background
logotype
image1 image2 image3

“Olimlar zamona chiroqlaridir”

Umar (r.a.) aytadilar: «Kunduzlari ro‘zador, kechalari qoyim-bedor bo‘lgan mingta obidning o‘limi halol-haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir».

Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq».

Ibn Abdulhakam (r.a.) aytadilar: «Men Imom Molik huzurlarida ilm o‘qirdim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz, agar niyating durust bo‘lsa, hozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir, dedilar».

Abu Dardo (r.a.) aytadilar: "Kim ilm o‘rganishga chiqish jihod emas desa, uning aqli va fikrida noqislik bor ekan».

Umar (r.a.) aytadilar: «Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar istig‘for aytadi».

Olimlardan biri aytadi: «Olim Alloh bilan bandalar o‘rtasidadir. U o‘zining kimga vositachi ekanini unutmasin».

Sufyon Savriy Asqalon shahriga kelib, bir muddat turdilar. Ammo biron inson kelib, u zotdan ilm so‘ramadi. Shunda aytdilar: «Menga ulov topib beringlar, ketaman. Bu yer ilm o‘ladigan shahar ekan». Bu gapni ta’lim berish fazilati va ta’lim berish bilangina ilm boqiy qolishi mumkinligini bilganlari uchun aytdilar.

Ato (ibn Abu Raboh) aytadilar: «Men Said ibn Musayyab oldilariga kirsam, yig‘lab turgan ekanlar. «Nimaga yig‘layapsiz?!» deb so‘radim. «Mendan hech kim hech narsa so‘ramay qo‘ydi», deb javob berdilar».

Ulug‘ zotlardan biri aytadi: «Olimlar zamona chiroqlaridir. Har bir olim zamonasining chirog‘i bo‘lib, o‘sha zamondagi kishilar ularning nuridan foydalanadi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.