background
logotype
image1 image2 image3

Insondan chiqadigan suyuqliklar hukmi

SavolInsonning oldidanu erkak yo ayol bo‘ladimiturli suyuqliklar chiqadiAmmo ko‘pchilikularning nomlari va hukmlarini bilmaydiBu suyuqliklarning turlari va shar'iy hukmlari bayonetib berilsafoydadan xoli bo‘lmasdi.

JavobInson oldidan to‘rt xil suyuqlik chiqadi:

Birinchisi - maniy (urug‘)dir.

Alloh taolo maniydan insonni yaratadi.

Toriq surasining 5-7-oyatlari mazmuni shunday: «Inson qanday narsadan yaratilganini o‘ylasin! U erkak pushti va ayol ko‘kragidan chiquvchi va rahmga qo‘yilguvchi suyuqlikdan yaratilgan».

Qiyomat surasining36-40-oyatlari mazmuni shunday: «Inson o‘zini erki o‘ziga tashlab qo‘yilgan deb hisoblaydimi? U rahmga qo‘yilgan maniydan bir qatra emasmidi? U so‘ng qatradan qon bo‘ldi. Alloh taolo uni yaratdi va go‘zal o‘lchamda qildi. U maniydan juftni - er va ayolni yaratdi. Bu ishlarni qilgan Zot o‘lganlarni tiriltirishga qodir emasmi?»

Shubhasiz, qodirdir.

Erkakdan chiqqan maniy ko‘pincha quyuq, oqish tusli bo‘ladi va otilib shahvat bilan chiqadi. Ho‘l vaqtidagi hidi xamir hidiga, quriganidagi hidi tuxum oqining hidiga o‘xshaydi.

Ayoldan chiqqan maniy suyuq, sariq rangda, agar ayolning g‘ayrati kuchli bo‘lsa, goho oq rangda bo‘ladi.

Erkak va ayoldan maniy chiqsa, maniy chiqishi qo‘shilishdan, ehtilomdan va shunga o‘xshash sababdan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi.

O'smir bola va qizdan maniyning chiqishi balog‘atga yetish alomatlaridan biridir. Balog‘atga yetgan o‘smir va qizga barcha shar'iy hukmlarni bajarish vojib bo‘ladi.

Ikkinchisi maziydir.

Maziy sariq rangli, ko‘pincha suyuq bo‘ladi. U katta yoshdagi erkak va ayoldan shahvatlari qo‘zg‘aganda otilmay chiqadi. Uning chiqqanini kishi hatto sezmay ham qoladi. U erkaklardan ko‘ra ayollardan ko‘proq chiqadi.

Maziy najasdir. U badan yo kiyimga tegsa, yuvish lozim. Maziy tahoratni sindiradi. Lekin maziy chiqsa, g‘usl vojib bo‘lmaydi.

Uchinchisi vadiydir.

Vadiy loyqa rang yo oq, quyuq bo‘ladi. U ko‘pincha ich qotganida siydikdan so‘ng yo og‘ir ko‘targanida yoshu qari, erkagu ayoldan chiqadi.

Vadiy ham siydik kabi najasdir. Tahoratni sindiradi. Kiyim va badanga tegsa, yuvish vojib bo‘ladi. Vadiy chiqqanida g‘usl vojib emas.

Vadiy maniyga o‘xshaganidan ko‘p kishilar uni maniy, deb o‘ylaydi. Hatto ba'zilar u chiqqanida g‘usl ham qiladi. Bu xatodir. Din ahkomlarini bilmaslik oqibatidir.

To‘rtinchisi siydikdir.

Siydik hamma biladigan suyuqlik. U ham najasdir. Tahoratni sindiradi, ammo g‘uslni vojib qilmaydi. Undan kiyim-boshni toza tutish vojibdir. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollalahu alayhi vasallam ikki qabr oldidan o‘tganlarida aytdilar: «Bu ikkisi azoblanmoqda». «Katta gunoh sababidan azoblanmoqdalarmi?» deb so‘ralganida, «Ha, u katta gunoh. Ulardan biri chaqimchilik qilib yurardi, ikkinchisi siydigidan saqlanmas edi», dedilar».

Shuning uchun bo‘shanishdan so‘ng siydikdan yaxshilab tozalanish, ya'ni siydik yo‘llarini poklash lozim bo‘ladi. Bu ish ayollarga yengil. Ular bo‘shangan zahotilari turib ketmay, ozroq kutib, so‘ng farjini yuvishlari kerak. Ammo erkaklarga o‘zlarini siydikdan tozalash sabr va bilimni talab qiladi. Erkaklar bo‘shanganlaridan so‘ng siydik yo‘lida qolgan siydik tomchilari chiqib ketgunicha moyaklari ortidan zakar uchiga qarab bir necha bor sidirib silashlari kerak. Bu ishni bir necha qadam yurish yo qimirlash yo yo‘talish bilan bajarsa ham bo‘ladi. Siydik yo‘lida tomchilar qolmagach, zakar yuviladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.