background
logotype
image1 image2 image3

Allohning fazli va rahmati

Vosila ibn Asqo’, roziyallohu anhu, rivoyat qiladi: “Ramazon oyi keldi. Biz ahli suffa ham ro‘za tuta boshladik. Har oqshom iftor vaqti kirishi bilan Aqobada bay’at bergan ansorlar kelib har qaysisi bir kishidan bizni iftorlikka olib ketishardi. Bir kuni hech kim kelmadi.  Ro‘zamizni ocholmay uxladik, saharlik ham qilmadik. Ertasi kuni ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, ahvolimizni janobi Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, bildirdik. Ul zot bizga nihoyatda qayg'urib, biror yegulik bormi, deya ayollaridan birma-bir so‘rattirdilar. Biroq ularning hammalari bunga:
— Alloh nomiga qasamki, bizda yegulik hech narsa yo‘q, — deb javob yubordilar.
Shunda Nabiy, sollallohu alayhi va sallam, to‘planishimizni buyurdilar va biz to‘plangach:
— Allohim, Sendan fazl va rahmat  so‘raymiz. Zero, rahmat yolg‘iz Sening qo‘lingdadir va Sendan o‘zga rahmat sohibi yo‘qdir, — deya duo  qildilar. 
Biz “Omin”, dedik. 
Oradan ko‘p o‘tmay, bir joydan bizga bir qo‘yning qovurilgan tanasi va shunga yarasha non keldi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qani, olinglar, yenglar, — dedilar.
Biz to‘ygunimizcha yedik.  Shundan so‘ng Sarvari koinot, sollallohu alayhi va sallam, shunday deb marhamat qildilar:
— Biz Alloh taolodan uning fazilati va rahmatini ham tilagan edik. Bu bergani Uning fazlidir. Shubha yo‘qki, biz uchun rahmatini ham saqlab qo‘yibdi”.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.