background
logotype
image1 image2 image3

Domlaning aytganini qilginu...

Bu maqolnamo gap hammamizga tanish, shunday emasmi? U qaerdan kelib chiqqan? Nima sabab bo‘lgan? Axir ulamolar doimo elning oldida yurib, dinimiz ahkomlariga amal qilishda barchaga o‘rnak bo‘lib kelishgan-ku! To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ahyon-ahyonda, diniy sohadagi kishilar orasidan ham ana shunday kurmaklari chiqib turadi. Yuqoridagi maqolnamo gapning kelib chiqishiga ham ularning ixlossiz amallari, nosamimiy gap-so‘zlari, ya’ni, amallari gaplariga teskariligi sababdir, balki. Biroq nima bo‘lganda ham, tug‘ilganimizdan tortib vafotimizgacha ehtiyojimiz tushadigan diniy ulamolar sha’niga bunday gap aytishga ehtiyot bo‘lish kerak, deb o‘ylayman.

Ammo bu jumlaning boshqacha sharhi ham mavjud ekan. Talabalik yillarimizda mashhur qori ustozimizdan qitmirroq kursdoshimiz ana shu gapning boisini so‘rab qoldi. Hammamiz qori aka bunga nima deb javob berar ekanlar, deya qiziqish bilan quloq sola boshladik. «Buning ma’nosi, – dedilar domla, – sen domlaning aytganini qilish bilan kifoyalanaver, baribir qilganini qila olmaysan. Chunki domla odamlarni farz namozlarini o‘qishga chaqiradi. O‘zi esa nafl namozlarini ham qo‘shib o‘qiydi. Yilda bir oy ro‘za tutish farzligini aytadi, o‘zi bo‘lsa nafl ro‘zalarni kanda qilmaydi va hokazo. Shuning uchun, yaxshisi, domlaning aytganini qilib qo‘ya qol, u bajarayotgan amallar senga og‘ir kelishi mumkin. Bu gapni ana shunday tushunish kerak!»

Domlamizning aytgan so‘zlari mantiqli edi. O‘shandan buyon qaerda shu gapni eshitsam, paytini topib, ana shu «sharh»ni aytadigan bo‘ldim.

 No‘mon Abdulmajid

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.