda savdo-sotiq qilayotgan ayrimlar tosh-tarozidan urib qoladi, xaridor haqiga xiyonat qiladi, nazoratchilarning qo‘liga tushsa, qasam ichib, to‘rtta bolam yetim, shularni boqaman deb, yana yolg‘on gapiradi. Abdulloh Tustariy degan zot bunday deydilar: “Harom yeydigan odamning tana a’zolari xohlasa-xohlamasa gunohga, halol yeydigan odamniki toatga boraveradi. Demak, jamiyatning sog‘lom bo‘lishida, farzandlar yetuk inson bo‘lib kamolga yetishida halol luqmaga e’tibor berish juda muhimdir”.

Oltinchi toifadagi kimsalar chaqimchilardir.
Chaqimchilik eng yomon illatlardan hisoblanadi. “Chaqimchi jannatga kirmaydi”, degan hadis bor. Demak, odamlarning o‘rtasini buzuvchi fitnagar odamdan jannat hazar qiladi. Chaqimchi sehr- gardan yomon, degan ibora ham bejiz aytilmagan. Sehrgar sehri bilan odamlarning ko‘zini bo‘yasa, chaqimchi gapi bilan odamlar qalbini tirnaydi. Sehrgar ko‘rsatgan sehr tomoshagohda qoladi, chaqimchilik bilan uzilgan do‘stlik, qarindoshlik rishtalarini ulashga ko‘p vaqt va harakat kerak. Demak, chaqimchi jannatga kirmasligining sababi odamlar va jamiyatni buzishidir.
Ammo biror kimsa adashib gunoh qilayotgan bo‘lsa yoki jinoyatga qo‘l urayotgan bo‘lsa, buning oldini olish va tarbiya berish uchun uning yaqinlarini ogoh etish chaqimchilikka kirmaydi. Chunki bu yerda niyat tomoman boshqacha.

Yettinchi toifadagi kimsalar do‘st-birodar kishilarni bir-biridan ayirishga harakat qilib yuruvchilardir.
Bunday holat yuz bersa, qarindosh-urug‘, birodarlar o‘rtasida noxushlik paydo bo‘ladi. Bu ish bilan faqat qalbida hasad kasalligi bor odamlargina shug‘ullanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, chaqimchilar shunday hol yuz bersa, rohatlanadi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytadilar: “Allohning nusrati ahil bo‘lgan jamoat ustidadir”. Bir mahalla bir jamoat hisoblanadi, mahallaning odamlari ittifoq bo‘lsa, har bir ishni maslahat bilan, to‘y va dafn marosimlarini ixcham o‘tkazishga harakat qilsa, bunday jamoa Allohning rahmatiga loyiq bo‘ladi. Shunday inoq-ahil odamlarning orasini faqat dindan xabari yo‘q kimsalargina buzishga harakat qilishadi.

Sakkizinchi toifa gunohsiz odamlarga nohaq bo‘hton qiluvchilar.
Biror voqeani ko‘zi bilan ko‘rmasdan birovdan gumon qilib gapirish jamiyat yoki oila ichiga rahna soladi. Tuhmat qilish eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Chunki tuhmat orqasida juda katta fojea turadi. Arzimagan bir gap uchun odamning taqdiri yomon tarafga o‘zgarishi mumkin. Bu borada juda ko‘p hadislar, ko‘rsatmalar bor. Tuhmatchilik axloqqa, e’tiqodga zid amal ekani isbotlangan.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sahobalardan: “Ummatning muflisini bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Ular: “Muflis dinori ham, moli ham bo‘lmagan kishidir”, deyishdi. U zot: “Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan keladi. Ammo u birovni so‘kkan, birovning molini yegan, birovni zinokor deb ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni urganlar. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlariga yetmasa, ularning xatolari olinib, muflisga beriladi, so‘ng do‘zaxga uloqtiriladi”.
Bu muborak pandlarni hayotga tatbiq qilib, iloji boricha yaxshi ishlar qilishga, yaxshi nom qoldirishga, pokiza zurriyot tarbiyalashga harakat qilinsa, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nasihatlariga, ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘ladi.
Yuqorida bayon etilgan sakkiz toifa kishilar guruhiga kirib qolishdan Alloh taolodan panoh tilaymiz.

Tursuntohir HAYDARALI o‘g‘li,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Farg‘ona viloyatidagi vakili o‘rinbosari

"Hidoyat" 2007 yil 1-son


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.