background
logotype
image1 image2 image3

Mu’iniddin Juvayniy

Mu’iniddin Juvayniy (XV asr) - taniqli olim, uning «Nigoriston» asarini Ulug‘bek sevib o‘qigan.



Dil boyligi va ruh ozig‘i uch narsadadir: birinchi ilmda, ikkinchi rizoda, uchinchi qanoatda.
 
O’zing muqarrar toat-ibodat qilmaganingdan keyin boshqadan buni talab etib nima qilasan?
 
Doimo parhezkor bo‘lmoq va hamisha kishilar bilan maslahatlashmoq kerak.
 
Qobiliyat egasining boshini silamaslik - zolimlik, iste’dodi yo‘qni tarbiyalash - johillik.
 
Mansabdor mol to‘playdi, oqil esa - fazilat.
 
Oqilning qo‘rs odam bilan suhbatda bo‘lishi johilning aysh-ishratga mukkasidan ketishiga o‘xshaydi.
 
Oltin-u kumush jamg‘arishga mayl qo‘yish nafsning nuqsonidir.
 
Hech kimga ozor bera ko‘rma - dunyo barchaga barobardir.
 
Qanoat mevasi - rohat, kamtarlik mevasi - muhabbat.
 
Sultonning xizmatida bo‘lsang ham suhbatidan o‘zingni tiy.
 
Har kim gunohkor kishini kechira olsa, bu ulug‘lik va oliyhimmatlik nishonidir.
 
Kimki o‘zini sultonga yaqin tutishga intilsa, mol-dunyosi talon-taroj xavfi ostida qoladi. Kimki undan o‘zini tortsa, shamshirining tig‘iga mubtalo bo‘ladi.
 
Jahonda bor narsa - aqlga, aql esa tajribaga muhtojdir.
 
Yomondan nari yurish farz, bu qabohatning oldini oladi. Yaxshiga yondoshgan ayni muddao, bu fazilatga yo‘l ochadi.
 
Iste’dodli odamga - dag‘allik, qobiliyatsizga - mansab yarashmaydi.
 
Erkak uchun eng yaxshi libos - shirinso‘zlik, xotin uchun eng a’lo kiyim -ochiq yuzlik.
 
Kimki aybsiz do‘st axtarsa - do‘sti kamayadi. Kimki do‘stini xatosi uchun itobga olsa - dushmani ko‘payadi.
 
Bag‘ritosh do‘stni dushman hisoblash lozim.
 
Dushmandan muruvvat kutmaganday, pastkash do‘stdan nari yurgan ma’qul.
 
Do‘stsiz yashash mumkinmas, ammo hamma ham do‘stlikka arziyvermaydi.
 
Dushman bilan hamsuhbat bo‘lganingda ham o‘zingni undan baland tutma!
 
Bir ming nafs adovat oldida bir odamcha ham bo‘lmas.
 
Og‘ir kunlarda yoningda turgan odamgina in’omga sazovordir.
 
Hisob va sarf muomala uchun, uzr hamda ixlos do‘stlik va muhabbat uchundir.
 
Eng yaxshi xotin shunday xotinki, u hayoli va oriyatli bo‘ladi. Eng muhimi, oilada to‘kin-sochinlik va barakaning sababchisi bo‘ladi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.