background
logotype
image1 image2 image3

Majididdin Xavofiy

Majididdin Xavofiy (vafoti 1443) - ko‘zga ko‘ringan alloma, faqih, voiz, «Xoriston» kitobi muallifi.



Ilmni amalda qo‘llay olmas ekansan, ko‘p bilishingdan foyda yo‘q. Axir sen mingta nayza bilan dushmanga yolg‘iz qarshi borolmaysan-ku!
  
Ilm namoyondalariga baxillik qilma. Zero, ilm bir xazinadirki, undan qancha foydalansang ham, boylikdan farqli o‘laroq, baribir ko‘payib boraveradi.
  
Kimki bilimga erishib, uning mazasini totib ko‘rgan bo‘lsa, bu narsani u podshohlik va davlatni boshqarish huzur-halovatiga almashtirmaydi.
  
Insonni xalq bilan bilimdan boshqa hech nima bog‘lay olmaydi. Kimki gunohlarga botgan bo‘lsa, ulardan faqat bilim orqali forig‘ bo‘lishi mumkin.
  
Og‘irchilik va g‘amginlikda qurilgan oqil suhbati bazm va ishratda o‘tkazilgan johil suhbatidan afzaldir.
  
Rivoyatlardan ma’lumki, hind olimlari ko‘p umr ko‘radilar, ularning fikr qilish qobiliyati ham kuchliroq. Buning asosiy sababi ovqatni kam iste’mol qilishdadir.
  
Dono kishining tili uni baxtsizlikdan asraydi. Yaramas kishining tili esa uning boshiga kulfat keltiradi.
  
Tahsil olish mashaqqatini tortgan odam johillik kasaliga duchor bo‘lmaydi.
  
Eshitish zarar bo‘lsa ham, dononing so‘zlari foydadan xoli bo‘lmaydi. Ahmoqning gapiga quloq solish qanchalik zavqli bo‘lmasin, u hamma vaqt ziyondir.
  
Insonning boshqa jonzotlardan afzalligi aqldadir. Aqlning maqsadi esa nutq va shirinsuxanlikni takomillashtirishdan iborat.
  
Johil kishilar oldida kamtarlik qilmagil, aks holda ular nazarida sen tuban va sharmandadirsan. Haqir va notavon ko‘rinmay desang, donolar oldida takabbur bo‘lmagil.
  
Aqlli bo‘lsang, johil va nodondan hazar qil. Aqalli biroz bilimi bor kishi ulardan albatta yuz chaqirim uzoqlashadi.
  
Qalbida oltin va kumushlarni yaxshi ko‘rgan odam sariq chaqa evaziga minglab odamlar qonini to‘kishi mumkin.
  
Yashash uchun ovqatlanurlar, ovqat yeyish uchun yashamaslar.
  
Oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-hushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir.
   
Ochko‘zning boyligidan g‘am-alam va ozor yetadi. U qaerga borsa, shu yerda dod-u faryod ko‘tariladi. Ta’magirning mol-mulkiga yomon ko‘z bilan qarama, zero uning boyligidan tish zirqiraydi.
  
Xayr-sadaqani kasb qilib olgan odamga hech bir ish yoqmaydi.
  
Saxiylik bu - insonning saxovat ko‘rsatib, keyin bu haqda unutishidir.
  
Bir ishni qilishga odatlangan kishi undan hech qachon voz kecha olmaydi.
  
Sitamgarlik kufrlikdan ham yomonroqdir.
  
Gar inson ekansan, xalq manfaati yo‘lida harakat qil, toki xalq o‘z xohish-istagi bilan sening xizmatingda bo‘lsin.
  
Shuni bilginki, mamlakatda tartib-intizom va osoyishtalik o‘rnatilishi odil podshohga bog‘liq. Askarlar farovonligi va davlatning gullab-yashnashi uning odilligidan. Fuqarolar podshohning xazinasi hisoblanadi. Xazina bo‘sh bo‘lsa, podshoh kambag‘al bo‘lib qoladi.
  
Sitamgar musulmon odil g‘ayridindan yomonroqdir.
  
O’z farzandingni yaxshi xulq-odobli va aqlli bo‘lishga o‘rgat. Kimki yoshlikdan yaxshi xulq-odob egallamas ekan, ulg‘ayganda undan bilim talab qilma.
  
Yaxshilik va ezgulik yomonlikdan qochgani yanglig‘ yomonlik ham yaxshilikdan qochib ketadi.
  
Jamiyatda bir odamning yomon xulqi hammaga ta’sir qiladi. Sachragan ozgina loy ming chandon ko‘p hajmdagi suvni bulg‘aydi.
  
Mening ikki toifadagi odamlarga: biror narsaga intilmaydigan iqtidorli odamga va qobiliyatsiz serhafsala odamga rahmim keladi.
  
Tuban odam bilan do‘st tutinib, hamsuhbat bo‘lma, chunki uning zarardan boshqa nafi tegmaydi.
  
Yasovuldan do‘st tanlama, chunki u haqiqatni tan olmaydi. Sen unga ming martalab nonu suv tutqazsang-da, undan bir marta ham issiq (ovqat) so‘rab ololmaysan.
  
Ishq libosini kiyishdan or qilish va muhabbat lazzatidan bebahra bo‘lish tabiatning og‘ir jafosi va kasallik taqozosidir.
  
Sevgi-muhabbat obro‘li odamni xor qiladi, tuban odamni esa hurmatli insonga aylantiradi.
  
Har bir mavjudot muhabbatga muhtojdir, sevishga qobil bo‘lmagan odam mavjud emasdir.
  
Podshohga yaqin kishilar tuhmatchi va g‘iybatchi bo‘lsalar, davlat inqirozga yuz tutib, podshoh almashgusidir.
  
O’zingda hasad hissini qo‘zg‘atmagil. Zero, keyin undan xalos bo‘lishing amri maholdir. Uni davolab bo‘lmaydi.
  
Olimlarning aytishlaricha, odamlar to‘rt toifadan iborat. Ularning birlari ochko‘zdirlar. O’zlari yeb, boshqalarga bermaydilar. Ikkinchilari o‘taketgan ziqnalar bo‘lib, o‘zlari ham yemaydilar, boshqalarga ham bermaydilar. Uchinchi toifa saxiy kishilardirki, ular o‘zlari yeb, boshqalarga ham beradilar. To‘rtinchisi - oliyhimmat odamlardir, o‘zlari yemay boshqalarga beradilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.