background
logotype
image1 image2 image3

Chuv tushgan usta

U chindan ham o‘z ishining ustasi edi. Ammo oilasi kattalashib, ehtiyoji ortib borgani kasbini o‘zgartirishi kerakligini o‘ylab qoldi. Ishlab turgan joyidan bo‘shasa, qo‘liga kattagina pul tegadi, biror boshqa narsa boshlashi mumkin. Shularni o‘ylab, yoshi katta bo‘lib qolgani, endi uy qurish og‘ir kelishini aytib, ishdan bo‘shamoqchiligini bildirganida boshlig‘i bir shart bilan rozi bo‘ldi: «Menga ketishingizdan avval yana bir yaxshilik qilasiz – mana shu rejaga asosan uy qurib berasiz».

«Mayli», dedi usta va ishga kirishdi. Ammo, qancha urinmasin, oldingilari singari shavq, mehr bilan ishlolmadi. Boshqa payt bo‘lsa eng sifatli mahsulotlardan foydalangan bo‘lardi, biroq... Xullas, «Mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida qurib, bitkazdi uyni.

Boshliq uyni ko‘rgani keldi va qo‘lidagi kalitni tut­qazdi: «Bu uy sizga mendan hadya!» Usta qotib qoldi. Nima qilib qo‘ydi? Koshki uy o‘ziniki bo‘lishini bilganidaydi... shunday qurarmidi?!

Qissadan hissa. Biz ham shunday – kunma-kun hayotimizni qurib boramiz. Aksariyat paytlar, qodir bo‘lib, quvvatimiz yetgani holda, amallarimizda hafsalasizlik qilamiz. Keyin esa qurgan uyimizda o‘zimiz yashashimizni bilgach, pushaymon chekamiz. Ortga qaytishning imkoni bo‘lsaydi, aslo bunday qilmasdik. Ammo, eng yomoni, orqaga yo‘l yo‘qligidir.

Demak, har birimiz ustamiz. Har kuni bir mix qoqamiz, bir devor tiklaymiz. Bugun qilayotgan ish-harakatlarimiz, tanlovlarimiz bilan o‘zimiz uchun uy tiklab boramiz. Yaxshi uyda yashashni istasak, har qadamda diqqatli bo‘lishga majburmiz.

Aslo sitam ko‘rmagandek seving!

Pulga ehtiyojingiz yo‘qdek ishlang!

“Irfon” taqvimining 2012 yil 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.