background
logotype
image1 image2 image3

«Isroiliyot» nima degani?

SavolIslomiy kitoblarning birida «Isroiliyot»degan so‘zni uchratib qoldimU nima degani?

JavobYahudiylar va nasroniylardan o‘tib qolgan oldingi ummatlarning va nabiylarning qissalaridan so‘zlovchi rivoyatlar «Isroiliyot», deyiladi. Tavrot va Injilda vorid bo‘lgan xabarlar qisman Qur'oni karimda ham zikr etilgan. Masalan, Odam alayhissalom va uning Yerga tushishi qissasi, Muso (a.s.) bilan qavmiga tegishli naqllar, Iso (a.s.) va onalari Maryam haqidagi rivoyatlar va hokazolar shular jumlasidandir. Bularning hammasi Qur'oni karimda va'z va ibrat uchun muxtasar holda bayon etilgan. Keyinchalik musulmonlar ana shu muxtasar xabarlar tafsilotini avvalgi ummatlarning rivoyatlarida ko‘rishgan va ularni o‘rganishgan, iqtiboslar olishgan. Lekin bu ma'lumotlarlarning ishonchliligiga ko‘p ham e'tibor qilishmagan. Vaholanki, Alloh taolo ahli kitoblar o‘zlariga nozil qilingan Kalomni o‘zgartirib yuborganlarini Qur'onning bir necha o‘rinlarida ma'lum qilgan. Musulmonlar isroiliyotlarga yengillik va e'tiborsizlik bilan qaraganlari uchun ular tafsir kitoblarining ko‘piga kirib qolgan.

Isroiliyotlarning masdari asosan to‘rt kishi nomi bilan bog‘liq. Bular: sahobiy Abdulloh ibn Salom (r.a.), tobe'inlar - Ka'b ul-Axbor, Vahb ibn Munabbah hamda Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayjlardir.

Ulamolar isroiliyotlarni uch qismga ajratganlar:

1. Maqbul xabarlar. Ularning sahihligi Payg‘ambarimizning (s.a.v.) hadislari orqali bilingan. Masalan, avvalgi Kitoblarda zikr etilgan Xizr (a.s.) nomi Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda ham kelgan.

2. Sukut qilinadigan xabarlar. Ularning rost yoki yolg‘onligi ma'lum emas. Bu turdagi rivoyatlarni nasihat va ibrat uchun loyiq bir suratda hikoya qilish joiz. Lekin ularning sahihligiga iymon keltirmaymiz, yolg‘onga ham chiqarmaymiz.

3. Inkor etiladigan xabarlar. Ular dinimizga va sog‘lom aqlga xilofdir. Masalan, Isoning (a.s.) xochga mixlangani haqidagi rivoyatlar. Bu xabarlarni tasdiqlash, qabul etish, rivoyat qilish mumkin emas. Biron zarurat bilan naql etilganda unga izoh berish vojib. Ko‘pgina tafsirlar ana shu ishonchsiz xabarlar tufayli sahihlik darajasini yo‘qotgan.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.