background
logotype
image1 image2 image3

Imomi A’zam zakovati

Mazhabboshimiz Imomi A’zam Abu Hanifaning (rahmatullohi alayh) taqvolari, ibodatlari va ilmlari haqida juda ko‘p gapirilgan, yozilgan. Quyida e’tiboringizga Vasliy Samarqandiyning “Imomi A’zam hayoti haqida qimmatli so‘zlar” kitobidan olingan parchani havola qilamiz. Unda ulug‘ imom zakovatining yana bir qirrasini ochib beradigan qiziqarli ma’lumotlar beriladi.

* * *

Imomi A’zamni do‘st ko‘rmaydigan bir kimsa u zotdan so‘radi: “Jannatni umid qilmaydigan, do‘zaxdan qo‘rqmaydigan, o‘limtik yeydigan, ruku va sajdasiz namoz o‘qiydigan, ko‘rmagan narsasiga guvohlik beradigan, haqni yomon ko‘radigan va fitnani yaxshi ko‘rib, rahmatdan qochadigan, yahudiy va nasroniylar so‘zlarini tasdiqlaydigan kishi haqida nima deysiz?”

– U odam Alloh taoloning haqiqiy do‘stlaridandir. Negaligini bayon qilsam, tilingni yomon so‘zlardan tiyasanmi?

– Ha, tilimni behuda so‘zlardan tiyib tavba qilaman.

– Uning sifati bunday: u odam jannatni umid qilmaydi, balki jannatning Parvardigorini umid qiladi; do‘zaxdan qo‘rqmaydi, balki do‘zaxning Parvardigoridan qo‘rqadi; baliqning o‘limtigini ham yeydi; janoza namozini ruku va sajdasiz o‘qiydi; Alloh taolo bilan Payg‘ambarni ko‘rmasdan, Xudoning birligi va borligiga hamda Muhammad (alayhissalom) Xudoning bandasi va payg‘ambari ekaniga guvohlik beradi; Alloh taologa uzoq yil toat qilmoq uchun o‘limni yomon ko‘radi; mol-dunyo va farzand fitna bo‘lsa ham, yaxshi ko‘radi; yomg‘ir Allohning rahmati bo‘lsa ham, undan qochadi; “Yahudiylar: “Nasroniylar hech narsada yo‘q” desalar, nasroniylar: “Yahudiylar hech narsada yo‘q”, deydilar...” (Baqara, 113) oyatini tasdiqlaydi.

Shunda savol so‘ragan kishi o‘rnidan turib, Imomi A’zamning qo‘llarini o‘pdi va: “Guvohlik beraman, mazhabingiz haqdir, endi inkorim qolmadi”, dedi.

* * *

Ibn Muborak Imomi A’zamdan so‘radi: “Qaynab turgan qozondagi ovqatga bir uchar qush tushib o‘lsa, qozondagi go‘sht bilan sho‘rvaning hukmi qanday bo‘ladi?” Imomi A’zam ulamo shogirdlaridan: “Sizlar nima deysiz?” deb so‘radi. Shogirdlari Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat keltirdilar, “Sho‘rvani to‘kib, go‘shtini yuvib, yesa bo‘ladi”. Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) aytdi: “Bu fatvo qozon qaynamay turgan vaqtda to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo qaynab turgan vaqtda go‘shtni ham tashlab yuborish kerak. Zero, najas go‘shtning ichiga ta’sir qilib, iflos qiladi. Qaynamagan paytda esa, najas go‘sht ichiga ta’sir qilmaydi, shuning uchun toza suvda yuvish bilan pok bo‘ladi”. Hamma ulug‘ imomning zakovatiga qoyil qoldi.

* * *

Kunlarning birida Imomi A’zamning qo‘shnisining tovusi yo‘qoldi. Qo‘shni Imomi A’zamga kelib: “Tovusimni o‘g‘ri olibdi, endi nima qilaman?” dedi. Imomi A’zam masjidga bordilar. Mahalla odamlarini ham yig‘dilar. Imomi A’zam hech kimni ko‘rsatmay baland ovozda: “Bu odamni qarang, qo‘shnisining tovusini o‘g‘irlabdi, yana uyalmasdan namoz o‘qiyman, deb masjidga kelibdi. Holbuki, uning boshida tovusning patlari ko‘rinib turibdi”, dedilar. Shunda bir kishi shoshib boshini qoqqan bo‘ldi. Imomi A’zam unga aytdi: “Endi sen tovusni qaytarib bergin”. U Imomning aytganini qildi.

* * *

Bir xotin egizak tug‘di. Bu ikki bolani orqasi bir-biriga yopishgan edi. Ularning biri o‘ldi. Kufa ulamolari “Har ikkovi ko‘miladi”, dedilar. Ammo Imomi A’zam: “O‘lgani tuproqqa ko‘milsin, tirigi to ajralgunicha tuproqning ustida tursin”, dedi. Hazrat Imomi A’zam aytganlarini qilishdi. Bir kuni tirigi ajraldi va uzoq umr ko‘rdi. Odamlar unga “Imom A’zamning o‘g‘li” degan laqab qo‘yishdi.

* * *

Bir guruh dahriylar hazrat Imomi A’zamni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Imomi A’zam: “Sizlardan bir masala so‘rayman, keyin xohlaganingizni qilasiz”, dedi va: “Bir kemaning ichi to‘la mol bo‘lsa va dengiz to‘lqinli bo‘lsa, kemachi bo‘lmasa, bu kema o‘z-o‘zidan najot topib, biror tarafga keta oladimi?” deb so‘radi. Dahriylar: “Mumkin emas, bu ish mushkuldir”, deb javob berishdi. So‘ngra Imomi A’zam aytdi: “Bu dunyoning borligi, atrof-muhitning o‘zgarib turishi, olamda jarayon etayotgan shuncha ishlar bir yaratuvchi va boshqarib turuvchisiz sodir bo‘la oladimi?” Shunda hamma dahriylar tavba qilib, yarog‘larini g‘ilofiga solishdi va Tangri taoloning bir va borligiga imon keltirishdi.

“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 12-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.