background
logotype
image1 image2 image3

Maoz ibn Jabal

Maoz ibn Jabal - Payg‘ambarimizning (s.a.v.) sahobalaridan, Badr janggi g‘oziysi. 



Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, yetakchi qilib qo‘yadi. Ular odamlarni yaxshilikka yetaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e’tiborli bo‘ladi. Har bir quruq va ho‘l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlar-u hasharotlar, barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqqiga istig‘for aytadi.

Ilm o‘rganinglar, zero uni o‘rganish - Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish -ibodat, muzokarasi - tasbeh, uni izlash - jihod, bilmaganga o‘rgatish -sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish - Allohga qurbatdir.

Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dalil, xursandlig-u xafalik paytda ko‘makchi, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st va jannat yo‘lining minorasidir.

Namozingni hayot bilan vidolashayotgan kishi kabi o‘qi! Yana bir bor o‘qiy olishingni o‘ylama. Shuni bilginki, mo‘min kishi biri bajarilgan va biri ortda qolgan ikki yaxshilik o‘rtasida o‘ladi.

Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada ayon bo‘ladi: tilida - ya’ni, tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, ortiqcha so‘zlardan tiyadi, Allohning zikri, Qur’on tilovati, ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul qiladi; qornida -ya’ni, faqat halol narsani va hojati miqdoricha yeydi; ko‘zida - ya’ni, haromga boqmaydi, dunyoga rag‘bat nazari bilan emas, ibrat nazari ila qaraydi; qo‘lida - ya’ni, uni haromga cho‘zmaydi, Alloh toatidagi ishlarga uzatadi; oyog‘ida - ya’ni, Alloh gunoh, degan ishlarga yurmaydi; qalbida -ya’ni, undan birodariga dushmanlik, g‘azab, hasad kabi illatlarni chiqarib tashlaydi va musulmonlarga nisbatan mehr-shafqat uyg‘otadi; toatda -ya’ni, toati Alloh yo‘lida xolis bo‘ladi, riyo va nifoqdan saqlanadi. Odam farzandi uchun Alloh zikridan boshqa Uning azobidan najot beruvchi amal yo‘q.

Jannat ahli dunyoda Allohni zikr qilmay o‘tkazgan bir soatiga shu qadar achinadilarki, boshqa biron narsaga shunchalik afsuslanishlarini tasavvur qilib ham bo‘lmaydi.

Dunyodagi ulushing seni albatta qidirib topadi. Sen undan ko‘ra oxiratdagi ulushingga muhtojroqsan. Binobarin, sen oxiratdagi ulushingni tanla!

Rizqing uchun harakat qil, ammo rizq topaman, deb to‘g‘rilikdan ayrilma va musulmon holda o‘lishga intil. Mazlumning badduosidan saqlan.

Ochlik va qiyinchilik fitnasi bilan imtihon qilindingiz, sabr etdingiz. Mo‘l-ko‘lchilik fitnasi bilan ham sinalasizlar. Men sizlarning ayollar fitnasiga uchrashingizdan ko‘proq xavotirdaman.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.