background
logotype
image1 image2 image3

Fitr sadaqasi nima va uni kimlarga berish lozim?

Savol: Fitr sadaqasi  nima va uni kimlarga berish lozim?

Javob: Fitr sadaqasi Ramazon oyida beriladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hijratning ikkinchi yili fitr sadaqasi berishni buyurganlar. Buning qator hikmatlari bor:

1. Ramazon hayitidek ulug‘ kunda faqirlarni tilanchilik qilish iztirobidan qutqarish;

2. Barcha musulmonlar shod-xurram bo‘lgan bayram kuni faqirlarni xursandlik va farog‘atga erishtirish;

3. Ro‘za tutib vujudini poklagan kishining molini ham poklashi;

4. Ro‘za davomida ehtimolan yo‘l qo‘yilgan ba'zi xatolarning to‘g‘rilanishi;

Fitr sadaqasi zaruriy ehtiyojlaridan ortiqcha kumush nisobi miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan  musulmonga vojibdir. Mazkur nisob miqdoridagi mulkning ko‘payuvchi bo‘lishi  yoki oradan bir yil o‘tgan bo‘lishi shart emas.

Ramazon hayitining birinchi kuni tong otishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Bu vaqtdan avval vafot etgan yoki faqir bo‘lib qolgan, (tong otganidan) so‘ng musulmon bo‘lgan, tug‘ilgan yoki badavlat bo‘lgan kishiga fitr sadaqasi vojib emas.

Fitr sadaqasini hayit kunidan avval yoki keyin berish joizdir. Hayit namoziga chiqmasdan avval berish mustahabdir. Fitr sadaqasining berilishi vojib bo‘lgach, mulkning yo‘qolishi fitr sadaqasini berish majburiyatini bekor qilmaydi.

To‘rt (xil) narsani fitr sadaqasi qilib berish mumkin: bug‘doy, arpa, xurmo, mayiz yoki shuning miqdoridagi mablag‘.

Bug‘doydan, bug‘doy unidan yoki qovurilgan bug‘doy unidan yarim so' - 1,664 kg, arpa, xurmo va mayizdan bir so' yoki 3,328 kg. berilishi lozim.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.