background
logotype
image1 image2 image3

“Ilm hokim, mol mahkumdir”

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.

Ali (r.a.) yana aytadilar: «Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro‘zador mujohiddan afzaldir. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo‘ladi. U yoriqni faqat olimning o‘rinbosarigina to‘ldiradi». So‘ng Ali (r.a.)  quyidagi she’rni o‘qidilar:
Ilm ahli sharafli, hidoyat istaganlarga yo‘l ko‘rsatgay,
Har kishining qadri, bilki, qilgan ishi-la o‘lchangay.
Johil - olim dushmani, lek kanda qilma ilm izlashni,
Ilm birla umr boqiy, ilmsizlar hayotdan erta ketgay.

Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Sulaymon alayhissalomga yo ilmni, yoki  mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».

Abdulloh ibn Muborakdan: «Komil insonlar kimlar?» deb so‘rashdi. «Olimlar», deb javob berdilar. «Podshohlar kim?» deb so‘rashdi so‘ngra. «Zohidlar», deya javob qildilar. «Pastkashlar kim?» degan savolga esa: «Din nomidan dunyo yeydiganlar», dedilar.

Ibn Muborak olimlardan boshqasini komil inson demadilar. Chunki insonni hayvonlardan ajratib turadigan asosiy xususiyati ham ilmdir. Inson nima bilan sharafli bo‘lsa, o‘sha narsa bilan insondir. Uning afzalligi jismoniy quvvatida emas. Zero, tuya insondan ancha baquvvatdir. Jismning kattaligi bilan ham afzal emas, zero, fil undan kattaroqdir. Afzallik shijoat bilan ham o‘lchanmaydi, chunki yirtqich hayvon undan ko‘ra shijoatliroqdir. Yeb-ichish bilan ham afzal emas, ho‘kizning qorni unikidan kattaroq. Jimo’  qilishiga qarab ham belgilanmaydi, zero, chumchuq jinsiy quvvatda insondan kuchliroqdir. Demak, inson faqat ilm uchun yaratilgan.

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.