background
logotype
image1 image2 image3

Tarix guvoh bo‘lgan buyuk hukm

Mahkama. Kotib yigit qo‘mondonni chaqirdi. Qo‘mondon bosh kohin bilan birga qozining oldiga kirdi.

Qozi: "Ha, samarqandlik, da’voying nima?"

Bosh kohin: "Qo‘mondoningiz bizni bosib oldi, Islomga chaqirib, biz o‘z ishimizni o‘ylab olishimiz uchun muhlat bermadi".

Qozi qo‘mondonga qarab dedi: "Bunga nima deysan, ey qo‘mondon?"

Qo‘mondon: "Urush hiyladir. Bu ulkan shahar. Atrofdagi shaharlarda jang qildik, ular na Islomga kirishdi, na jizyani qabul qilishdi".

Qozi: "Ey qo‘mondon, ularni Islom, jizya yoki urushga chaqirdingmi?"

Qo‘mondon: "Yo‘q, aytgan sabablarimga ko‘ra ustlariga bosib kirdik, xolos".

Qozi: "O‘ylaymanki, iqror bo‘lding. Javobgar iqror bo‘lsa, hukm bitadi. Ey qo‘mondon, Alloh bu ummatga din bilan, aldovdan saqlanib, adolatni barpo qilish bilangina nusrat bergan".

Keyin qozi shunday dedi: "Hukm shunday: barcha musulmonlar — hokimu askarlari, erkagu ayol, bola-chaqalari hammasi Samarqand yeridan chiqib ketishsin! Do‘konu hovlilar tark qilinsin! Samarqandda biror kishi qolmasin. Musulmonlar bundan keyin ularga boshidan ogohlantiruv beradilar!"

Kohinlar ko‘rgan-eshitganlariga ishonmay qolishdi. Guvoh ham, dalil ham so‘ralmadi. Muhokama ham bir necha daqiqada tugadi. Ular oldilaridan qozi, yigit va qo‘mondonning qaytib o‘tib ketishganini ham bilmay qolishdi.

Bir payt Samarqand ahli shovqin-suron ko‘tarilganini, to‘s-to‘polonni eshitishdi. Hamma yoq chang-to‘zon, havodagi g‘uborlar ostida bayroqlar hilpirar edi. Ular nima bo‘layotganini so‘rashgan edi, "Hukm ijro qilindi", degan javob bo‘ldi.

O‘sha kun kun botishi bilan Samarqandning bo‘shab qolgan ko‘chalarida itlar sayr qila boshladi. Har uydan yig‘i eshitilardi. Ular o‘z yurtdoshlaridan ham shafqatli, adolatli bu xalqning shaharni tashlab chiqib ketganiga yig‘lashardi.

Samarqndliklar, hatto kohinlar ham o‘zlarini tutib tura olmay, bir necha soat ichida to‘planib, ko‘p guruh bo‘lib qo‘shin tomon chiqishdi. Bosh kohin eng oldida. Hammalari barobariga "Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Allohning Rasulidir", deb guvohlik berishardi.

O‘sha qo‘mondon Qutayba ibn Muslim, qozi esa Umar ibn Abdulaziz edi!

Aliy Tantoviyning "Islom tarixidan hikoyalar" kitobi asosida Hafiz Abu Ubay tayyorladi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.