background
logotype
image1 image2 image3

“Ramazonni to’xtatma”

Sh’abon oyi oxirlab, muborak Ramazonga bir-ikki kun qolgan, Xayriniso yeti yoshli qizi Mehrinisoga Ramazon oyi fazilatlarini o’rgatib o’tirardi. 
- Ishqilib, ikkivoning olim bo’lib ketmasang edi, - degan kesatiq eshitildi. Qizaloq ostonada mastligidan chayqalib turgan otasini ko’rishi bilan qo’rqibgina qo’shni xonaga o’tdi.
Erining oyoq kiyimlarini yechishga ko’maklashar ekan, Xayriniso bo’g’zida turgan alamni chiqarmaslikning ilojini topmadi:
- Ramazonga atigi ikki kun qolgan bo’lsa, bu nima ahvol? Odamlar muborak Ramazonni qanchalar intiqlik bilan kutadi. Sizda Allohdan zarracha qo’rquv, insof bormi?
- Ey, tovuqmiya xotin! Sen menga musulmonchilikni o’qitma! Ramazonda umuman ichmaslik kerakligini bilaman. Shu sabab bugun rosa to’yib ichib oldim. Bir oy ichmasdan yurishning o’zi bo’ladimi?
Xayrinisoning lablari pichirladi:
-Astag’furulloh!..
Muborak Ramazon boshlandi. Barcha musulmonlar qatorida ota, ona va qiz ro’za tuta boshlashdi. Oilada doimgi urush-janjal yo’q, tinchlik-totuvlik va xursandchilik. Ota ishdan vaqtida qaytadi. Birgalikda iftorlik qilishadi. Ammo namozga ona bilan qizigina turishadi.
Ota onasidan keyin ham joynamozdan turmay, nimalarnidir pichirlayotgan yolg’izgina qiziga mehr bilan termulib o’tiraverardi. Har kuni takrorlanayotgan bu holat unga erish tuyuldi. Endigina yeti yoshga to’lgan qizning nimalar deb zorlanayotganiga qiziqardi.
Ramazonning so’ngi kunlaridan birida ota qizining joynamoz ustida o’ksinib-o’ksinib yig’layotganidan cho’chib sekingina yaqinlashib quloq tutdi. U yig’lab-yig’lab duo qilardi: “Allohim, Ramazonni to’xtatma… Dadajonim ichmasin… Ramzonni to’xtatma… Ramzonni to’xtatma…”
Ayolining yoniga qaytgan er titrab zorlanib dedi: “Xayri, endi ichmayman. Manga ham namozni o’rgat!”
Ertasidan bu mo’jazgina xonadonda yan bir joynamoz to’shaldi.

Gulbahor Abdulloh qizi

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.