background
logotype
image1 image2 image3

Ilmning fazilati va johillik qabohati

Ilm olinglar. Ilm bilan birga xotirjamlik, viqor va hilmni (muloyimlikni) ham olinglar. Sizga ta’lim berayotgan kishiga tavoze’li bo‘linglar. Sizdan ta’lim olayotgan kishilar ham tavoze’li bo‘lishsin. Jabr qiluvchi olimlardan bo‘lmanglar. Ilmingiz johilligingiz ustiga qoyim bo‘lmasin.
Ali ibn Abu Tolib

Ilmni fursat bo‘lganda o‘rganaverish kerak. Chunki ilm zarur bo‘lgan paytda fursat topilmaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud

Ilmning hammasi dunyodir. Oxirat esa unga amal qilishdir. Ixlos bilan qilinganidan boshqa hamma amal behudadir.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy

Kishining olim bo‘lishiga Alloh taolodan qo‘rqmog‘i, ilmsiz qolishiga esa amaliga mag‘rurlanishi kifoya qiladi.
Masruq

Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, ammo to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan.
Abulqosim az-Zamaxshariy

Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r - mingni.
Amir Temur

Istamay mutolaa qilayotgan talaba - qanotsiz qush.
Sa’diy Sheroziy

Johillikdan besaodatroq nima bor?
Alisher Navoiy

Haq taolo har zamonda olimlarni o‘shal zamona xalqining amallariga munosib so‘zlar bilan gapirtirib qo‘yadi.
Abu Turob Naxshabiy 

Bilimim shu joyga yetib keldikim, bilimsizligini endi tushundim.
Abu Shukur Balxiy 

Gunoh qilish ilmning barakasini yo‘qotadi, uni unutishga olib keladi.
Abdulloh ibn Mas’ud

Olimning ado etilishi lozim bo‘lgan haqlari bor. Unga ko‘p savol bermaslik, javobiga e’tiroz qilmaslik, erinib turganida javob berishga zo‘rlamaslik, o‘rnidan turishga qo‘ymay, etagiga osilib olmaslik, sirlarini oshkor etmaslik, huzurida biror kishini g‘iybat qilmaslik, undan xato qidirmaslik, bordi-yu xato qilsa, uzrini qabul qilish, modomiki Allohning amriga itoat etarkan, unga ham Alloh uchun hurmat ko‘rsatish, oldida o‘tirib olmaslik, biror ehtiyoji bo‘lsa, uni ravo qilish uchun hammadan oldin shoshilish olimning haqlaridandir.
Ali ibn Abu Tolib

Agarda muallim bo‘lsa beozor,
Darsxonani qilgay bolalar bozor.
Sa’diy Sheroziy

Keksa kishi bo‘lsa nodonu johil, aqlli go‘dakni undan afzal bil.
Nosir Xisrav

O’zini gunoh va badxulqlikdan saqlay olmagan kishiga ilm foyda bermaydi.
Imom Shofe’iy

Har kishi ilmli bo‘lganiga zuhd, taqvosiz xursand bo‘lsa, kitobli yomon mazhablilar qatoriga kirgay.
Hakim at-Termiziy

Ikki kishi besamar ish qilgan va benaf tashvish chekkan: biri - boylik to‘plab, foydalana bilmagan va ikkinchisi - ilm o‘rganib, unga amal qilmagan.
Sa’diy Sheroziy

Bugun sizlar havoyi nafslar ilmga tobe’ zamonda yashayapsiz. Hali shunday zamonlar keladiki, unda ilm havoyi nafslarga tobe’ bo‘ladi.
Abdulloh ibn Mas’ud

Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur.
Alisher Navoiy

Qancha kuchanmasin soxta bilimdon, u yuksala olmas ko‘kka hech qachon.
Mirza Shafiy

Ilmiga amal qilmagan olim johillar qatoriga kiradi.
Ali ibn Abu Tolib

Kitobi yo‘q olim - mevasiz daraxt.
Sa’diy Sheroziy

Bilmaganin so‘rab o‘rgangan - olim va orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.
Alisher Navoiy

Hamma ibodatlarning eng fazilatlisi ilm bilan qo‘shilib kelganidir.
Abu Ishoq Zuhurhuriy

Ilm fikrning xos mevasidir. Agar qalbda ilm hosil bo‘lsa, holati o‘zgaradi, holati o‘zgarsa, a’zolarning amali o‘zgaradi. Bas, amal holatga, holat ilmga, ilm fikrga tobe’dir.
Abu Homid al-G’azzoliy

Ilm o‘rganib, unga amal qilmagan kishi xuddi yashirin holda zinoga borib, homilador bo‘lgan va keyin siri ochilib qolgan ayolga o‘xshaydi. Alloh taolo ilmiga amal qilmagan kishining sirini ham Qiyomat kunida xuddi xotin kabi guvohlar huzurida ochib tashlaydi.
Iso ibn Maryam

Ilm ko‘p rivoyat qilish bilan emas, ko‘p taqvo qilish bilan bo‘ladi.
Abdulloh ibn Mas’ud

Sizlar xohlagancha ilm o‘rganaveringlar. Allohga qasamki, amal qilmaguningizcha Alloh sizlarga uning uchun ajr bermaydi. Ahmoqlar himmati rivoyat qilish, ulamolar himmati rioya qilishdir.
Hasan Basriy

Dunyoda olimlarning xushomadgo‘yligi bo‘lmaganida, zolimlar zulmga jur’at qilolmasdilar.
Abdulfattoh Shohin

Ilmiga amal qilmagan olim boshqani kiyintirgan holda o‘zi yalang‘och qolgan ignaga o‘xshaydi.
Abu Homid al-G’azzoliy

Olim kerakki, o‘z ilmining poya va miqdorini asragay, gavharni imtihon uchun toshga urmagay.
Alisher Navoiy

Kim Qur’onni yod olsa, qadri baland bo‘ladi. Kim uning ma’nolarini anglasa, darajasi ko‘tariladi. Kim hadisni yodlasa, darajasi ko‘tariladi. Kim arabiyni va she’rni o‘rgansa, tabiati teranlashadi. Kim nafsini saqlamasa, unga ilm foyda bermaydi.
Imom Shofe’iy

Ilmni amal uchun o‘rganinglar. Aksar odamlar ilmlari tog‘dek, amallari zarradek bo‘lib qolib, yanglishishadi.
Ibrohim Adham

Ilm sarvat (boylik)dan ustundir. Chunki sen sarvatni qo‘riqlaysan, ilm esa seni qo‘riqlaydi.
Ali ibn Abu Tolib

Siz ilmga bor-yo‘g‘ingizni bermaguningizcha, u sizga biror narsa bermaydi.
Abu Homid al-G’azzoliy

Bu dunyoda ilmiga amal qilmagan olimlar eng ko‘p pushaymonlik tortadigan kimsalardir.
Ibrohim ibn Uyayna

Johil dovulga o‘xshaydi, ovozi juda kuchli, ammo ichi bo‘shdir.
Sa’diy Sheroziy

Ilm amalni chaqiradi. Agar ijobat etsa, ilm qoladi. Ijobat etmasa, ilm ketib qoladi.
Sufyon Savriy

Kishi ilm o‘rganishda davom etayotgan pallada olimdir. «Olim bo‘ldim, endi bas», deb xulosa chiqargan chog‘idan boshlab johildir.
Abdulloh ibn Muborak

Olimlarning jazosi - qalblarining o‘lganidir. Qalbning o‘lishi esa ilmi va uxroviy amallari bo‘la turib, dunyoviy niyatlar ketida yurganidir.
Hasan Basriy

Bilimsiz kishilarning ko‘ngli xurofotga moyil bo‘ladi.
Abu Rayhon Beruniy

Yoshlarimiz zamonaviy va ijtimoiy fanlarni o‘rganmoqlari zarur. Aks holda hayotning oxirgi g‘ildiragiga aylanamiz, tariximizga, ajdodlarimizga, millatimizga, dinimizga xiyonat qilgan bo‘lamiz. Islomning ilk farmoniga ijobat qilmoq - o‘qimoq dinimiz amridir.
Abdulfattoh Shohin

Bilim - barcha kulfatlarga qalqondir.
Abu Abdulloh Ro‘dakiy

Tiriklik - ilm bilan bo‘lur, rohat - ma’rifatda bo‘lur va lazzat -Xudoning zikrida bo‘lur.
Abu Yazid Bastomiy

Ilmni amalda qo‘llay olmas ekansan, ko‘p bilishingdan foyda yo‘q. Axir sen mingta nayza bilan dushmanga yolg‘iz qarshi borolmaysan-ku!
Majididdin Xavofiy

Hozir o‘qi, qabrda o‘qiy olmaysan!
Zubayr Kunduzalp

Ilm talab qilinglar, faqat ilmni hilm (muloyimlik) va viqor bilan yashiringlar.
Hasan Basriy

Ikki kishi chiqargan fitnani hatto shayton ham chiqara olmaydi: dunyo hirsiga berilgan olim va ilmsiz so‘fiy.
Abul Hasan Xaraqoniy

Ilm va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar.
Amir Temur

Ilm insoniyat gavharidir.
Mirzo Bedil

Alloh har bir qalbga ilm gavharini solganki, bandasining qunt-matonati, mehnati davomida doimo sayqal topur.
Abu Lays Samarqandiy

Olimlarning ilmini, faylasuflar nazariyasini to‘plab, amalda nodonlar darajasida ish ko‘ruvchilardan bo‘lma!
Hasan Basriy

Farzandingning tili kalimaga juftlangan kundan boshlab, uning ongiga quyidagi uch muborak jumlani quymog‘ing farzdir: “Assalomu alaykum”, “Bismillahir rahmonir rahim”, “Allohu akbar”.
Abu Lays Samarqandiy

Ilm namoyondalariga baxillik qilma. Zero, ilm bir xazinadirki, undan qancha foydalansang ham, boylikdan farqli o‘laroq, baribir ko‘payib boraveradi.
Majididdin Xavofiy

Aflotundan so‘radilar: «O’qish-o‘rganish tokaygacha izzat va hurmatda bo‘lg‘usi?» U javob qildi: «Johillik nuqson, deb hisoblangunga qadar».
Jaloliddin Davvoniy

Amalda qo‘llanilmaydigan bilim jonsiz tanaga o‘xshaydi. Bilim daraxtdir, amal esa - uning mevasi... Hosil bermaydigan shox nosog‘lom bo‘ladi.
Husayn Voiz Koshifiy

Ilmga amal etishni o‘zingga odat qil; agar olim ilmini amaliyotga tatbiq etmasa, u ruhsiz badanga o‘xshaydi.
Imom A’zam

Kimki bilimga erishib, uning mazasini totib ko‘rgan bo‘lsa, bu narsani u podshohlik va davlatni boshqarish huzur-halovatiga almashtirmaydi.
Majididdin Xavofiy

Kishi to‘rt ish bilan Islomdan chiqadi: biri - bilganiga amal qilmasa, ikkinchisi - bilmaganiga amal etsa, uchinchisi - bilmaganini izlamasa, to‘rtinchisi - bilish va o‘rganishga intilgan odamlarga halaqit bersa (ya’ni, o‘zi bilmaydi, o‘zgani bilishga qo‘ymaydi).
Abu Muhammad Fazl

Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, yetakchi qilib qo‘yadi. Ular odamlarni yaxshilikka yetaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e’tiborli bo‘ladi. Har bir quruq va ho‘l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlar-u hasharotlar, barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqqiga istig‘for aytadi.
Maoz ibn Jabal

Ilm ko‘r qalb ko‘zini ochuvchi, qorong‘u zulmatda nur bag‘ishlovchi va zaif badanlarga kuch-quvvatdir. Ilm bilan banda abrorlar darajasiga ko‘tariladi, oliy martabalarga yetishadi. Ilm ustida tafakkur qilish kunduzi ro‘za tutganga, uni muzokara etish kechani ibodat bilan bedor o‘tkazganga tengdir.
Abu Homid al-G’azzoliy

Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashg‘ul bo‘lish menga kechani butunlay bedor o‘tkazishdan mahbubroqdir.
Abdulloh ibn Abbos

Ilmdan nasibador kishilar ozgina olgan ilmiga xursand bo‘lib, birgina narsani unutganida xafa bo‘lishi ilmning sharafiga yetarli dalildir.
Imom Shofe’iy

Ey insonlar, ilm o‘rganinglar. Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga o‘sha libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun uch marta tanbeh beradi. Garchi bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi).
Umar ibn Xattob

Olimlar ehtiromga loyiq buyuk insonlardir. Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir.
Ahnaf ibn Qays

Meni bir ulug‘ zot uch yuz dirhamga sotib olib, qullikdan ozod etdi. Shundan so‘ng ilm o‘rganishga qaror qildim. Hech qancha vaqt o‘tmasdan shahar amiri ziyoratimga keldi, men huzurimga kirishiga ruxsat etmadim.
Salim ibn Abul Ja’d

Otam Iroqdan yozgan bir maktubida menga shunday nasihat qilgan edi: «Ilm o‘rgan, zero faqir chog‘ingda u mol, boy vaqtingda jamol-ziynatdir».
Zubayr ibn Abu Bakr

Ilm mardlikdir, uni faqat mard erkaklar sevadi.
Zuhriy 

Kimki ilmini yozmasa, uning ilmini ilm hisoblamayman.
Muoviya

Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi.
Ali ibn Abu Tolib

Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir.
Abul Asvad

Sulaymon alayhissalomga yo ilmni yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi.
Abdulloh ibn Abbos

Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro‘zador mujohiddan afzaldir. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo‘ladi. U yoriqni faqat olimning o‘rinbosarigina to‘ldiradi.
Ali ibn Abu Tolib

Kasalga obu taom berilmasa, o‘lgani kabi qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi.
Fath Musaliy

Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qoni bilan o‘lchanadi. Shunda olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qonidan og‘ir keladi.
Hasan Basriy

Ilm ko‘tarilmasidan uni o‘rganinglar. Ilm olimlarning vafoti tufayli ko‘tariladi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar (Qiyomat kunida) olimlarga berilgan karomat-darajalarni ko‘rib: «Koshki bizni ham Alloh olim qilib tiriltirsa», deb orzu qiladilar. Zero, hech kim olim bo‘lib tug‘ilmaydi. Ilm o‘rganish, ta’lim olish bilan egallanadi.
Abdulloh ibn Mas’ud

Ey o‘g‘lim, sen olimlar bilan o‘tir. Ularning orasiga kir, chunki Alloh taolo yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi qalblarni hikmat nuri bilan tiriltiradi.
Luqmoni Hakim

Ilm olishda qiynaldim, bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim.
Abdulloh ibn Abbos

Chiroyda Ibn Abbosdek chiroylisini, so‘zlashda tili ravonini, fatvo berishda ilmlisini ko‘rmaganman.
Ibn Abu Mulayka

Ilm o‘rganmasdan turib, ulug‘likka intilgan kishiga hayronman.
Abdulloh ibn Muborak

Jaholatni ilm bilan yo‘q qilishga harakat eting. Har bir ishni ilm bilan hal qilinglar.
Muhammad Kamol Pilav

Sen olim, yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halokatga yuz tutasan.
Abu ad-Dardo

Bir ilm  majlisi lahv (behuda)  majlislardan yetmishtasiga  kafforat bo‘ladi.
Ato ibn Abu Raboh

Kunduzlari  ro‘zador,  kechalari  qoyim  (bedor)  bo‘lgan  mingta  obidning o‘limi halol-haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir.
Umar ibn Xattob

Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq.
Imom Shofe’iy

Kim  ilm o‘rganishga  chiqish jihod emas, desa, uning aqli  va fikrida noqislik bor ekan.
Abu ad-Dardo

Ilm - narsalarni inson aqli yordami bilan o‘rganishlikdir.
Abu Ali ibn Sino

Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi.
Umar ibn Xattob

Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar istig‘for aytadi.
Abdulloh ibn Abbos

Men Said ibn Musayyabning oldilariga kirsam, yig‘lab turgan ekanlar. Sababini so‘rasam: «Mendan hech kim hech narsa so‘ramay qo‘ydi», deb javob berdilar.
Ato ibn Abu Raboh

Ilm insoniylik tojidir. Insonlar faqat u bilan ulug‘lanadi. Mol-mulk esa johilning g‘ururlangan matosidir. Bu mol-mulk sarf bo‘lishi bilan johillar halokatga uchraydi.
Muhammad Kamol Pilav

Olimlar bo‘lmaganida insonlar chorva mollari kabi bo‘lib qolardilar.
Hasan Basriy

Ilmning qiymati, bahosi - uning haqqini ado etadigan, zoe ketkazmaydigan kishiga o‘rgatishingdir.
Ikrima

Ota-onalar farzandlarini dunyo otashidan himoya qiladi, olimlar esa ularni oxirat olovi - do‘zaxdan muhofaza etadi.
Yahyo ibn Maoz

Ilm o‘rganinglar, zero uni o‘rganish - Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish -ibodat, muzokarasi - tasbeh, uni izlash - jihod, bilmaganga o‘rgatish -sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish - Allohga qurbatdir.
Maoz ibn Jabal

Kishi agar bir ilmni o‘rganib, so‘ng boshqa ilmlarga yuzlansa-da, ulardan nimani bilmasligini tushunsa, ana o‘shanda olim bo‘ladi.
Imom Shofe’iy

Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, qolganidan o‘zingizni tiying.
Umar ibn Xattob

Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dalil, xursandlig-u xafalik paytda ko‘makchi, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st va jannat yo‘lining minorasidir.
Maoz ibn Jabal

Ey o‘g‘lim, Allohni zikr qilayotgan qavmni ko‘rsang, ular bilan birga o‘tir. Chunki olim bo‘lsang, ilmingga foyda beradi, ilmsiz bo‘lsang, senga ilm o‘rgatadilar.
Luqmoni Hakim

Kim olimning oldiga kelib, u bilan birga o‘tirsa, uning ilmini egallashga qodir bo‘lmasa ham, unga yetti yaxshilik bordir.
Abu Lays Samarqandiy

Agar bir kishi uyidan chiqayotganida gunohi Tuhoma tog‘idek bo‘lsa, so‘ng ilm eshitgach, qo‘rqib gunoh qilishdan to‘xtasa, uyiga qaytganida unda gunoh qolmaydi.
Umar ibn Xattob

Musibat to‘rttadir: jamoat namozida birinchi takbirdan kechikish, ilm majlisini o‘tkazib yuborish, dushmanga qulay hujum fursatini boy berish, Arafot tog‘idagi vuquf vaqtining o‘tib ketishi.
Yahyo ibn Varroq

Olimlar yulduzlarga o‘xshaydi. Agar ko‘rinib tursa, odamlar ular bilan yo‘l topishadi. Agar ko‘zdan yo‘qolib, zulmatda qolsalar, qayoqqa yurishni bilmay hayron qolishadi.
Hasan Basriy

O’rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatingizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizlar ul choqda qabrimizda tinch yoturmiz!
Mahmudxo‘ja Behbudiy

Dil boyligi va ruh ozig‘i uch narsadadir: birinchi ilmda, ikkinchi rizoda, uchinchi qanoatda.
Mu’iniddin Juvayniy

Olimlar, fozillar, adiblar davlatning tanasidagi kuchdir. Ularga iltifot va ikromda bo‘l... Shunday yo‘l tutginki, hukumatingda orif arboblar, fazilatli insonlar va olimlar ko‘paysin.
Usmon G’oziy

Islom dinining jaholatdan kattaroq va qo‘rqinchliroq dushmani yo‘qdir.
Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy

Aql kabi mol, yaxshi xulq kabi do‘st, odob kabi meros, tavfiq kabi rahbar, ilm kabi sharaf yo‘qdir.
Ali ibn Abu Tolib

Omining adashgani - o‘zining adashgani, olimning adashgani - olamning adashgani.
Sulaymon Chalabiy

Bir kishi ilm o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga o‘rgatishi ham amal hisoblanadi.
Hasan Basriy

Ilm - dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar.
Muhammad ibn Sirin

Kim chiroyli so‘z aytsa-yu yomon amal qilsa, undan ilm olmanglar va unga suyanmanglar.
Muhsin

Agar bir kishi Shomning bu chekkasidan Yamanning u chetigacha safar qilib, kelajak umrida foyda keltiradigan bir dona kalimani yod olsa, uning safari zoe ketmadi, deb o‘ylayman.
Sha’biy

Nujum ilmiga ergashmanglar, chunki u sehr va folbinlikka olib boradi.
Abdulloh ibn Abbos

Ilmiga baxillik qilgan kishi uchta narsaning bittasi bilan balolanadi yoki o‘lib ketadi: ilmi behuda ketadi yoki podshoh bilan musibatlanadi yoki yod olgan ilmini esdan chiqaradi.
Abdulloh ibn Muborak

Ko‘rdimki, eng yaxshi do‘st ilm ekan.
Najmiddin Kubro

Insonni xalq bilan bilimdan boshqa hech nima bog‘lay olmaydi. Kimki gunohlarga botgan bo‘lsa, ulardan faqat bilim orqali forig‘ bo‘lishi mumkin.
Majididdin Xavofiy

Haqiqatni ochinglar, to‘g‘ri yo‘ldan yuringlar. Bir-biringizdan ilm o‘rganib, kamol topishingiz uchun dil pardasini ochib tashlanglar.
Abu Ali ibn Sino

Oqil va donolar bilan suhbatdosh bo‘ling. Ilmingiz har qancha ko‘p bo‘lsa ham, o‘zingizni ilmsiz hisoblab, yana ilm o‘rganishga kirishing.
Abu Yazid Bastomiy

Farzandni jahl zimistonidan ro‘shnolik tomon yetakla, ilm - inson faxri, johillik esa g‘aflatdir.
Muhammad al-Jomiy

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.