background
logotype
image1 image2 image3

Umar ibn Xattob

Umar ibn Xattob (591-644) - to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalarning ikkinchisi, Payg‘ambarimizning (s.a.v.) yaqin sahobalari va qaynotalari. O’n yarim yil adolat bilan xalifalik qilganlar.



Ey insonlar, ilm o‘rganinglar. Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga o‘sha libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun uch marta tanbeh beradi. Garchi bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi).
 
Kunduzlari ro‘zador, kechalari qoyim (bedor) bo‘lgan mingta obidning o‘limi halol-haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir.
 
Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi.
 
Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, qolganidan o‘zingizni tiying.
 
Agar bir kishi uyidan chiqayotganida gunohi Tuhoma tog‘idek bo‘lsa, so‘ng ilm eshitgach, qo‘rqib gunoh qilishdan to‘xtasa, uyiga qaytganida unda gunoh qolmaydi.
 
Namozni zoe qilgan odamga Islomda ulush yo‘q.
 
Gunoh qilishdan tiyilish gunohga tavba qilishdan osonroqdir.
 
E’tiqodingizga ko‘ra yashamayotgan bo‘lsangiz, yashayotganingiz kabi e’tiqod qila boshlaysiz.
 
Sizning ustingizda namoz bor. Namoz Islomning avvalidir va diningizdan yo‘qotadigan so‘nggi narsangiz ham namozdir.
 
Iymonning uchdan biri hayo, uchdan biri aql, uchdan biri jo‘mardlikdir.
 
Haqdan ayrilmangki, sizga haq egalarining joyi ko‘rsatilgan. Har doim faqat haqiqat bilan hukm eting.
 
Kimki Allohdan qo‘rqsa (taqvo qilsa), Alloh uni saqlaydi. Kim Allohdan umid qilsa, Alloh uni noumid qilmaydi. Kimki Alloh yo‘lida ehson qilsa, Alloh uning o‘rnini to‘ldiradi. Shuning uchun taqvoni qalbing tayanchi, diydang jilosi qil! Zero, niyatsizning amali, ezgusizning ajri bo‘lmas!
 
Hisob-kitob qilinmasdan oldin o‘zlaringni sarhisob qilib olinglar, tarozuda tortilmasdan oldin amallaringni tortib ko‘ringlar va hech bir amalingiz xufya qolmaydigan ulug‘ uchrashuvga tayyorlaninglar.
 
Allohga taqvo qilish dushmanga qarshi eng afzal qurol va urushda eng yaxshi hiyladir.
 
Gunoh oldida najot arqonini mahkam ushla.
 
Ishingda Allohdan qo‘rqqanlar bilan maslahatlash.
 
Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh uni saqlaydi. Kim Allohga tavakkal qilsa, Alloh unga kifoyadir. Kim Allohga shukr etsa, U unga ziyoda qiladi. Kim Allohga qarz bersa, unga ajrini ato etadi.
 
Biror kishini biron ishda senga itoatda Allohga gunohkor bo‘lgani uchun jazolasang, uning itoatsizligi o‘sha ishda sening Allohga itoat qilishingdek bo‘lsa, bas, uni jazolamaysan.
 
Bizlar o‘nta halolning to‘qqiztasini shubha yoki haromga tushib qolamiz, degan qo‘rqinchda tark qildik.
 
Mening ayblarimni ko‘rsatgan kimsani Alloh marhamatiga olsin.
 
Dunyoning azizligi mol bilan, oxiratning azizligi solih amallar bilan.
 
Dunyosini tark etib, faqat oxirati uchun amal qilgan odam ham yoki oxiratini tark etib faqat dunyosi uchun amal qilgan odam ham sizlarning yaxshilaringiz emas. Balki unisiniyam, bunisiniyam ushlagan odam yaxshilaringizdir.
 
Ochko‘zlik - kambag‘allik, qanoat - boylikdir. Kimningki ko‘zi odamlarning mol-mulkida bo‘lmasa, ularga muhtoj bo‘lmaydi.
 
Eng johil inson oxiratini birovning dunyosi uchun sotgan kishidir.
 
Allohdan qo‘rqqan kimsa jahl qilmaydi va xohlagan har ishini bajaravermaydi. Agar oxirat bo‘lmasa edi, dunyoni bu tarzda ko‘rmas edingiz.
 
Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Alloh dargohidagi ajr-mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan yanada ustun va bitmas-tuganmasdir.
 
Qur’onga g‘ilof, ilmga manba bo‘ling. Allohdan kunlik rizqingizni so‘rang.
 
Sening najotingga xayrixoh bo‘lmagan kishidan hojatingni so‘rama.
 
Agar yaxshilikka burishning bironta yo‘li bo‘lsa, mo‘min birodaringdan chiqqan so‘z haqida faqat yaxshi gumon qil.
 
Fojirlar bilan hamsuhbat bo‘lma, ularning fujurlaridan o‘rganasan.
 
Foydasiz narsaga urinma.
 
Bir musulmonning og‘zidan chiqqan so‘zni yomonga yo‘yma, sen u so‘zni yaxshilikka yo‘yishga harakat qil.
 
Kim o‘z sirini berkitsa, yaxshilik uning qo‘lidadir.
 
Kim o‘zini tuhmat qilinadigan o‘rinda ko‘rsatsa, unga nisbatan yomon gumon qiladiganlarni malomat etmasin.
 
O’zingga doimo rost so‘zlarni ixtiyor qil, agar-da seni rostlik o‘ldirsa ham.
 
Yolg‘on qasam ichishni yengil sanama, uning sababidan Alloh seni halok qilur.
 
Agar uch yomonlikdan saqlansang, yigitlikning yomonligidan saqlanasan, bular - tilingning, farjingning va qorningning yomonligidir.
 
Qabrlar oldida odob bilan tur.
 
Itoat vaqtida o‘zingni xor tut.
 
Tavbangning to‘g‘ri bo‘lishi gunohingni bilish bilan, amalingning to‘g‘ri bo‘lishi mag‘rurlikdan voz kechishing bilan, shukringning to‘g‘ri bo‘lishi kamchiligingni bilishing bilandir.
 
Sukut - insonning eng harir libosidir.
 
Uchta ish sen haqingda do‘stingda yaxshi fikr hosil qiladi: uni salom bilan qarshi olishing, majlisda joy berishing, uni u yaxshi ko‘radigan ismlar bilan chaqirishing.
 
Dushmaningdan uzoq bo‘l!
 
Do‘stingdan ehtiyot bo‘l, ishonchlisi mustasno. Allohdan qo‘rqqangina ishonchli bo‘lur.
 
O’zingga sodiq do‘stlar tanla, ular panohida yashaysan, chunki ular kengchilikda ziynat, qiyinchilikda qalqondirlar.
 
Do‘stlar bilan ko‘rishib, gaplashib turinglar, g‘am-qayg‘udan qutulishlaringga vosita bo‘ladi.
 
Birodaringdan sen o‘ylagandek foyda kelishi uchun uning ishini yaxshilab o‘rinlatib qo‘y!
 
Xotinlarga itoat etmang. Ularga qarshilik qilib turmasangiz, uydan baraka ketadi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.