background
logotype
image1 image2 image3

Qanoat halovati va nafsning asorati

Bir suruv qo‘y ichra yuz och bo‘ri kirganda bo‘ladigan g‘avg‘odan bir soatlik shayton fasodi ziyodaroqdir. Va yuz shaytonning odamzodga qiladigan fasodidan nafsning odamzodga qiladigan fasodi yomonroqdir.

Hakim at-Termiziy 


Hammadan yomoni semizlik va to‘qlikdir.

Abu Yazid Bastomiy 


Tanang imorati dosh bera oladigan miqdorda tanovul et.

Abdurahmon Jomiy


Bil, oyoq ostingda yurgan chumoli,
Bir donga garovdir yuz joni-holi.

Xusrav Dehlaviy


O’n olti yildan beri to‘yib ovqatlanmadim. Zero, ko‘p yeyish badanni og‘irlashtiradi, qalbni qoraytiradi, zakovatni ketkazadi, uyquni jalb etadi va kishini ibodatga zaif qiladi.

Imom Shofe’iy


Bir qora chaqaga cho‘zilsa qo‘lim,
Bir yarim tangaga kesilgani soz.

Sa’diy Sheroziy


Kishi uchun eng foydali, dilni yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratli narsa hirs va g‘azabdir.

Abu Ali ibn Sino


Musibatga sabr qil, chunki sening ustingdan kuluvchilar ham bor.

Qozi Ahmad G’afforiy


Shirin bo‘lsa ham, qand kasalga zarar,
Davo bo‘lgay achchiq, taxir dorilar.

Sa’diy Sheroziy


Boshqalarda ko‘rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.

Abu Ali ibn Sino


Adovat qilging kelsa, qalbingdagi adovatga adovat qilgin, uni daf etishga urin. Va senga eng ko‘p zarar yetkazadigan nafsi ammorangga va havoyi nafsingga adovat etgin, uni tuzatishga intil. O’sha zararli nafsni deb mo‘minlarga adovat etmagin.

Badiuzzamon


O’shal oltin idish menga ne kerak,
Agar yovlar unga qonim solajak.

Faxriddin Jurjoniy


Ey havoyu havasga berilgan nafs, tez bo‘l. Chunki sen bir nafasning himoyasidasan.

Abu Ali ibn Sino


Molini haloldan topmagan, undan haqlarini chiqarib turmagan, u bilan obro‘-sharafini saqlamagan kishida yaxshilik yo‘qdir.

Said ibn Musayyib


Bozor ahlining kiyimlariga aldanmanglar. U kiyimlarning ichida bo‘rilari bordir.

Sufyon Savriy

Muhtoj odam har bir narsadan hojati chiqishini o‘ylaydi.
Mahmud Qoshg‘ariy
 
Ochlikda qolmasa chidam va toqat, Ba’zan arpa non ham ko‘rinar novvot.
Xusrav Dehlaviy


Eng quturgan hayvon ham pishiq qarmoq bilan ilintirishga nafsingchalik loyiq emas.

Hasan Basriy


Insonning dushmani uchtadir: dunyosi, shaytoni va nafsi.

Yahyo ibn Maoz


Halol kasb qilish tog‘ni ko‘chirishdan og‘irdir.

Abdulloh ibn Abbos


Ne’matning qadri u yo‘qolgandagina bilinadi.

Abu Rayhon Beruniy


O’zing topib yegan sirkayu piyoz -
Oqsoqolning nonu barrasidan soz.

Sa’diy Sheroziy


Poklik faqirlikning ziynati sanaladi, shukr qilish esa mol-dunyoning ziynati sanaladi.

Ali ibn Abu Tolib


Qanoat mevasi - rohat, kamtarlik mevasi - muhabbat.

Mu’iniddin Juvayniy

 
Agar biz mo‘min bo‘laturib, nafsimizni jilovlay olmasak, demak, biz hali komil mo‘min va komil iymon egasi emasmiz. Komil iymonga ega bo‘lmaganimizdan nafsoniy orzu-havaslarni jilovlay olmayapmiz.

Umar Foruq Saydo al-Jazariy


Yashash uchun ovqatlanurlar, ovqat yeyish uchun yashamaslar.

Majididdin Xavofiy


Tok sharob beradi g‘o‘radan keyin,
Buta gul ochadi g‘unchadan keyin.

Xusrav Dehlaviy


Asalarilar ham o‘z jinsidan bo‘laturib ishlamay, uyadagi asalni bekorga yeb yotadiganlarini o‘ldirib tashlaydilar.

Abu Rayhon Beruniy


Sabr shunday kuchli bir narsadirki, g‘azabni shijoatga, shiddatni halimlikka, kattalikni tavoze’ga, yomonlikni yaxshilikka aylantirmaklikka quvvati yetar.

Abdulla Avloniy


Iltimosga qolgan kunda o‘limni, bosiqlik va ta’masizlikda barhayotlikni ko‘rdim.

Najmiddin Kubro

 
Riyozat qilichlarini sug‘urib, nafsing bilan mujodala qil. Riyozat to‘rt yo‘l bilan bo‘ladi: oz yemoq, oz uxlamoq, oz gaplashmoq, barcha jonlidan kelgan iztiroblarga chidamoq.

Yahyo ibn Maoz


Nafsing jiyroni bo‘larkan roming,
Ixlos tangasiga so‘qilur noming.

Nizomiy Ganjaviy


Xaloyiq ikki ishdan halokatga yuz tutar: birinchisi - maxluqotning hurmatini saqlamaslikdan, ikkinchisi - Alloh bergan ne’matning shukronasini bilmaganidan.

Abu Yazid Bastomiy


Oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-hushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir.

Majididdin Xavofiy 


Qanoatli kishi och va yalang‘och bo‘lsa ham boydir, dono bo‘lsa ham amirdur.

«Mahzan al-ulum» 


Sabr bilan ishlar bitar, shoshqaloqlik boshga yetar.

Husayn Voiz Koshifiy


Ozgina tanballikka yo‘l qo‘yilgan joyda nafs sizga hokim bo‘la boshlaydi. Inson to o‘limiga qadar shayton va nafs hujumidan omonda bo‘lolmaydi.

Umar Foruq Saydo al-Jazariy


Og‘irchilikda sabr qilish - eng ulug‘ ne’mat.

Muhammad Zehniy


Har kecha so‘nggida nuri ziyo bor,
Har bardosh so‘nggda zavqi safo bor.

Nizomiy Ganjaviy


Boylik g‘urbatda ham vatan bo‘ladi, faqirlik vatanda ham g‘urbat bo‘ladi.

Ali ibn Abu Tolib


Barcha yukni ko‘tardim, ammo burchdan og‘irroq yukni ko‘rmadim. Barcha lazzatni totib ko‘rdim, ammo salomatlikdan chuchukroq lazzatni totmadim. Eng shirin lazzat sog‘-salomatlikda ekanini angladim.

Luqmoni Hakim


Inson ichida eng ablah inson,
Nafs-havo ketidan bo‘ladi sarson.

Farididdin Attor


Taniqli do‘stlarimiz havoyi nafsga moslashib yashalgan hayotni «to‘ng‘iz hayoti» deb atardilar va shunday hayot kechiruvchilarga «Bizdan nariroq tur, ey to‘ng‘iz!» derdilar. Agar bundan ham xunukroq bir kalima topilsaydi, shubhasiz, ularga o‘sha so‘zni laqab qilib taqardilar.

Ismoil ibn Iyosh


Boylikning yaxshisi haloldan topilgani va savobli ishlar uchun sarf etilganidir. Boylikning yomoni haromdan topilgani va harom ishlar uchun sarf etilganidir.

Muhammad Zehniy


Faqir ulki, uning ovqati - nima topsa, o‘sha bo‘ladi, libosi avratini yopishga yetadi, makoni qaerda o‘ltirgan bo‘lsa, o‘sha yerdir.

Abu Turob Naxshabiy


Kimning bo‘shroq cho‘ntagi,
Tinchroq tepar yuragi.

Nizomiy Ganjaviy


O’z nafsini faromush qilgan Allohni yod qilgan bo‘lur.

Abu Yazid Bastomiy


Yotlarning yog‘liq ovqatidan o‘zingga yaqinlarning mushti yaxshi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Qanoat kishini qudratli qilur.

Sa’diy Sheroziy


Borma aytmaganning dasturxoniga,
Qo‘l uzatsang, qadring tushar noniga.

Pahlavon Mahmud


Kim bozorga chiqib, bir narsani ko‘rsa-yu o‘sha narsaga havasi kelsa va olmaganiga sabr qilsa, bu ishi o‘n ming dirhamni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilishdan yaxshidir.

Zahhok


Kim boyni ikrom qilib, kambag‘alni xorlasa, la’natlangandir.

Abdulloh ibn Abbos


Boy birodarlarimizga adolat qilmadik. Ular yeydilar, biz ham yeymiz. Ular ichadilar, biz ham ichamiz. Ular qiynaladilar, biz ham qiynalamiz. Ularning ko‘p mollari bor, unga qarashadi, biz ham ular bilan birga u mollarga qaraymiz. Ular hisob berishadi, ammo biz hisob berishdan ozodmiz.

Abu ad-Dardo


Har sabrning oxiri zafar,
Har achchiqning ketidan shakar.

Jaloliddin Rumiy


Kambag‘allar ham, boylar ham uchta narsani ixtiyor etishgan. Kambag‘allarning ixtiyor qilgan narsalari - nafsning rohati, qalbning yumshoq, hisobning yengil bo‘lishi. Boylarning ixtiyori - nafsning charchashi, qalbning mashg‘ulligi va qattiq hisob.

Shaqiq Zohid


Oqil kishi dunyodagi rizqiga rozi bo‘ladi va mol to‘plashga mashg‘ul bo‘lmaydi. Oxirat amallari bilan shug‘ullanadi. Chunki oxirat qaror topish va ne’matlar uyidir. Dunyo foniylik uyi, u xiyonatkor, fitnakordir.

Abu Lays Samarqandiy


Alloh taolo Odam bilan Havvoni yerga tushirganida ular dunyo hidini topishdi va jannat bo‘yini yo‘qotishdi. Ikkovini qirq kun dunyoning bad bo‘yi o‘rab oldi.

Zahhok


O’tirgil ochu bechora, yalong‘och,
Vale nokasga aslo bo‘lma muhtoj.

Sa’diy Sheroziy


Dunyo - Allohning ekinzori, odamlar - shu ekinzorning ekini, o‘lim - o‘roq, jonni oluvchi farishta alayhissalom - shu ekinni o‘ruvchi, qabriston - uni yanchuvi, jannat va do‘zax - havoyi xohishlarning uyidir. Bir guruhi jannatda, bir guruhi do‘zaxda bo‘ladi.

Yahyo ibn Maoz


Sizlarga ajablanaman. Dunyo uchun amal qilasizlar, vaholanki, unda amalsiz ham rizqlanasizlar. Oxirat uchun amal qilmaysizlar, vaholanki, unda amalsiz rizqlanmaysizlar.

Iso ibn Maryam


To‘rt narsani to‘rt narsadan talab qildik va bu yo‘lda xato etdik: boylikni moldan talab qildik, u qanoatda ekan; rohatni ko‘plikdan izladik, ozlikda ekan; ne’matni taom va kiyimdan qidirdik, satrda, ya’ni Alloh yopgan ayblarda va Islomda ekan.

Hakim Hotam Lifofiy


Kim tong ottirsa, u mehmondir. Moli yalang‘ochdir. Mehmon jo‘nab ketadi, yalang‘ochlik ortiga qaytadi.

Abdulloh ibn Mas’ud


Bilingki, banda yaxshilarning darajasiga aziyatlar va mashaqqatlarga sabr qilish bilan erishadi.

Abu Lays Samarqandiy


Odamlar kambag‘allikni yomon ko‘radilar, men yaxshi ko‘raman. Ular o‘limni yomon ko‘radilar, men yaxshi ko‘raman. Faqirlikni Rabbimga tavoze’li va o‘limni Rabbimga mushtoq bo‘lganim uchun yaxshi ko‘raman.

Abu ad-Dardo


Agar sen balolar yo‘liga tushib qolsang, ko‘zing quvonsin. Chunki bu yo‘ldan payg‘ambarlar va solih kishilar yurgandir. Agar rohatli yo‘l boshlansa, sen nafsingga yig‘lagin. Ularning yo‘lidan adashtirilibsan.

Vahb ibn Munabbah


Haloldan kasb qilish iffatli kambag‘alni go‘zallashtiradi, zaifning muhtojligini berkitadi, pastkash g‘iybatchining tilini kesadi.

Hakim Abdul Qosim


Hech bir narsamni davolash nafsimni tarbiyalash va uni davolashchalik menga og‘ir kelmadi. Chunki u goh men taraf bo‘lar, goh menga qarshi chiqardi.

Sufyon Savriy


Kim a’zolarining nafsoniy orzulariga bo‘yin egib, ularni shod etgan bo‘lsa, bu - qalbiga nadomat niholini o‘tqazgan, deganidir.

Yahyo ibn Varroq


Jannatga ishtiyoqi bo‘lgan kishi dunyoda nafsoniy orzu-havaslaridan tiyilsin.

Ali ibn Abu Tolib


Nafs va shaytonga muxolafat qilishlik bilan isyon et, ular senga nasihat qiluvchi bo‘lib ko‘rinsalar ham, hech tinglama.

Imom Busiriy


Inson nafsi yomon sifatlarga ega bo‘lsa, undan qutulmagunicha his olamidagi ma’nolarni, moddaning ortidagi aql va xayol chegaralarini mushohada qilolmaydi.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy


Ko‘pchilik yoqtirmaydigan o‘lim va kambag‘allik qanday ajoyib narsalardir! Allohga qasamki, boylik ham, faqirlik ham bir ne’matdir. Qaysisi bilan imtihon qilinsam ham, xotirjamman. Boy bo‘lgan kezlar muhtojlarga yordam qilish, faqirlikda esa sabr etish fazilati bor.

Abdulloh ibn Mas’ud


Qur’onga g‘ilof, ilmga manba bo‘ling. Allohdan kunlik rizqingizni so‘rang.

Umar ibn Xattob


Rizqing uchun harakat qil, ammo rizq topaman, deb to‘g‘rilikdan ayrilma va musulmon holda o‘lishga intil. Mazlumning badduosidan saqlan.

Maoz ibn Jabal


Nafs orzu-istaklari cheksizdir. Nafs faqat o‘zini o‘ylaydi. Vaholanki, nafs uchun foydali tuyulgan narsa inson va jamiyat uchun zarar keltirishi mumkin. Biz zararli, foydasiz narsalarni tark etishimiz lozim. Bu esa, faqat Islomiyat orqali amalga oshadi. Faqat musulmon kishigina bu ishning uddasidan chiqishi mumkin.

Umar Foruq Saydo al-Jazariy


Haq og‘irdir, biroq tomoqdan oson o‘tadi. Botil yengilgina, ammo kasallik keltirib chiqaradi. Necha-necha insoniy orzu-istaklar borki, ularga ergashilsa, uzoq vaqt davom etguvchi xafagarchilik bilan nihoya topadi.

Abdulloh ibn Mas’ud


Boyning bir ko‘zi kambag‘alda bo‘lishi kerak. Bir qo‘lini kambag‘alga berishi lozim. Kambag‘aldan yuz o‘girgan boyning ko‘zlari xoin ko‘zdir.

Muhammad Kamol Pilav


Qullik - amal etish, amal bilan hukmlarni muhofaza qilish, va’daga vafo, boriga rizo, yo‘g‘iga sabrdir.

Usmon ibn Affon

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.