background
logotype
image1 image2 image3

Kelinga beriladigan mahr bilan qalin pulining nima farqi bor?

Savol: Kelinga beriladigan mahr bilan qalin pulining nima farqi bor?

Javob: Islomda qalin umuman yo‘q, balki qalindan tubdan farq qiladigan «mahr» bor. Mahr - o‘zi rozi bo‘lib oila qurishga ixtiyor qilgan qizga kuyovning ko‘nglidan chiqarib beradigan hadyasi, sovg‘asi. Ehtimol, u tilla taqinchoqlar bo‘lar, balki chiroyli ko‘ylaklar yoki javon bo‘lar - buni kelin-kuyovning o‘zlari belgilashadi. Bu - kelinning shaxsiy daxlsiz haqi, mulki bo‘ladi. Ota-onasi, yaqinlari bunga aslo aralasholmaydi yoki egalik qilolmaydi ham. Mahr belgilashdan maqsad - bo‘lajak kelinlarimizni hurmatlash, e'zozlash, ular shunday sovg‘alarga, xursandchilikka sazovor shaxslar ekanini tasdiqlashdir. Shuningdek, bu - nikohdan o‘tib halol turmushga qadam qo‘ygan baxtli kunlaridan bir yodgorlik hamdir. Qolaversa, mahr - kelinning o‘z ota-onasi uyini tark etib, bo‘lajak oilasiga ko‘chib borishga, o‘zi nikohdan o‘tayotgan kishi bilan ahli ayol sifatida yashashga rozi bo‘lgani uchun chin ko‘ngildan beriladigan sovg‘adir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday buyuradi: «Xotinlaringizga mahrlarini hadya kabi (ya'ni, chin ko‘ngildan, mamnunlik bilan) beringiz!» (Niso surasi, 4-oyat).

Lekin bugungi kunda Islomning ana shu ajoyib an'anasiga rioya qilinmayapti. Ba'zi joylarda «sut puli», ba'zi yerlarda «qalin puli» deb nomlangan, aslida o‘zi bid'atdan iborat bo‘lgan oldi-berdilarning Islom dini belgilab bergan mahrga hech qanday aloqasi yo‘q.

Mahr ham me'yordan, haddidan oshmasligi kerak. Rasululloh (s.a.v.): «Mahri oz kelinning barakoti ko‘p bo‘ladi», deganlar. Mahrning yuqorisi yo‘q - kuyovning imkoniga, ko‘nglidan chiqqaniga qarab belgilanadi. Qizimizni «qimmatroqqa sotish»ni o‘ylamay, buning o‘rniga unga Allohdan baxt-saodat, qo‘sha-qo‘sha farzand, oilasiga qut-baraka so‘rab, duoda bo‘lishimiz a'lo emasmi?!

Yana bir noto‘g‘ri holat borki, nikoh paytida qizning mahrini aniq belgilamay, «Mahriga bitta uy va ayvon, sigiri bilan», deb qo‘yish odatga kirgan. Buni kelin-kuyov tushunmaydi ham. Oqibatda kelinlarimizning haqqi poymol qilinadi. Nikoh paytida guvohlar ishtirokida mahrni aniq belgilab, kuyovga uni esdan chiqarmaslikni ta'kidlab qo‘yish kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.