background
logotype
image1 image2 image3

Hayvonlarga zulmdan qaytariqlar

Abdulloh (r.a.) bunday deydilar: «Bir mahal men bir ilonni o‘ldirmoqchi bo‘lib ta’qib etayotgan edim. Abu Luboba menga: «Uni o‘ldirma», deb qichqirdi. Men «Axir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilonlarni o‘ldirmoqqa amr qilganlar-ku», dedim. U: «Shundan keyin u zot xonaki (oq) ilonlarni o‘ldirmoqdan qaytarganlar, ular uylarda yashovchi jinlardir», dedi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Hishom ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Men Anas bilan birga Hakam ibn Ayyubning huzuriga kirdim. Anas bir guruh bolalarning bir tovuqni bog‘lab qo‘yib toshbo‘ron qilayotganlarini ko‘rib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jonivorlarni ushlab olib (qiynamoqdan) qaytarganlar», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Yazid rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  birovning  molini  o‘g‘irlamoqdan     (tortib  olmoqdan)  hamda jonivorlarga azob bermoqdan qaytarganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) molning yuziga belgi qo‘ymoqlikni rad etib: «Janob Rasululloh molning yuziga tamg‘a bosmoqdan qaytarganlar», dedilar.
 (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobir ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maxluqlar yuziga tamg‘a bosishdan va yuziga urmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jonivorlarni (hayvon va qushlarni) nishon qilib o‘q otishdan qaytarganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni bir-biri bilan urishtirishdan qaytardilar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdul Malih otasidan shunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam  yirtqich hayvonlar terisini  yerga to‘shashdan  va uni iste’mol qilishdan (ishlatishdan) qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam erkak hayvonni (urg‘ochi hayvonni qochirib olish uchun) ijaraga berib haq olishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Hech kim birovning sog‘in hayvonini egasining ruxsatisiz sog‘masin! Birontangiz ichimlik manbaingiz birovning qo‘liga o‘tmog‘ini, (ya’ni) xazinangiz (eshigi) sindirilib, boyligingiz olib ketilmog‘ini istaysizmi? Darhaqiqat, odamlarning sog‘in hayvonlari yelini ular uchun rizq-ro‘z manbaidir. Shu bois hech kim birovning sog‘in hayvonini egasining ruxsatisiz sog‘masin!»
(Imom Buxoriy rivoyatlari)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.