background
logotype
image1 image2 image3

Bola go‘dakligida vafot etsa...

Savol: Yigirma bir yoshimda ikki farzandimdan ajradim. Ammo sabr qildim, onalik baxtiga musharraf etgani uchun Allohga hamdlar aytdim. Bola go‘dakligida olamdan o‘tsa, ota-onasi uchun Allohdan shafoat tilab jannat eshigi yonida ularni kutib turar ekan, deb eshitdim. Shu gapda asos bormi?

Javob: Farzandlari chaqaloqligida o‘lib ketgan ota-onalar uchun do‘zax o‘ti haromligi, ular albatta jannatga tushishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Shulardan ayrimlarini keltiramiz.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimning uchta bolasi vafot etsa, bu Alloh taoloning irodasi, deb sabr qilsa, ana shu sabri uchun Allohdan savob umidida bo‘lsa, u albatta jannatga kiradi", deganlarida biz: "Ey Rasululloh, agar uning ikkita bolasi o‘lib, shunga sabr qilgan bo‘lsa-chi?" deb so‘radik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikkita bo‘lsa ham", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qaysi bir musulmon kishining uchta farzandi o‘lgan bo‘lsa, do‘zax o‘ti unga tegmaydi", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar biror bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: "Bandam farzandining ruhini oldinglarmi?" deydi. Ular: "Ha", deb javob berishadi. So‘ng Alloh: "Qalbining mevasini qabz qildinglarmi?" deydi. Farishtalar yana: "Ha", deb javob berishadi. "Bandam nima dedi?" deb so‘raydi Alloh taolo. Farishtalar: "Senga hamd va istirjo' aytdi", deyishadi. Shunda Alloh taolo: "Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni "hamd uyi" deb atanglar", deydi (Imom Termiziy rivoyati).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.