background
logotype
image1 image2 image3

Bir qultum suv qadri

Kunlarning birida mashhur hukmdor Horun ar-Rashid safarga chiqdi. Yonida xodimlaridan Ibn Sammok bor edi. Yo‘lda juda chanqagan hukmdor suv so‘radi. «Xudo haqqi, biroz sabr qiling», dedi Ibn Sammok. Keyin ko‘zada suv uzata turib qaytib oldi va: «Faraz qiling, ushbu suvdan man qilindingiz, uni ichish uchun nimangizni berardingiz?» deb so‘radi.

– Bor mulkimning yarmini bergan bo‘lardim.

Hukmdorning tashnaligi qonganidan keyin xodim yana so‘radi:

– Mana, suvni ham ichdingiz. Endi Rasululloh (s.a.v)ga yaqinligingiz hurmati, ayting, o‘sha suv vujudingizdan qaytib chiqmadi (ya’ni, peshobingiz tutilib qoldi) deylik, unda nima qilardingiz?

– Mulkimning qolgan yarmini berardim.

Shunda Ibn Sammok asl maqsadini so‘zladi: «Bir qultum suv va uni chiqarib tashlashga ham arzimaydigan mol-mulk uchun o‘zini tahlikaga otish, talashib-tortishish, unga ega bo‘lib quvonish aqlli odamga yarashmaydi». Bu so‘zlardan Horun ar-Rashid qattiq ta’sirlandi va yig‘ladi.

Mohidil Faxriddinhoji qizi tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2012 yil 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.