background
logotype
image1 image2 image3

Adolat haqiqati va zulmning malomati

Hokimiyat jilovi odil podshoh qo‘lida bo‘lsa, hamma adolatli bo‘lishga va yaxshi xislatlarni egallashga intiladi. Aksincha bo‘lsa, xalq yolg‘onchilik va boshqa yaramas hatti-harakatlarga moyillik ko‘rsatadi.

Jaloliddin Davvoniy


Mol ziqnalarning, qurol qo‘rqoqlarning, rahbarlik zaiflarning qo‘liga tushsa, ishlar buziladi.

Abu Bakr Siddiq


Podshohlar o‘zlarini adolat bilan bezatishlari kerak, xalq bunday podshohga ehtirom ko‘rsatishi zarur.

Abdulloh Muqni’


Sultonning xizmatida bo‘lsang ham suhbatidan o‘zingni tiy.

Mu’iniddin Juvayniy


Ikkala da’vogar rozi bo‘lishibdi-yu, qozi rozi bo‘lmabdi.

Abu Rayhon Beruniy


Obidning ibodati nafsini, odilning adolati olamni isloh etar.

Arab hikmati


Qozi besh bodiring yesa gar pora,
Yuz poliz hukmiga topadi chora.

Sa’diy Sheroziy


Ko‘pincha yoki ba’zan Hasan al-Basriyga o‘xshash buyuklarni Xajjoj zolimga o‘xshashlar tug‘adilar, go‘yo sho‘r dengiz suvidan dur-marjonlar chiqqani kabi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Kimki tig‘ ko‘tarar birov joniga,
Zamon tashna bo‘lur uning qoniga.

Abulqosim Firdavsiy


Ma’mur bo‘lur adl ila har qayda viloyat.

Lutfiy


Adolat - oxiratda najot, dunyoda saodat boshidir.

Ali ibn Abu Tolib


Har bir kun uchun haq va haqiqat hozir narsa.

Abu Rayhon Beruniy


Ikki er hayvon olishadi, o‘rtada pashsha yanchiladi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Solmagin zaiflar diliga alam,
Zo‘rroqning jabriga yo‘liqma sen ham.

Sa’diy Sheroziy


Jazolashdan ko‘ra kechirmaklik mardlikdir. Ojiz odam kechirolmaydi. Afv etish kuchlilar fazilatidir.

Maxatma Gandi


Har  kim  gunohkor kishini  kechira olsa, bu ulug‘lik va oliyhimmatlik nishonidir.

Mu’iniddin Juvayniy


Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Hech kim ko‘tarilib bo‘lolmas rahbar,
Agar u bo‘lmasa raiyatparvar.

Xusrav Dehlaviy


Agar qaysi yerda g‘arib xo‘rlansa, o‘sha mamlakat tezda vayron bo‘lur.

Sa’diy Sheroziy


Sitamgarlik kufrlikdan ham yomonroqdir.

Majididdin Xavofiy


Xastani Alloh davolaydi, pulini tabib oladi.

Turk hikmati


Dovyuraklik boshqa yaxshi fazilatlarning o‘sishi uchun albatta zarur. Axir mard bo‘lmay turib, adolat izlash yoki muhabbatni ardoqlab asrash mumkinmi?

Maxatma Gandi

Chumolini cho‘qib qirar qirg‘ovul,
Oxir qarchig‘aydan o‘z holi mushkul.

Xusrav Dehlaviy


Hukmdorlar g‘azablangan paytlarida ham gunohkorga nisbatan shafqatli bo‘lmoqliklari kerak. Toki uni eng muhim narsadan mahrum qilib qo‘ymasinlar.

Sulton Ardasher


Kishilar orasida uch xiliga ko‘proq achinaman: oldin xalqining yo‘lboshchisi bo‘lib, keyin xorlikka yuz tutgan kishiga, oldin boy, keyin faqir bo‘lgan kishiga, dunyo o‘yinchoq qilib o‘ynagan olimga.

Fuzayl ibn Iyoz


O’tkir qilichning boshga tushadigan zarbasi ba’zi nodonlarning hukmi ostida mute’-itoatda bo‘lib yurishdan afzaldir.

Abulqosim az-Zamaxshariy

 
Dunyoning ishlari siyosatsiz tartibga tushmaydi. Agar ta’lim-tarbiya, jazo to‘g‘risidagi qonun-qoida bo‘lmasa, mamlakat ishlari buziladi.

Husayn Voiz Koshifiy


Ovlamoq uchun bir ko‘ngilni nuqul,
Boshqasiga ozor bermoq noma’qul.

Sa’diy Sheroziy


Gar inson ekansan, xalq manfaati yo‘lida harakat qil, toki xalq o‘z xohish-istagi bilan sening xizmatingda bo‘lsin.

Majididdin Xavofiy


Muhtojga yordam berishni ertaga qoldirmang. Zero, sizga yoki unga ertaga nima bo‘lishini bilmaysiz.

Ali ibn Abu Tolib 


Ko‘plar molin berib, mardlik qiladi, Ko‘plar jonin berib, mardlik qiladi.

Abdurahmon Jomiy


Odamlarning tuban  darajalisi  ham  o‘zidan  tubanroq  bo‘lgan   birovga egalik va raislik qilishdan xoli emas.

Abu Rayhon Beruniy


Taroq aslida sochni tartibga solish uchun ishlatiladi-yu, ammo shu bilan birga u sochlarning ba’zilarini joyidan yulib tushiradi.

Abu Ali ibn Sino


Mansabdor boshda shon-shuhratga ega bo‘ladi, oxiri - dorga.

Qozi Ahmad G’afforiy


Zulm ko‘rsa davringda zolimdan el,
O’sha zulm sendan erur, yaxshi bil.

Sa’diy Sheroziy

 
Haqiqat va adolat bilan to‘g‘ri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor bo‘lur.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Shuni bilginki, mamlakatda tartib-intizom va osoyishtalik o‘rnatilishi odil podshohga bog‘liq. Askarlar farovonligi va davlatning gullab-yashnashi uning odilligidan. Fuqarolar podshohning xazinasi hisoblanadi. Xazina bo‘sh bo‘lsa, podshoh kambag‘al bo‘lib qoladi.

Majididdin Xavofiy 


Adolatning faqat bitta surati bor, zulmning bo‘lsa - mingta.

Qozi Ahmad G’afforiy 


Kimningki quzg‘undan rahbari bordir, Uning guzari ham o‘laksazordir.

Abu Abdulloh Rudakiy


Agar adolat himoya qilinmasa, zaif va kuchli odamlar yo‘qolib ketadi. Modomiki, zaiflar qirilib ketar ekan, kuchlilar ham omon qolmaydi. Chunki kishilarning turmushi bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Xullasi kalom, xalqning ahvoli adolatsiz yaxshilanmaydi.

Husayn Voiz Koshifiy


Mardlik kuchda va shamshir o‘ynatish san’atida emas, mardlik o‘zni tuta bilishda va adolatli bo‘lishdadir.

Sa’diy Sheroziy


Qayu xazinaga zulmning bir aqchasi kirsa, ul xazinani yiqmay qo‘ymas.

Poshshoxo‘ja


Tenglik hukm surgan joyda sotqin, aldamchi ehtiroslar, g‘am-g‘ussa bo‘lmaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Ey, birov qasdiga choh qazgan inson,
Oqibat o‘zingga qo‘yasan qopqon.

Jaloliddin Rumiy


Bu dunyo ibratli ishlar va pand-nasihatlarga to‘ladir. Ayni vaqtda ko‘z yoshlariga ham serob.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Sitamgar musulmon odil g‘ayridindan yomonroqdir.

Majididdin Xavofiy


Dema: mingni jangda qirib tashlayin,
Qani, bittaga jon beru mard deyin.

Xusrav Dehlaviy


Ko‘pchilik qonuni vijdon ishida ketmaydi.

Maxatma Gandi


Odamgarchiligi bor mard kishi o‘zidan va o‘ziniki ekanligiga hech kim tortishib o‘tirmaydigan narsadan boshqasiga egalik qilmaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Mazlumlar dilini og‘ritma bir zum,
Balki bir kun o‘zing bo‘lasan mazlum.

Sa’diy Sheroziy


Podshohga yaqin va uning xizmatida bo‘lgan kishilar xorlanish va haqorat eshitishdan nolimasliklari kerak. Suvga tushgan g‘avvos sho‘r suvdan totimay iloji yo‘q.

Abdulloh Muqni’


Adolat butun kamolot majmui bo‘lsa, yomonlik uning aksi, ya’ni butun kamchiliklar majmuidir.

Jaloliddin Davvoniy


Qachonkim shod esang, g‘amlina rahm et,
Agar sulton esang, miskina rahm et.

Hofiz Xorazmiy


Sening najotingga xayrixoh bo‘lmagan kishidan hojatingni so‘rama.

Umar ibn Xattob


Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi faqat qochishdan najot izlaydi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Kimki o‘zini sultonga yaqin tutishga intilsa, mol-dunyosi talon-taroj xavfi ostida qoladi. Kimki undan o‘zini tortsa, shamshirining tig‘iga mubtalo bo‘ladi.

Mu’iniddin Juvayniy


Kim mehr ko‘rgazdi yirtqich bo‘riga,
Sitam-la sho‘r qo‘shdi qo‘yning sho‘riga.

Sa’diy Sheroziy


Agar hokimiyat atrofida adolat hukm surmasa, u inqirozga yuz tutadi.

Abu Bakr al-Xorazmiy


Kimninghojati tushsa, unga ko‘mak berish sizga vojibdir.

Ali ibn Abu Tolib


Muyassar bo‘lsa tillodan senga taxt,
O’zingdan pastga zinhor aytmagil saxt.

So‘fi Ollohyor


Barchaning joniga tegar darajada shafqatsiz va uchragan kimsa seni turtib ketar darajada yuvvosh bo‘lma.

Sa’diy Sheroziy 


Mumkinmi chivinni qilichda chopmoq, Sher nechuk pashshaga urgay shapaloq!?

Xusrav Dehlaviy


Bu ummatga uch narsadan zararliroq narsa yo‘qdir:  pulni yaxshi ko‘rish, boshliq bo‘lishga intilish va sultonlar eshigiga qatnash. Batahqiq, Alloh taolo ulardan chiqish yo‘lini ham ko‘rsatib qo‘ygan.

Abu Hurayra


Sultonning suhbati xatarlidir. Agar unga itoat etsang, diningda xatar bo‘ladi. Agar osiylik qilsang, nafsingga zarar. Yaxshisi, u seni tanimagani ma’qul.

Mahmun ibn Mahron


Diling kuymasin noumidlik bilan, yorug‘ kun tug‘ilgay qaro kechadan.

Sa’diy Sheroziy


Ko‘pincha tenglik tushunchasining adolat bilan aralashganini ko‘ramiz. Insonga ikki, qo‘yga to‘rt oyoq berilishida bir tengsizlik bordir. Ammo adolatsizlik emas. Insonga bunisi, qo‘yga esa unisi yarashadi.

Alouddin Bashar


Gunohlarning zulmdan-da kattarog‘i yo‘qdir... Zolim qilgan zulmi uchun tavba qilsin, zulm bergan kishisidan kechirim so‘rab olsin. Agar qodir bo‘lmasa, uning uchun istig‘for aytsin, duo qilsin.

Abu Lays Samarqandiy


Kim zolimning zulmiga yordam bersa yoki biron musulmon kishining haqqini poymol qiladigan hujjatni unga o‘rgatib qo‘ysa, Allohning g‘azabiga yo‘liqadi va bu ishning gunohi uning ustidadir.

Abdulloh ibn Mas’ud


Iymon ko‘pincha qalbdan o‘lim vaqtida sug‘urib olinadi. Gunohlar ichida iymonni qalbdan eng tez sug‘urib oluvchisi bandalarga yetkazilgan zulm ekan.

Abu Bakr Varroq Termiziy


Zolimning zulmidan ezilgan va qo‘rquv bosgan tuvaloq inida yotgan joyida jon beradi.

Abu Hurayra


Dunyo (yurt) obodligi to‘rtta narsa sababidan: rahbarlar adolati, olimlar ilmi, boylar saxovati, muhtojlar duosi.

Abu Homid al-G’azzoliy


Agar arz so‘raguvchilardan bo‘lmoqni xohlasang, qo‘ling ostidagilarni aziz tutgin.

Jaloliddin Davvoniy


Adolat - odil bo‘lish, zolim bo‘lmaslik, nohaqlik qilmaslik juda ahamiyatli go‘zal axloq turlaridan hisoblanadi.

Mahmud As’ad Jo‘shon


Bir zolim biror kishini xafa qilsa, yig‘latsa-yu, mazlum u zolimga qarshi hech narsa qilolmasa, mazlumning ko‘ngli ozor topgani uchun Haq taolo zolimdan uning haqini oladi.

Ismoil Faqirulloh


Yetim va yo‘qsillarning hayotini o‘ylagan kishining qalbi pokdir.

Muhammad Kamol Pilav

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.