Iymonning hidoyati va kufrning zalolati
Alloh taolo Islomdan nasiba olgan kishini Islomdan benasib kishi kabi qilib qo‘ymaydi.
Islom - Allohning amrlariga taslim bo‘lmoq va itoat etmoq demakdir. Lug‘at e’tibori ila iymon va Islom orasida farq bor, lekin Islomsiz iymon, iymonsiz Islom bo‘lmas. Ular ikkisi bir narsaning ichi va tashi kabidir.
Sening nazaringda gunohlar kichraygani sari Alloh huzurida ulkanlashib boraveradi. Sening nazaringda kattalashgani sari esa, Alloh huzurida kichrayib boradi.
Tavhid ilmini bilmagan bu dunyoga kelish va ketish mohiyatini tushunmabdi.
Aqal bir mushukka bo‘lsang mehribon,
Demak salomatdir sendagi iymon.
Kufrga ketishning to‘rtta asosi bor: juda chuqurlashib ketish, o‘zaro kurash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh tortish, darz ketish, bo‘linish.
Mo‘min kalomni kamaytirib, amalni ko‘paytiradi. Munofiq amalni kamaytirib, kalomni ko‘paytiradi.
Eng yaxshi narsa Alloh taoloni unutmagan ko‘ngildir.
Namozni zoe qilgan odamga Islomda ulush yo‘q.
Kim bir namozni ataylab tark etsa, Allohga g‘azablanib turgan holida yo‘liqadi.
Amal qilmay turib, jannatni talab etish gunohlardan biridir.
Haqiqatan insonning yaratilishidagi asl g‘oya uning o‘z Yaratuvchisiga chiroyli bandalik qilmog‘idir.
Gunoh qilishdan tiyilish gunohga tavba qilishdan osonroqdir.
Namoz o‘qimagan odamning dini yo‘qdir.
Islomiyatda shunday yashaginki, seni o‘ldirishga kelganlar sen tufayli hayot topsinlar.
Qalb kasallarini davolash besh ish bilan bo‘ladi: Qur’onni tadabbur bilan (ma’nosini anglab) tilovat qilish, kechasi tahajjud namozi o‘qish, saharlarda Allohga yolvorish, do‘stlar bilan suhbat va kam yeyish.
Har bir xalqning suyanchig‘i dindir. Davlat tayanchi esa - shoh. Asosi mustahkam bo‘lmagan bino tez nuraydi. Egasiz qolgan uy tez orada talonga uchraydi.
Iloho, men gunohdan tiyilishga qodir bo‘lmasam, gunohlarimni afu etishga Sen qodirsan-ku!
Allohga qasamki, qay bir banda do‘zaxga aniq ishonsa, unga keng dunyo tor bo‘lib qoladi. Munofiq esa do‘zax garchi mana shu devorning ortida turgan bo‘lsa ham, unga tushmagunicha shubha qilaveradi.
Alloh taolo uchun qilingan har ish ixlosdir, xalq uchun qilingan har nima riyodir.
Xudojo‘ylikning eng yaxshisi ibodatni ko‘z-ko‘z qilmasdan, yashiribroq bajo keltirishdir.
Ko‘zlaringizni yig‘iga, qalblaringizni tafakkurga o‘rgatinglar.
Sen gunohning kichikligiga emas, kimga osiylik qilayotganingga qaragin.
E’tiqodingizga ko‘ra yashamayotgan bo‘lsangiz, yashayotganingiz kabi e’tiqod qila boshlaysiz.
Haqiqat shariatdan tashqari emas. Balki shariat bilimlar, holatlar, azmu qarorlar, niyatlar va boshqa qalb amallari yordamida qalblarni isloh qilish bilan to‘lib-toshgan. Tashqi amallarga tegishli hukmlarni bilish shariatning ko‘p qismini bilishdir. Ichki amallarga tegishli ahkomlarni bilish esa, shariatning nozik jihatini bilishdir. Ushbu hukmlarning biron qismini kofir yoki fojirdan boshqa hech kim inkor etmaydi.
Yomon fikr sohiblari ham, kufroni ne’mat qiluvchilar ham yovvoyi qobonlar misoli Alloh taoloning mag‘firatidan yiroqdirlar.
Haqiqiy nur iymondir. Haqiqiy nurni topgan haqiqatni ko‘radi, haqiqatni eshitadi.
Agar biror kishi xufton va bomdod namozlarida jamoatga chiqmasa, uni munofiq, deb gumon qilardik.
Xushu’ bo‘lmagan namozda, keraksiz narsalardan saqlanmasdan tutilgan ro‘zada, tartil (qiroat) bilan o‘qilmagan Qur’onda, gunohlardan tiyilmasdan qilingan amalda, saxiylik bilinmagan molda, jiddiy bog‘lanmagan birodarlikda, ixlos bo‘lmagan duoda yaxshilik yo‘qdir.
Ne’matga shukr etish o‘sha ne’matning o‘zidan ham yaxshiroqdir.
Namozdan huzur topishga harakat qil. Namozda huzur topmaganlar behalovat yashaydilar.
Sizning ustingizda namoz bor. Namoz Islomning avvalidir va diningizdan yo‘qotadigan so‘nggi narsangiz ham namozdir.
Ey qavm! O’lik bo‘lsangiz - qabrga, telba bo‘lsangiz - jinnixonaga, bola bo‘lsangiz - maktabga boring! Ammo Allohning bandasi bo‘lsangiz, bandalik shartlarini ado eting!
Ey Odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi. Bittasi o‘ng tarafingda turib yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi chap tomoningda yomonliklaringni bitadi. Nimani xohlasang, qilaver. Vafot etganingda sahifang berkitiladi va qabringda bo‘yningga osib qo‘yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan.
Uch narsa xotirani ziyoda etadi va safroni ketkazadi: misvok ishlatish, ro‘za tutish va Qur’on tilovat qilish.
Islomiyat kitoblarda o‘qiladigan emas, hayotda yashaladigan haqiqat bo‘lgani uchun qiymatlidir.
Dunyoda sajdadan bo‘lak hech narsaga ko‘nglim sust ketmaydi.
Masjidda o‘tirish - Rabbi bilan o‘tirish, demakdir. Shunday bo‘lgach, u yerga kirgan odam faqat yaxshi narsalardan so‘zlamog‘i kerak.
Payg‘ambarning sunnatiga nomuvofiq har bir harakat botildir.
Hayo va sabr qilishdek iymon bo‘lmas.
Misvok ishlatilgandan keyin o‘qilgan namoz misvok qilmasdan o‘qilgan yetmish besh namozdan ko‘ra fazilatlidir.
Masjidda aytilgan dunyoviy so‘zlar xuddi hayvonlar yam-yashil o‘tlarni yegani kabi hasanotni (yaxshi amallarni) yeydi.
Axloqning asosi iymonga bog‘liqdir. Iymonsizning axloqi bo‘lmaydi.
Har narsaning zakoti bor, badan zakoti ro‘za tutishdir.
Islom dini insonlarning bu dunyoda ham, oxiratda ham baxtli-saodatli bo‘lishlarini istaydi.
Kishi gunohi tufayligina jamoat namozini o‘tkazib yuboradi.
Najot uch narsada - halol yeyish, farzlarni ado etish va Payg‘ambar alayhissalomga ergashishdadir.
Alloh bergan ne’matlarni Uning yo‘lida sarflash - shukr, Alloh sevmagan yerga sarflash esa kufroni ne’matdir.
Gunoh ish qilayotganingda Alloh seni ko‘rib turgani holda qalbing cho‘chib-titramasdan, shamolning eshik pardasini shitirlatishidan qo‘rqishing sodir etgan gunohingdan kattaroqdir.
Kishi o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi aloqasini yaxshilasa, Alloh ham bandalari va uning o‘rtasidagi aloqasini yaxshilaydi.
Yaxshi gap - amri ma’ruf, nahiy munkar, qilmu avf, kechirim va shirin so‘zlardan iboratdir.
So‘fiy qalbi Alloh taolo zikri bilan to‘lgan, qadarni safo holiga keltirgan, oltin va tuproqni teng ko‘rgan zotdir.
Sizlar ikki narsani talab qilursizlar, ammo topmaysizlar: birinchisi -shodlik va xushvaqtlik, ikkinchisi - rohat va orom. Bu ikkalasi jannatda bo‘lur.
Og‘izlaringiz Qur’on yo‘lidir, uni misvok bilan tozalangiz.
Iymonsizlik oxirat sari ketishga emas, jannatga kirishga mone’dir.
Mo‘minlarga shaytondan himoyalanish uchun uchta qo‘rg‘on bor: masjid, Allohni zikr etish va Qur’on o‘qish.
Qalbning davosi beshtadir: solihlar bilan o‘tirish, Qur’on qiroati, och yurish, kechalari ibodatda bo‘lish, saharda tazarru’ bilan duo qilish.
Iymonlaringizni sadaqa berish bilan mahkam qilinglar, mollaringizni zakot berish bilan omon saqlanglar, balolar to‘lqinini duo bilan daf qilinglar.
Vaqtiki banda ibodatda sodiq bo‘lsa, ibodat vaqtida huzur-halovat topadi.
Nurga yetishgan qorong‘ulikdan xalos bo‘lganidek, iymonga erishgan ham soxtalikdan qutuladi.
Har kim o‘z amali va ahvolini Qur’on hamda Hadis tarozusi bilan o‘lchamasa, munofiq bo‘lur.
Insonning jasadi uch qismdan iborat: dil, til, vujud. Dil - insonga tavhid uchun, til - shahodat uchun, vujud esa - ibodat uchun berilgan.
Agar kishi jannatni istasa, o‘z istaklaridan qo‘l tortadi. Do‘zaxdan qo‘rqsa, harom narsalardan o‘zini tiyadi.
Yo‘l ikkidir: biri - hidoyat, ikkinchisi - zalolat, buzuqlik. Bandadan Alloh taologa ketgan yo‘l - zalolat yo‘lidir.Alloh taolodan bandaga kelgan yo‘l - hidoyatdir. Endi kim hidoyatga erishdim desa, o‘sha hidoyatga erishmagandir. Kim meni hidoyatga erishtirdilar desa, o‘sha hidoyatga erishgandir.
Xudo yo‘liga kirgan kishiga ozuqsizlik oziqdir.
Har kishiningkim kishiga rahmi yo‘q - iymoni yo‘q.
Tafakkur bilan va bajonidil o‘qilgan ikki rakat namoz butun tun bo‘yi istar-istamas o‘qilgan namozdan xayrliroqdir.
Muhabbat - Allohning Rasuliga ergashmoqdir. Muhabbat - Allohni doimo yodda tutishdir.
Alloh yomonlikni ko‘zlagan kishiga muhabbatni harom qildi.
Allohning bir farishtasi har kuni “O’lmoq uchun tug‘ilinglar, foniy bo‘lmoq uchun yig‘ilinglar, xarob bo‘lmog‘i uchun imorat quringlar”, deb nido qilib turadi.
Allohning avliyo bandalarini sev, ularning ko‘nglini olishga urin! Chunki Alloh taolo har kuni u oriflarning qalbiga uch yuz oltmish marta nazar soladi. Bu nazarlar davomida Alloh seni ham u yerda ko‘rsin.
O’lim qo‘rqinchi faqat iymonsizning qalbini zabt etadi, titroqqa soladi. Iymon ahli esa buni Haqqa yetishish, deb bayram qiladi, sevinadi.
Odamning umri avvalida qilgan ishlari umrining oxiridagi ishlariga ham dalolatdir.
Taqdirga rozi bo‘lishlik Allohning eng katta eshigidir. Dunyoning jannati, obidlar va ahli rizolarning halovatidir. Ular o‘zlariga yetgan balolardagi savob va yaxshiliklarni mulohaza qiladilar. Qazoga zarracha shubha bildirmaydilar. Gohida taqdirga rozi bo‘lishning savobini o‘ylab, musibatlarning alamini ham unutadilar. Gohida balo yuborayotgan Zotning ulug‘ligiga, kamolotiga qaraydilar. Shunda bu ulug‘vorlikni yanada chuqurroq his qiladilar, hatto alam va sitamlarni sezmay qoladilar. Aksincha, o‘zlari suygan Zotni qalblarida yaqinroq tuyganlari uchun lazzat oladilar.
Agar sening ko‘ngling bo‘lsa, ko‘ngil Ka’basini tavof ayla.
Hayot zavqini va lazzatini istasangiz, hayotingizni iymon ila hayotlantiringiz, farzand ila ziynatlantiringiz, haromlardan saqlanish ila muhofaza etingiz.
Alloh bizga o‘zimizdan, bo‘yin tomirimizdan ham yaqindir. Ammo biz o‘zimizdagi salbiy illatlar ila Undan juda uzoqmiz.
Tavhid sirriga yetsa bo‘lur, ammo ma’rifat sirriga yetmak dushvordir.
Alloh taolo sen haqingda qanday hukm chiqarishini bilmay turib kulishing - qilgan gunohingdan ham kattaroq gunohdir. Fursatni qo‘ldan boy berib, qilolmay qolgan bir gunoh ish uchun xafa bo‘lishing - gunohdan ko‘ra kattaroqdir.
Ruh va nafs Majnun va uning tuyasi kabi bo‘lib, biri olg‘a, ikkinchisi orqaga ketishni istaydi.
Sabr qilinglar, chunki sabr etish - iymondan. Xuddi bosh jasadda bo‘lganidek, sabr ham iymonda bo‘ladi.
Har gal “La ilaha illalloh” kalimasini zikr etishdan oldin og‘zimni yetmish marta mushku gulob kabi xushbo‘y narsalar bilan yuvaman.
Har bir narsaning chegarasi bo‘ladi. Islomning chegaralari quyidagilar: taqvo, kamtarlik, sabr, shukr. Taqvo - ishlarning asosi, kamtarlik -kibrdan uzoq bo‘lish, sabr - do‘zaxdan najot topish, shukr - jannat bilan mukofotlanishdir.
Alloh taolodan astoydil iltijo bilan o‘tinib so‘ragan kimsaning nidosi sira noumid qolmaydi.
Iymon - Allohdan tashqari bo‘lgan, qalblarni o‘ziga rom etuvchi barcha manfaat va zararli narsalardan tiyilishdir.
Modomiki Allohdan boshqadan umid qilmas ekansan, Allohdan boshqadan ham qo‘rqma!
Dunyoda tungi namoz (tahajjud), do‘stlar bilan suhbat va jamoat bilan o‘qiladigan namozdan boshqa zavq qolmadi.
Zuhd uch xil bo‘ladi: zuhdi farz, zuhdi fazl, zuhdi salomat. Zuhdi farz -haromda zuhd qilish, zuhdi fazl - halolda zuhd qilish, zuhdi salomat -shubhalarda zuhd qilishdir.
Suv yo‘llari irmoqlari bilan bo‘lgani kabi shariatning to‘g‘ri qonun-qoidalari Payg‘ambar alayhissalom ta’limotlari bilandir.
Qo‘ling - mehnatda, diling - Allohda bo‘lsin.
Umrimga qarab yetmish uch yillik ibodatlarimning hammasini bir saotlik qisqa ko‘rdim, gunohlarimga boqib Nuh alayhissalomning umriday uzun ko‘rdim.
Alloh bilan birga bo‘lmoq - farz, dunyodan ayrilmoq - sunnatdir.
O’zing muqarrar toat-ibodat qilmaganingdan keyin boshqadan buni talab etib nima qilasan?
Tasavvuf deb, toat-ibodat va yaxshi ishlarga mahkam dil bog‘lamoqni aytadilar.
Tavba qilmoq kerak odatda bir bor,
Zahar yutib bo‘lmas ikki qur zinhor.
Biror kishining bizning so‘zimiz bilan fatvo bermog‘i durust bo‘lmaydi, modomiki, biz qaerdan gapirganimizni bilmasa.
Alloh taolo hokimlarga uchta narsani bildirdi: havoyi nafsga ergashmaslikni, Alloh taolodan qo‘rqishni va insonlardan qo‘rqmaslikni, Alloh oyatlarini ozgina pulga sotmaslikni.
Gunohlarga tavba qilmoqni kechiktirgan - Alloh qarshisida mag‘rur bo‘lmoq, kibr etmoqdir.
Ulug‘lar bilan o‘tir, ulamolar bilan birga yur, hukamolar bilan do‘st bo‘l.
Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va Undan so‘ragani, Allohga odamlarning yomonrog‘i Undan behojat bo‘lgani va hech narsa so‘ramaganidir.
So‘z amal bilan durust bo‘ladi. Amal va so‘z niyat bilan durust bo‘ladi. So‘z, amal va niyat sunnat bilan durust bo‘ladi.
Jamoatdan ajralishdan saqlan, chunki o‘zing sezmagan holda diningdan ajrab qolasan. So‘ngra Qiyomat kuni do‘zaxga kirasan.
Banda uchun g‘am va xavfdan yaxshiroq do‘st yo‘qdir. G’am o‘tgan gunohlar uchun, xavf qachon tushishi noma’lum bo‘lgan gunohlar uchundir.
Urug‘likni ham, po‘choqni ham, niyatu orzularni ham, muhabbatu firoqni ham yaratuvchi Alloh taolodir.
Allohdan qo‘rqib yig‘lashim va ko‘z yoshlarimning yuzimga oqishi tanam og‘irligicha tilloni sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir. Qaysi banda Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lasa-yu, ko‘z yoshidan bir tomchi yerga tushsa, toki tomchi osmonga chiqib ketmagunicha unga do‘zax o‘ti tegmaydi. Holbuki, osmondan tushgan tomchi qaytmagani singari u ham hech qachon samoga qaytmaydi. Dunyoda Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishiga hech qachon do‘zax o‘ti yetmaydi.
Inson faqat Allohning fazli bilangina ko‘z yosh chiqaradi. Farishta kishi qalbini silamagunicha uning ko‘zidan yosh chiqmaydi.
Iymonning uchdan biri hayo, uchdan biri aql, uchdan biri jo‘mardlikdir.
“La ilaha illalloh” - jannatning bahosidir.
Xoru zorlikni maxluqlar xizmatida, azizu mukarramlikni Xoliq xizmatida bo‘lishda ko‘rdim.
Bugun munofiqlar Payg‘ambar zamonidagidan ko‘proqdir. Burungilar nifoqlarini ichda saqlashardi. Bugungilar ochiqdan-ochiq nifoq qilishadi. Yashirin nifoq iymonning samimiyligi va kamoliga to‘sqinlik qiladi. Munofiqlikdan qo‘rqqan odam undan uzoq bo‘ladi. O’zining nifoqdan uzoqdaligini aytib yuruvchi kimsa esa munofiqlikka yaqin turadi.
Agar munofiqlarning gunohlari yer yuzidagi o‘simliklar singari bo‘lsaydi, oyoq bosishga joy topolmasdik.
Jannatga doxil qiluvchi sabablarning eng asosiysi - Allohdan qo‘rqishdir, taqvodor, muttaqqiy, xush axloqli qul bo‘lmoqdir.
G’aflatda qolgan iymon o‘z egasiga hech bir kuch va ozuqa bera olmaydi. U bir xayol sifatida kelib-ketgan tushdagi ovqatga o‘xshaydi. Demak, g‘aflat uyqusidan uyg‘onmoq lozim.
Allohga iymon keltirganimiz uchun ham ko‘ngilga e’tibor beramiz, insonlarning ko‘nglini olish, ko‘nglini ko‘tarishga, xayr-duosini olishga harakat qilamiz.
O’zining diniy ma’lumoti, savob ishlari kam bo‘lgan qul ham o‘zining yaxshi fe’li, hilmi (yumshoqligi) bilan Alloh rizoligiga erisha oladi.
E’tiqodga aylanmagan g‘oyalar, tizimlarning umri qisqa bo‘lib, bugun bo‘lsa, ertaga bo‘lmasligi mumkin. Inson Xudoga, oxiratga ishonmasa, diniy g‘oya uning e’tiqodiga aylanmaydi.
Sen jannatga ketsang-u azob farishtalari bola-chaqangni jahannam o‘tiga otsalar, yuraging bardosh beradimi?
Qalb g‘aybga va ma’naviy olamga, aql esa zohirga va moddiy olamga ochilgan darchadir. U holda birinchini ikkinchi bilan izlash - ahmoqlik, ikkinchini birinchi bilan izlash esa g‘aflat va nodonlikdir.
Ey insonlar, azaldan bor bo‘lgan, oxiri ham ko‘rinmaydigan katta bir hirs-ehtiros sizlarni o‘ldirmasin!
To‘g‘ri harakat qilsam, menga ergashing. To‘g‘ri yo‘ldan chiqsam, meni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ying.
Haqdan ayrilmangki, sizga haq egalarining joyi ko‘rsatilgan. Har doim faqat haqiqat bilan hukm eting.
Banda iymon cho‘qqisiga chiqmagunicha, uning haqiqatiga yetisholmaydi. Musulmon kambag‘allikni boylikdan, pasayishni yuksalishdan afzal ko‘rmagunicha va uni maqtagan hamda yomonlagan kishilarni bir xilda ko‘rmagunicha iymon cho‘qqisiga chiqa olmaydi.
Mo‘min kishi xuddi shifokori yonida yurgan bemorga o‘xshaydi. Bemorning yonida yurgan tabib uning dorilarini bilib, ko‘ngli biror narsani tusaganida, «Zinhor buni yeya ko‘rma! Mabodo yesang, seni o‘limga olib boradi!» deya ogohlantirib turganidek, mo‘min kishining ko‘ngli ham ko‘p narsalarni istab qolganida Alloh taolo uni zararlilaridan qaytaradi va jonini olib, jannatga borguniga qadar nazorat ostida tutib turadi.
Namozingni hayot bilan vidolashayotgan kishi kabi o‘qi! Yana bir bor o‘qiy olishingni o‘ylama. Shuni bilginki, mo‘min kishi biri bajarilgan va biri ortda qolgan ikki yaxshilik o‘rtasida o‘ladi.
Qilgan gunohingdan keyingi yomon oqibatdan amin bo‘lma. Hech bir gunoh yo‘qki, uni qilganingdan so‘ng yanada kattasi orqasidan kelmasin. Zero, gunoh qilayotganingda o‘ng va chap tomondagi farishtalardan uyalmasliging sodir etgan gunohingdan kattaroqdir.
Iymon seni g‘am-qayg‘uga yo‘llamaydi, qiyinchilik kelsa har doim unga yuzlan. Chin ixlos bilan Allohni yordamga chaqir. Uning O’zi senga kifoyadir.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- 6 diniy kalima
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Tahorat kitobi
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.