background
logotype
image1 image2 image3

Yettinchi bekat

Usta Mirsobit o‘g‘liga bir xil o‘lchamli taxtachalar tayyorlashni buyurib, kimgadir shoshilib qo‘ng‘iroq qildi. Nimanidir ta’mirlash, bo‘yash uchun zarur bo‘lgan narsalar haqida so‘ragan edi, go‘shakdan javob bo‘ldi:

– Necha marta aytay, usta aka? Yashil rangda! Aynan shu rangdagi soyabon tanlandi, ruxsat berildi, dedim-ku!

– Rahmat, rahmat, baraka toping, – deya telefonni o‘chirarkan, Mirsobit aka hayron bo‘ldi: birov bilan adashtirmayaptimikin, men bu haqda oldin qo‘ng‘iroq qilmovdim shekilli?

Usta o‘g‘lini chaqirib, bir bog‘lam pul uzatdi:

– Eng sifatli, toza yashil rangli bo‘yoq va bekatlar ustini yopish uchun shu rangdagi zarur buyumlardan olib kel.

– Adajon, buncha tez? Buyurtmachi kattalardanmi, a?

– Ha, o‘g‘lim, u juda ulug‘ zot. Aytilganlarni zudlik bilan top, o‘g‘lim...

O‘g‘il bozordan tez qaytdi. Yashil plastmassali yopqich maxsus buyurtma bilan tayyorlanar ekan, unga pul yetmay qolibdi.

Ota yana ikki bog‘lam pul chiqardi. Shundan so‘ng uning barcha aytganlari kechgacha muhayyo bo‘ldi. Hammasi tayyor bo‘lganini ko‘rib, otaning ko‘ngli joyiga tushdi va o‘g‘liga:

– Bir oz damingni ol, ish kiyimlaringni tayyorlab qo‘y. Yarim kechada uyg‘otaman. Ukangni ham yordamga olib ketamiz. Kechasi bilan ishlaymiz, – dedi.

Usta oromkursiga yonboshlaganicha bu ishlarga undagan o‘sha mav’iza haqida o‘yladi. Sal hushyorroq bo‘lganida-ku, bu ishlarni ilgariroq ham qilsa bo‘lardi. Biroq bu safar masjid imomi turtki berdi.

Juma namozi mav’izasida imom halol yo‘l bilan topilgan mol-mulkdan Haq yo‘lida el-yurt uchun xolis, minnatsiz xayrli ishlar qilish lozimligi, undan bu dunyoda insonlar bahra olsa, savobi qiyomatgacha shu odamga yetib turishini tushuntirgan edi.

Mav’izani tinglar ekan, ustaning badani jimirladi, negadir o‘zidan-o‘zi xijolat torta boshladi. Ko‘z oldiga ishxonasi yonidagi “Lolazor” bekati keldi. Zero, bu yerda o‘tirg‘ichlar taxtasi yo‘qligidan qariyalar, xasta kishilar beton yo‘lakda tik turib, avtobus kutishga majbur bo‘layotganlariga usta ham necha bor guvoh bo‘lgan. “Shu bekatni ta’mirlab qo‘ysak yomon bo‘lmas ekan”, degan fikr xayolidan ham o‘tgandi. Ammo kunlik yugur-yugurlar bilan bo‘lib, esidan chiqib ketibdi...

Mirsobit ustaning o‘n besh yil oldin kichik bir charxi bor edi, xolos.

Bugun esa usta Mirsobit imom-xatib o‘gitiga amal qilib, to‘kis hayot shukronasiga farzandlari bilan kechasi ishlab, muborak hayit tongi otishiga hamshaharlariga ajoyib tuhfa hozirlamoqchi...

U ana shunday shirin xayollar bilan uyquga ketdi. Usta uyg‘onganida soat millari tungi o‘n ikkini ko‘rsatardi. U shoshilganicha o‘rnidan turib, o‘g‘illarini chaqirdi. Buyurtma berilgan yuk mashinasi allaqachon kelib, kutib turgan ekan. Unga chiqishib, “Lolazor” bekatiga yetib kelishdi. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rishsin, bekatdagi o‘rindiqlar ta’mirlangan, rezina yopqichi ham yangilangan edi.

Bu savobtalab birodarlaridan birining ishi ekanini darhol fahmladi.

Ota-bola ustalar keyingi bekatga yetib kelishdi. Ammo bunisi ham xuddi oldingisidek ta’mirlangan edi. Ular navbatdagisiga shoshilishdi...

Xullas, dahadagi ketma-ket olti bekat to‘la ta’mirlanib, yo‘lovchilarning havasi keladigan darajaga keltirilgan edi.

Buni beminnat xizmat desa bo‘ladi, – pichirladi usta, – men nodon niyatimni nog‘ora qoqib, hammaga dovruq qildim, mana oqibati. Aslida, pulini naqd berib, hech kimga ovoza qilmay, boshqa usta yollasam ham bo‘larkan.

Nihoyat, ular oxirgi – yettinchi bekatga ham yetib kelishdi. Xayriyat, bekat ta’mirtalab ekan! Usta xonadoni – ota-bolalar yeng shimarib, ishga kirishdi. Nihoyat, bu bekat ham risoladagidek bo‘ldi. Ustalar erkin nafas olganlaricha dastgohlarini yig‘ishtirishdi. Bir ozdan so‘ng bomdod azoni eshitildi.

Rauf Rahim Baxmaliy

“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 8-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.