background
logotype
image1 image2 image3

Tahorat olishning o‘ziga xos tartib va odoblari bor ekan. Ular qaysilar?

SavolTahorat olishning o‘ziga xos tartib va odoblari bor ekanUlar qaysilar?

JavobEng avvalo tahorat uchun toza suv topish kerak bo‘ladi. Suvlar shariat nuqtai nazaridan uch turlidir:

Birinchisi - tohir va tahur, ya'ni toza va toza etuvchi;

Ikkinchisi - tohir, lekin tahur emas;

Uchinchisi -harom.

Birinchi tur suvlarga tabiiy holidan o‘zgarmagan va biror narsa qo‘shilmagan daryo, dengiz, ko‘l, ariq, osmon va quduq suvlari kiradi. Bu suvlarga ular miqdoridan ko‘p bo‘lgan toza narsa aralashsa yoki oz bo‘lsa-da, qo‘shilishi bilan nomi o‘zgarsa (masalan, choy, qahva, sho‘rva), tahurlik sifati yo‘qoladi.

Ikkinchi tur suvga obi musta'mal, ya'ni ishlatilgan suv kiradi. Tahoratga ishlatilgan suv obi musta'mal bo‘lib, qayta ishlatishga yaroqsizdir. 10x10 ziro' hajmdan kam miqdordagi idish yo havzalardagi suvga ozgina najas tushishi bilan harom bo‘lib qoladi. Mazkur miqdordan katta hajmdagi idish yo havzalardagi suvlarga, oqar suvlarga ham najas tushib, uch sifati - ta'mi, hidi, rangidan birini o‘zgartirsa, bu suvlar harom, ishlatishga yaroqsiz bo‘ladi. Tahorat va g‘usl uchun faqat tohir va tahur bo‘lgan suvgina yaroqlidir.

Tahorat olish uchun shunday joy tanlash lozimki, quyilgan suv yerdan kiyim-boshga sachramasin. Zero, poklanish uchun tahorat qilaturib, kiyim-boshni bulg‘ab olish mantiqqa zid. Halo va istinjo qilgan joyda tahorat qilish yaramaydi. Yuzni qiblaga qilib tahorat olish odobdandir. Tahorat olishni boshlashdan avval ikki qo‘l yenglarini tirsaklardan o‘tkazib shimarib olish lozim. Niyat qilish va tasmiya («Bismillah...») aytish tahoratning sunnatlaridandir. Obdastada tahorat qilinsa, obdasta chap qo‘l bilan ushlanadi. Tahoratda misvok ishlatish ham sunnat amallardandir.

Tahorat qilishda bajarilishi lozim bo‘lgan amallar uzluksiz, ya'ni bir joyda, o‘rtaga boshqa ishlar qo‘shmay bajarilishi kerak.

Quyoshda isigan suv bilan tahorat qilish makruhdir. Oqar suvlardan tahorat qilinganda og‘iz va burun suvlari ariqqa tashlanmaydi. Tahorat qilishda behuda so‘zlarni so‘zlamaslik lozim.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.